Jamiyat
“Toshkent yog‘-moy kombinati”ning ishchilari chorasiz qoldirildi
“Toshkent yog‘-moy kombinati” nomi bilan mashxur zavod bo‘lgan. Unda bir vaqtlar minglab odamlar ishlagan, ro‘zg‘or tebratgan. 2022 yilda kombinat xususiylashtirilib, 2025 yilda tugatilgan. Bu vaqtda kombinatning o‘nlab ishchilaridan qariyb 10 mlrd so‘m qarzi bo‘lgan. Mol-mulklari sotilib, binolari buzilib ketgan kombinatning qarzini qoplashga yaragulik xech vaqosi yo‘q. Hujjatda 2 ta yuk mashinasi bor: ularning ham qayerda ekani “noma’lum”.
Tarixiy zavodning tugatilishi
Bir vaqtlar Yashnobod tumanida “Toshkent yog‘-moy kombinati” nomi bilan mashxur zavod bo‘lgan. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi 2022 yil noyabrida “Toshkent yog‘-moy kombinati” aksiyadorlik jamiyatidagi 56 foiz davlat ulushini “Toyloq Toza Hudud” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga sotgan.
Keyinroq, 2024 yil iyunida kombinatning aksiyadorlari uni ixtiyoriy tugatishga qaror qiladi va I.Irnazarov tugatish boshqaruvchisi etib tayinlanadi.
Tugatuvchining 2025 yil 21 yanvardagi onlayn arizasiga asosan jamiyat ixtiyoriy tugatish jarayoniga o‘tkazilgan va 2025 yil 21 may kuni Yashnobod tuman davlat xizmatlari markazi “Toshkent yog‘-moy kombinati” AJni davlat reyestridan chiqargan.
Haqdorlar bor edi…
Ammo bu paytda kombinatning o‘nlab ishchilari mehnat qonunchiligining qo‘pol buzilishlaridan jabr ko‘rayotgan, milliardlab haqlarini undira olishmayotgan edi.
Jumladan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi “Toshkent yog‘-moy kombinati”dan uning turli sexlarida faoliyat yuritgan ellik nafardan ortiq ishchilariga ish beruvchining aybi bilan bekor turib qolgan vaqt uchun ish haqi va boshqa to‘lovlarni undirib berishni nazarda tutuvchi qarorlar chiqargan.
“O‘lgan o‘lolmagan” kombinat
Pulni undirishning yagona yo‘li kombinatni tiklash edi. Ishchilar bor harakatni shunga qaratishdi va sud orqali buning uddasidan chiqishdi.
Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2025 yil 4 sentabrdagi hal qiluv qarori bilan “Toshkent yog‘-moy kombinati” AJni davlat reyestridan chiqarish va tugatish haqidagi vakolatli organ yozuvlari haqiqiy emas deb topildi.
«Juda katta hudud edi. Hozir mana shu katta hududni buzib tashlab, ko‘zimiz oldida bizni ishsiz qoldirib uy qurishyapti. Odamlarning ko‘z yoshi ustiga uy qurishyapti, ishsizligi ustiga uy qurishyapti. Biz aksionerlar bilan hisob-kitob qilishmadi. Noqonuniy bizni ishdan bo‘shatgani uchun oliy sud quyi instansiyalar ishga tiklab qo‘ydi, pullarimizni undirib berdi, lekin shularni ijro qilishdan bosh tortishyapti. Bizning huquqlarimizni poymol qilishyapti.
Biz aksiyadormiz ham, aksiyalarimiz ulushlarini bermasdan turib, biz bilan hisob-kitob qilmasdan turib, tugatib tashladi. Biz keyin ma’muriy sudga berdik. Sudyalar bizning tomonimizga hal qilib berishdi. Lekin huquqlarimizni poymol qilgan holda mablag‘larimizni, ish haqlarimizni to‘lab bermayapti. Rahbar o‘zini olib qochib yuribdi. Korxona rahbari, tugatuvchi Ernazarov Nodir. U bizga hozirda MIBda turgan sakkiz milliarddan oshiq pullarimizni to‘lab bermayapti», deydi murojaatchilardan biri Sanobar Qahhorova.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda sobiq korxona hududida yangi Bashkent turar joy majmuasi qurilyapti. Hududning sotilishida monetar aksiyadorlarning roziligi olinmagan.
“Kuchuklar bilan mazamizni qochirishdi”
«Qonuniy bizga chiqarib bergan oliy sudga, iqtisod sudiga, hammasiga rahmat. Lekin bizga nimagadir MIB yordam bermayapti. O‘sha pullarni qonuniy olishimizga yordam berishlarini so‘raymiz. Aksiyalarimiz ham 30 yil davomida bir marta olganman.
Ishdan bizlarni bo‘shatib yubordi. Bo‘shatganda ham bizlar hisob-kitob qilib, oxirida berishi kerak bo‘lgan hisob-kitoblarining hech qaysisini bergan yo‘q, bosh tortishdi hammasidan, chiqarib yuborishdi. Darvozadan kiramiz desak, bizlarni haydab kuchuklar bilan mazalarimizni qochirib qo‘yishdi», deb ta’kidlaydi Karima Murodova.
Undiruv MIBda
Xozir undiruv majburiy ijro buyurosi yurituvida – undiriladigan miqdor sal kam 10 mlrd so‘m atrofida.
Majburiy ijro byurosi markaziy mahkamasining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining tegishli qarorlariga asosan qarzdor “TOSHKENT YOG’-MOY KOMBINATI” AJdan 51 nafar fuqaro foydasiga jami 9 mlrd 896 mln so‘m qarz, davlat foydasiga 32 ta ijro xujjati bo‘yicha 382 mln 463 ming so‘m davlat boji, 12 nafar fuqarolarni ishga tiklash hamda 12 nafar fuqaro bo‘yicha ish haqilarni soliqda aks ettirish majburiyatini yuklash bilan bog‘liq ijro hujjatlari mavjud.
Kombinatda qo‘lga ilingulik xech vaqo yo‘q
Ma’lum bo‘lishicha kombinat nomida 2 ta:
– 1991 yilda ishlab chiqarilgan GBK 8350 rusumli
– 1993 yilda ishlab chiqarilgan “KAMAZ 53212” rusumli yuk va tirkama transport vositalari borligi aniqlangan.
MIB tomonidan tegishli tartibda taqiq qo‘yilib, qidiruv e’lon qilingan.
Kombinat yo‘q, o‘rnida «novostroyka»lar
Qiziq tomoni, Kombinat joylashgan Yashnobod tuman, Jarqo‘rg‘on ko‘chasi 47-uy manzilida Kombinatga tegishli bino va inshoatlar butkul buzib tashlangan, uning o‘rnida ko‘p qavatli turar joy binolari qurilmoqda. Shu sababli 7 nafar fuqarolarning “TOSHKENT YOG’-MOY KOMBINATI” AJga ishga tiklash to‘g‘risidagi ijro xujjatlari ijrosini ta’minlash imkoniyati bo‘lmagan.
Xullas, guvohi bo‘lganingizdek bir vaqtlar O‘zbekistonning qudratli korxonalaridan biri bo‘lgan kombinat bugun yo‘q – uning o‘nlab ishchilari esa haqini ololmay sarson, sargardon.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat12 hours ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
