Jamiyat
Toshkent zilzilasidan ko‘rilgan zarar 10 mlrd dollarni tashkil etgan — tadqiqotchi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar moliyaviy sektorning barcha tarmoqlari qatorida sug‘urta bozorining ham jadal rivojlanishiga zamin yaratmoqda. Ayniqsa, 2020-2025-yillar davomida sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan talabning ortishi, yangi sug‘urta mahsulotlarining joriy etilishi hamda raqamlashtirish jarayonlarining kengayishi ushbu sohaning sifat jihatidan bir pog‘ona yuqori bosqichga chiqishiga olib keldi.
Iqlim o‘zgarishi, tabiiy va texnogen falokatlar sonining ortib borishi aholi va biznes sub’yektlarini moliyaviy himoya qilish mexanizmlariga, xususan, sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan talabning ortishiga olib kelmoqda. Dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq va texnogen falokatlarning soni, ko‘lami va oqibatlari ortib, Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston aholisi bulardan eng ko‘p zarar ko‘rmoqda. Jumladan, mamlakatimiz so‘nggi 20 yil ichida birgina kuchli gidrologik qurg‘oqchilik bilan bog‘liq bir qancha holatlarga duch keldi va eng ko‘p zararlangan hududlarda ekinlar hosilining 45 foizdan 75 foizgacha qismi yo‘qotildi. Bu haqda qator bosma va internet nashrlardan tortib xorijiy ekspertlarning tadqiqotlarida yetarli ma’lumot olishimiz mumkin.
Birgina misol, 2026-yilning 26-aprel kuni Toshkent zilzilasi sodir bo‘lganiga 60 yil bo‘ladi. Ushbu zilzila oqibatida Toshkentning markaziy qismidagi 2 million kvadrat metrdan ziyod turar joy maydoni, 236 ta ma’muriy, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish, 181 ta ta’lim muassasasi, 185 ta tibbiyot, 245 ta sanoat binosi butunlay vayron bo‘lib, ko‘rilgan iqtisodiy yo‘qotish o‘sha davr kursi bo‘yicha 10 mlrd AQSh dollari miqdorida ekani hamda dunyo miqiyosida zilzilalar yuz berishini onlayn kuzatish imkoniyatlari shaxs, jamiyat va davlatning aholi, uning mol-mulkini turli xatar va qaltisliklardan ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararlarni bozor mexanizmlariga asosan qoplash tizimini shakllantirishga befarq qaramaslikka undaydi. Makrodarajada sug‘urta mukofotlari hajmining o‘sishi bilan birga, sug‘urta tovonlari to‘lovi mutlaq ko‘rsatkichlari ortishiga undovchi institutsional tuzilmaning mavjudligi – sug‘urtalanuvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilinganini ko‘rsatish bilan birga, aholining ushbu institutga ishonchini orttirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, sug‘urta bozori qonunchiligini rivojlantirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarining takomillashuvi va aholi o‘rtasida, ayniqsa, OAV orqali targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini tizimli olib borish aholining sug‘urta madaniyatining bosqichma-bosqich oshishiga, sohaning barqaror rivojlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ayni paytda, sug‘urta mukofoti va sug‘urta tovoni miqdorlari o‘rtasidagi mutanosiblik, sug‘urta tovoni salmog‘ining ortib (kamayib) borish dinamikasi sug‘urta bozori samaradorligini mijoz-sug‘urtalanuvchi tomonidan baholash dolzarb hisoblanadi.
2020-2025-yillarda O‘zbekiston sug‘urta bozorida yig‘ilgan sug‘urta mukofotlari va to‘langan sug‘urta tovonlari dinamikasi izchil o‘sish tendensiyasini namoyon etdi. Ushbu davrda bozor hajmining kengayishi, yangi ishtirokchilarning kirib kelishi va sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan talabning ortishi asosiy omillardan bo‘ldi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 2020-yildan boshlab sug‘urta mukofotlari hajmi yildan yilga o‘sib borgan. Agar 2020-yilda bozor hajmi nisbatan past bo‘lgan esa, 2023-2024-yillarga kelib u bir necha barobarga oshgan. 2024-yilda sug‘urta mukofotlari hajmi qariyb 9-10 trln so‘mga yetgani bozorda yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Bunga majburiy sug‘urta turlarining kengayishi, korporativ mijozlar ulushining ortishi, raqamli sug‘urta xizmatlarining joriy etilishi sabab bo‘ldi.
