Jamiyat
Toshkentda 2,5 mlrd so‘mlik sifati noma’lum dorilar aniqlandi
Toshkent shahrida 2,5 mlrd so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Olmazor tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda shubha ostiga olingan fuqaro A.Yu.ning yuk tashuvchi avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, avtotransport vositasi yukxonasidagi yem mahsulotlari ostiga yashirilgan sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan va davlat reyestrida qayd etilmagan 156 turdagi 2,5 mlrd so‘mlik dori vositalari borligi aniqlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Ushbu modda sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish va boshqalarni nazarda tutadi.
Avvalroq Farg‘ona viloyatida DXX, bojxona va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qo‘qon shahriga yo‘l olgan «xavfli yuk» to‘xtatib qolingandi.
Jamiyat
O‘zbekistonning «ochiq» va «yopiq» tashkilotlari e’lon qilindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi «ochiq» va «yopiq» davlat tashkilotlari ro‘yxatini e’lon qildi.
Prezident Farmoniga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligi 2022-yildan boshlab har yili «Ochiqlik indeksi» asosida baholab kelinmoqda.
2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan bu yilgi baholashda 97 ta vazirlik, idora, muassasa va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olindi. Baholash jarayoni 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida amalga oshirildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 66 ta davlat organi «yashil», 22 tasi «sariq» va 9 tasi «qizil» samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etdi.
2022-yildagi, ya’ni ilk baholash ko‘rsatkichlari bilan taqqoslaganda «yashil» toifadagilar 3,5 barobarga ko‘paygan bo‘lsa,«sariq» toifadagilar 2 barobar va «qizil» toifadagilar 3 barobarga kamaygan.
Ochiqlik bo‘yicha eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari «Navoiy kon-metallurgiya kombinati», «O‘zbekgidroenergo» va «O‘zavtosanoat» AJlari, Transport nazorati inspeksiyasi,«Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Adliya vazirligi tomonidan qayd etildi.
Respublika darajasidagi tashkilotlardan — O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, hududiy miqyosda esa Andijon viloyati va Toshkent shahar hokimliklari eng past ko‘rsatkichlarni qayd etib,«qizil» toifada baholandi.
Agentlik tomonidan kelgusida baholash jarayonlarini quyi tizimlarda ham amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, 2026-yil 2-yarmidan sinov tariqasida Navoiy viloyatining tuman va shahar hokimliklari, tashkilotlari faoliyati ochiqligi darajasini index.anticorruption.uz platformasida baholash rejalashtirilmoqda.
Jamiyat
Agentlik inspektori 20 mln so‘m bilan qo‘lga tushdi
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi inspektori ushlandi. Inspektor o‘z xizmat mavqeini suiste’mol qilgan holda, noqonuniy boylik orttirmoqchi bo‘lgani aytilmoqda.
Xususan, u Toshkent shahrida yashovchi, 1995-y.t. fuqaroga tegishli 7 turdagi, jami 187 dona qadoqda bo‘lgan mineral o‘g‘it mahsulotlarini «Navoiy» chegara bojxona posti orqali o‘tkazib berganligi evaziga 20 mln so‘m talab qilgan.
Mazkur noqonuniy harakat Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fosh etildi.
Inspektor so‘ralgan pul mablag‘ini poytaxtning Olmazor tumani hududida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkent shahrida 2,5 mlrd so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingandi.
Jamiyat
Toshkent aeroportida chet el fuqarosi giyohvand modda bilan ushlandi
Poytaxt aeroportida 6,3 kg «marixuana»ni olib kirishga uringan xorijiy yo‘lovchi to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
«Toshkent-Aero» IBKning «Toshkent xalqaro aeroporti» chegara bojxona posti xodimlari giyohvandlik vositalarini yashirincha olib o‘tishga uringan yo‘lovchini to‘xtatib qolishdi.
Bangkokdan uchib kelgan xorijiy yo‘lovchilardan biriga tegishli qo‘l yuki va bagajlari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, yuklar orasida turli qadoqlar ichida 12 dona polietilen o‘ramlar yashirilganligi aniqlandi.
Belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ushbu o‘ramlar ochib ko‘rilganida, ularning ichidagi yashil rangdagi o‘tkir hidli modda Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, 6,3 kgdan ziyod og‘irlikdagi quritilgan marixuanna ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur modda esa O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan giyohvandlik vositasi hisoblanadi. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, «Toshkent-Aero» IBK tezkor tuzilmalari va bojxona postlari xodimlari tomonidan joriy yilning dastlabki choragida aniqlangan 15 ta holatda salkam 30 kg og‘irlikdagi giyohvandlik vositalarining, shu jumladan sintetik narkotiklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yildi.
