Jamiyat
Toshkentda issiq suvdagi zang holatlari tekshiriladi
Veolia Energy agar issiq suv sifati tashqi tarmoqlardagi nosozliklar bilan bog‘liq ekani tasdiqlansa, belgilangan tartibda to‘lovlarni qayta hisoblash masalasi ko‘rib chiqilishi haqida xabar berdi.
Sun’iy intellekt chizgan surat
Veolia Energy Tashkent kompaniyasi issiq suv rangining vaqtincha o‘zgarishi bilan bog‘liq murojaatlar bo‘yicha issiqlik tarmoqlari va tugunlari holatini tekshirish ishlarini davom ettirmoqda.
Qayd qilinishicha, fuqarolarning shu mazmundagi barcha murojaatlari ro‘yxatga olinadi va boshqaruv kompaniyalari, MJTK va bevosita boshqaruv vakillari bilan birgalikda uylar texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
«Agar issiq suv sifati tashqi tarmoqlardagi nosozliklar bilan bog‘liq ekani tasdiqlansa, belgilangan tartibda to‘lovlarni qayta hisoblash masalasi ko‘rib chiqiladi. Qayta hisob-kitob uchun asos bo‘lib, kompaniya vakili va iste’molchi tomonidan birgalikda tuzilgan, aniqlangan og‘ishlarning xarakteri va davomiyligini qayd etgan dalolatnomalar xizmat qiladi. Ushbu dalolatnomalar imzolangach, ular tuman bo‘limiga topshiriladi va shu asosda hisob-kitoblar belgilangan tartibda qayta ko‘rib chiqiladi», deyiladi xabarda.
Poytaxtning qator tumanlarida issiq suv ta’minotida zangli suv kelishi avval ham aniqlangan edi. Veolia buni isitish mavsumiga tayyorgarlik bilan izohlab, murojaat qilgan iste’molchilar bilan dalolatnoma asosida qayta hisob-kitob etilishini ma’lum qildi.