Jamiyat
Toshkent va Xorazmda yirik giyohvandlik savdosiga chek qo‘yildi
Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Toshkent shahri va Xorazm viloyatida giyohvandlik vositalarini yetishtirish hamda tarqatish bilan shug‘ullangan shaxslar fosh etildi.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Tezkor tadbirlardan birida 1996 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi vaqtinchalik yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv jarayonida plastik idishda saqlanayotgan giyohvandlik vositasi, 300 dona zip-paket, izolentalar va elektron tarozi aniqlandi.
Dastlabki surishtiruvlar davomida mazkur shaxs o‘zining onasiga tegishli Toshkent tumanidagi xonadonda giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu manzil ko‘zdan kechirilganda 10 tup kannabis o‘simligi, bir tup quritilgan giyohvandlik vositasi, shuningdek, ularni parvarishlashda foydalanilgan kimyoviy vositalar hamda elektron tarozi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Yana bir holatda «Samarqand–Xorazm» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Cobalt» rusumli avtomashina Tuproqqal’a tumani hududida DXX va IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, tekshirildi. Natijada avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Urgut tumanida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli 810 gramm «opiy» moddasi borligi aniqlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu giyohvandlik vositasi qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgani va Xorazm viloyatida sotish maqsadida tashilayotgani ma’lum bo‘ldi. Hozirda mazkur jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom etmoqda.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.