Jamiyat
Toshkentda avtobusda ayolga jinsiy a’zosini ko‘rsatib, shilqimlik qilgan erkak 15 sutkaga qamaldi
50 yoshli erkak 93-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan avtobusga chiqib, ayol yonidagi o‘rindiqqa o‘tirgan. Avvaliga ayolning qo‘liga tegingan, so‘ngra jinsiy a’zosini ko‘rsatib, unga shahvoniy shilqimlik qilgan.
Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan illyustrativ surat
Toshkent shahridagi avtobus ichida ayolga shilqimlik qilgan erkak ma’muriy jazoga tortildi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, 50 yoshli T.S. 23 iyun kuni ertalab 93-sonli yo‘nalishda harakatlanadigan avtobusga mingan. U avtobus ichida yonida o‘tirgan ayolga jinsiy a’zosini ko‘rsatib, shahvoniy shilqimlik qilgan.Qo‘rqib ketgan ayol baqirib, haydovchidan yordam so‘ragach, erkak avtobusdan tushib ketishga uringan. Ammo haydovchi eshiklarni ochmagan.
T.S. sudda aybiga iqrorlik bildirgan. U mast holatda bo‘lgani uchun uyatli harakatlar qilganini eslay olmasligini, ichki ishlar binosiga olib kelishganidan keyin o‘zini anglay boshlaganini aytgan.
Jabrlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida shunday degan:
“23 iyun kuni soat 7:45 larda avtobusda menga notanish erkak yonimga kelib o‘tirdi va qo‘li bilan qo‘limga tegindi. Shunda o‘zimni undan uzoqlashtirish uchun chekkaroq surildim. Keyin T.S. o‘zining jinsiy a’zosini ko‘rsatdi. Qo‘rqib baqirib yubordim, haydovchidan yordam so‘radim. T.S. qochib, avtobusdan tushib ketmoqchi bo‘ldi, lekin haydovchi eshiklarni ochmadi. Shunda T.S. haydovchini uyatli so‘zlar bilan so‘kib, avtobus eshiklarini ochishga urindi. Lekin qochib ketolmadi. Shundan so‘ng voqea joyiga ichki ishlar xodimlari keldi”.
Ayol suddan huquqbuzarga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.
JIB Bektemir sudining qarori bilan T.S. MJtKning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismi, 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etishda aybli deb topildi. Unga 15 sutka ma’muriy qamoqqa jazosi tayinlangan.
Avvalroq Toshkentda amaliyotchi talaba qizlarga shilqimlik qilgan shifokor 5 sutkaga qamalgandi.