Olib qo‘yilgan giyohvandlik vositalari o‘tgan yilning shu davriga nisbata 18 kilogrammga oshgan.
Jamiyat
O‘zbekistonda erkin bond omborlari tashkil etiladi
O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini rivojlantirish doirasida yangi turdagi erkin ombor — bond omborlari joriy etiladi. Bu Prezidentning 13-aprelda qabul qilingan qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-iyulgacha huquqiy eksperiment sifatida mazkur tizim amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, rezident va norezidentlar jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron platformalar orqali sotish uchun bond omborlarida vaqtincha saqlaydi.
Qarorga muvofiq, bond omborlari litsenziya asosida tashkil etiladi. Ular erkin ombor faoliyati tartibida ish yuritadi. Tovarlarni sotish faqat maxsus elektron savdo platformalari orqali amalga oshiriladi. Bunda platformalar Istiqbolli loyihalar milliy agentligi yuritadigan reyestrga kiritilgan bo‘lishi shart.
Shuningdek, bond omborlariga joylashtirilgan tovarlar erkin ombor bojxona rejimida saqlanadi va ularni jismoniy shaxslarga chakana sotishga ruxsat beriladi. Eksperiment doirasida bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtiriladi. Xususan, tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida rasmiylashtiriladi.
Qarorga ko‘ra, bond omboridan chiqarilayotgan tovarlarga nisbatan muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati talablari qo‘llanmaydi.
Jamiyat
Ohangaron tog‘larida yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola tirik topildi
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi tog‘larda yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola qutqaruvchilar tomonidan bir necha soatlik qidiruvdan so‘ng tirik holda topildi.
Hodisa 13 aprel kuni Ohangaron tumani hududidagi tog‘larda sodir bo‘lgan. Olti nafardan iborat oila dam olish maqsadida tog‘ga chiqqan bo‘lib, ular tarkibida 4 yoshli bola ham bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, sayr vaqtida soat taxminan 17:00 larda oila a’zolari tog‘ cho‘qqisidagi qorlarni ko‘rish uchun yuqoriga ko‘tarilgan. Shu yerda kattalar bolani unutib qoldirib, pastga tushib ketgan. Bolaning yo‘qligi taxminan 40 daqiqadan so‘ng aniqlangan.
Shundan so‘ng bolaning yaqinlari zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining navbatchilik qismiga xabar bergan. Qidiruv ishlariga Toshkent viloyati FVBB qidiruv-qutqaruv guruhlari hamda «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasi xodimlari jalb etilgan.
Qidiruv-qutqaruv ishlari 6,5 soatdan ortiq davom etgan. Natijada, 14 aprel kuni tungi soat 00:20 da 4 yoshli bola Olmaliq maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tomonidan tirik holda topilgan.
Qutqaruvchilarning ma’lum qilishicha, bola ota-onasi uni unutib qoldirgan joydan taxminan 3 kilometr uzoqlikdan, tizzasigacha qor ichida jim holda turgan holda aniqlangan.
Bola yaqinlariga sog‘-salomat topshirilgan. Hozirda u uyida bo‘lib, ahvoli yaxshi.
-
Sport5 days agoJavohir Sindorov navbatdagi g‘alaba bilan da’vogarlar turniridagi peshqadamlikni mustahkamladi
-
Sport3 days ago
«Real Madrid» chempionlik uchun kurashlardan chiqdimi?
-
Iqtisodiyot4 days ago
Keyingi haftada ham dollar pasayadi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev chakana savdoda elektron tijorat ulushini uch baravar oshirishni maqsad qilib qo‘ygan
-
Dunyodan5 days ago
Yaqin Sharqda o’t ochishni to’xtatish haqidagi xabarlar tufayli neft narxi keskin tushib ketdi
-
Turk dunyosi5 days ago2026 yilda Turkiyadagi 10 ta eng yaxshi soch koʻchirib oʻtkazish klinikalari uchun narxlar boʻyicha qoʻllanma
-
Sport5 days ago
Jahon chempionatiga boradigan o‘zbekistonlik hakamlar ma’lum bo‘ldi
-
Dunyodan4 days agoArablar Putindan g’azablanishdi – nima uchun biz bilamiz