“Eng yaxshi tashviqot-sug‘urta tovoni to‘lanishi” aqidasi nuqtai nazaridan yondashganimizda 2022-yilgacha bo‘lgan davrda yalpi sug‘urta mukofotlari ulushida to‘langan yalpi sug‘urta tovonlari miqdori salmoqli bo‘lgani va o‘sish tendensiyasiga egaligini quyidagi rasmda ko‘rish mumkin. Biroq 2022- yildan shu kunga qadar esa sug‘urta tovonlarini to‘lash koeffitsenti pastlab borayotganini kuzatish mumkin. OAV va onlayn platformalarda fuqarolar tomonidan ushbu yo‘nalishda qilingan murojaatlar ham buni yaqqol tasdiqlaydi.
Aholi murojaatlari va rasmda qayd etilgan tendensiyaning mavjudligi:
sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda uni qayd etish, raqamlashtirish va sug‘urta tovoni to‘lash muddatlarini maksimal darajada qisqartirishning institutsional mexanizmlarining maromiga yetkazilishi;
aholi va ularning mol-mulkini sug‘urta qilishni targ‘ib qilishga tijorat reklamasi sifatida yondashish amaliyoti va qonunchiligining qayta ko‘rib chiqilishi;
aholining sug‘urta madaniyatini oshirish ishlarini fundamental qayta ko‘rib chiqish, OAV, televideniye va radioda namoyish etiladigan ko‘rsatuv va eshttirishlar, kinofilm, multiplikatsionfilm, hujjatli, ilmiy-ommabop, o‘quv, voqeali kinofilmlar va kinojurnallarning adabiy ssenariylariga turli xatar va qaltisliklardan ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararlarning bozor mexanizmlarini targ‘ib etuvchi sodda va xalqchil lavhalar kiritilishini ta’minlash, bunda xorijiy tajriba va amaliyotdan keng foydalanilishi;
sug‘urta shartnoma shartlarini soddalashtirish, shaffof to‘lov mexanizmlarini yaratish va sug‘urta kompaniyalarining javobgarligi oshirilishi;
sug‘urtaning ijtimoyi-iqtisodiy ahamiyatini barcha fuqarolar, ayniqsa, ziyolilar va barcha bo‘g‘in rahbarlariga tushuntirish uchun seminarlar, vebinarlar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda maqsadli post va boshqa axborot-targ‘ibot materiallari yaratilishi;
ta’lim dasturlariga moliyaviy savodxonlik mavzularining kiritilishi kabi shu va boshqa muammo – masalalar kompleks tarzda o‘z yechimi topilishi zarurligini belgilab beradi.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, aholi va uning mol-mulkini turli xatar va qaltisliklardan himoya qilishni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, “2015-2030 yillarda ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha Senday hadli dasturi” maqsadlariga O‘zbekistonda erishish strategiyasini 2019-2030 yillar davrida amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi ijrosini tanqidiy ko‘rib chiqish tavsiya etiladi.
Ayni paytda aholi uy-joylarini majburiy yoki yarim majburiy sug‘urta qilish mexanizmining joriy etilishi ortib borayotgan xatar va qaltisliklardan ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararlardan aholi va uning mol-mulki ishonchli himoya qilinishini kuchaytirib, davlat budjetiga tushadigan favqulodda xarajatlarni qisqartirishga, pirovardida aholi farovonligining oshishiga olib keladi.
Tadqiqot natijalari barcha sohalarga sun’iy intellekt shiddat bilan kirib borayotgan, davlat budjeti cheklangani, aholi va uning mol-mulkini turli xatar va qaltisliklardan ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash kabi boshqa (masalan, budjet tanqisligi va h.k) qator masalalarga bozor yechimi bo‘lmish – O‘zbekiston sug‘urta bozorining barqaror o‘sishi, moliyaviy barqarorligi mustahkamlanishining institutsional-tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarining maromiga yetkazilishi zarurligini ko‘rsatadi.
Samidillo Mahmudov,
mustaqil tadqiqotchi