Jamiyat
Toshkent tumanida yashirin dori ombori aniqlandi
Toshkent viloyatining Toshkent tumanida noqonuniy aylanmaga kiritilgan dori vositalari saqlangan yashirin ombor fosh etildi. Ombordan katta miqdorda kafolatlanmagan va xorijdan aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan dori vositalari aniqlandi.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1991 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z yashash xonadonida xorijdan noqonuniy olib kelingan dori vositalarini saqlab, ularni poytaxtdagi dorixonalarga sotish bilan shug‘ullanib kelgani ma’lum bo‘ldi.
Ombor ko‘zdan kechirilganda jami 119 turdagi, 3356 qutida bo‘lgan 76 318 dona Frotu, Budenofalk, Gaviscon, Baraclude va boshqa nomdagi dori vositalari aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ularning dastlabki umumiy qiymati taxminan 1 milliard so‘mni tashkil etadi.
Hozirda dori vositalaridan namunalar olinib, ekspertiza o‘tkazish uchun Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga yuborildi.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
“Gapira olmasa ham baxtliman” – matonatlilar oilasi haqida hikoya
Ro‘zixon Haydarova II guruh nogironi, u oilasi bilan Oltiariq tumanining Zilol mahallasida yashaydi. Turmush o‘rtog‘i G‘ulomjon Haydarov gapira olmaydi. Ikki o‘g‘il va nevarasining ham nogironligi bor. “Otam ham gapirmasdi. Bir-birimizni imo-ishoralar bilan tushunardik. Yaratgan menga oliyjanob jufti halol berdi. Gapira olmasa ham juda baxtliman”, – deydi Ro‘zixon opa.
Uch o‘g‘il, bir qizning onasi bo‘lgan Ro‘zixon opa quyoshdan avval uyg‘onadi. G‘ulomjon aka bilan birga issiqxonadagi ekinlarni parvarishlab, chorvasi xashak, tovuqlariga don beradi. Bodring, pomidor, qalampir ko‘chatlarini bozorga olib borib sotib keladi. Dehqon opaning aytishicha, issiqxonada ish qishning chillasidan boshlangan. Mart oyigacha opa ko‘chat sotib 30 mln so‘mdan ortiq daromad qilgan.
“Otam ham gapira olmas edi. Turmush o‘rtog‘imning tili yo‘q, lekin oliyjanob inson, hayotimiz yaxshi, sog‘lomlardan ko‘ra yaxshi yashaymiz. O‘zim ham II guruh nogironiman.
Uch o‘g‘il, bir qizning onasiman. Ikki o‘g‘lim, bir nevaram nogiron. Lekin ularni nogiron demayman. Nevaralarimning gapini eshitsangiz faxrlanib ketasiz-da, imo bilan gaplashamiz.
Odamlar “xo‘jayiningiz bilan qanday tanishgansiz, tilsiz odam bilan qanday yashayapsiz?”, deb savol berishadi. 35 yildan beri imo-ishoralar bir-birimizni tushunib yashayapmiz.
Dehqonchilikni yig‘ishtirib, pul jamg‘arib avval o‘g‘limga, keyin esa turmush o‘rtog‘imga skuter olib berdim. Shunday xursand bo‘ldilarki, nevaralarimni solib mahallada aylantirib yuribdi, bog‘chaga olib boradi.
Dehqonchiliklarim ham juda zo‘r, gap bo‘lishi mumkin emas, yanvardan boshlangan dehqonchilik. Issiqxonamiz bo‘sh turmasin deb ukrop, kashnich, sarimsoq piyoz, jambil, karam ekib qo‘yganmiz. Bundan avval qishi bilan ko‘katlargacha sotdik. Ekish uchun joy qolmadi hisob. Qani endi boshqa yerim bo‘lsa yana ekinlar eksam.
Yanvardan ko‘chat chiqarishni boshlaganman. Hozirgacha mana to‘rt marta hosil olishga ulgurdim. 40 mingta ko‘chat chiqardim. 30 milliondan oshiqlik ko‘chat sotdim. Yana sotiladigan ko‘chatlarim hali turibdi.
To‘rtta molim bor edi, ikkitasini sotib to‘ylarga ishlatdim. Endi hozir yana mol olishga harakat qilyapman. Yana mol olmoqchiman, qiynalgan paytimda sotib foydalanaman.
Mol uyning qassobi, deyishadi. Chorva boqishni yaxshi ko‘raman. Chorvasiz tirikchiligim o‘tmaydi. 50 ta tovug‘im ham bor. Uyimdan tuxum arimaydi. Tovuqlarim qishin-yozin tuxum tug‘ishdan to‘xtamaydi.
Zilol mahallasi hokim yordamchisi hovlimizga kelib sharoitni o‘rganib issiqxona qurib bergan edi. Unga darrov ko‘chatlar ekdimda, sotib issiqxona qarzini uzvordim”, – deydi Ro‘zixon opa Haydarova.
Jamiyat
Imom Buxoriy majmuasidan fotoreportaj
Samarqand viloyati Payariq tumani Xo‘ja Ismoil mahallasida joylashgan ulug‘ muhaddis bobomiz – Imom Buxoriy hazratlari nomi bilan ataladigan muqaddas ziyoratgoh joriy yilning 18 mart sanasida, Ramazon hayiti bayrami arafasida qayta ochildi.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan qaytadan bunyod etilgan mazkur majmua buyuk muhaddis olimning musulmon olamida tutgan o‘rni va salohiyatiga munosib bo‘y ko‘rsatdi.
Qayriyb 8 yil davom etgan qurilish-bunyodkorlik ishlarida ushbu manzilda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurildi. Ziyoratgohning to‘rt burchagida 75 metr balandlikdagi minoralar qad ko‘tardi.
Shuningdek, tashrif buyuruvchi ziyoratchilar uchun majmua atrofida uch va to‘rt yulduzli 20 dan ortiq zamonaviy mehmonxona, milliy va dunyo xalqlari taomlarini tayyorlovchi 10 ga yaqin restoran va oshxonalar, 1800 dan ortiq transport vositasini saqlashga mo‘ljallangan 4 ta avtoturargoh, 40 ga yaqin elektromobillarni quvvatlash nuqtalari, 100 ga yaqin savdo va servis shoxobchalari tashkil etildi.
Ziyoratgoh joylashgan Xo‘ja Ismoil mahallasi infratuzilmasi ham yangilandi, mehmonxona-uylar tashkil qilindi. Ayni paytda mahallada 18 ta ko‘p qavatli uy qurildi, ko‘plab savdo va servis shoxobchalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Jamiyat
Yunusobod tumanidagi Niyozbek yo‘li ko‘chasida harakatlanish tartibi o‘zgardi
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida Niyozbek yo‘li ko‘chasida yo‘l harakatini tashkil etish tartibiga o‘zgarishlar kiritildi.
“Buyuk Turon” mahallasi hududida tirbandliklarning oldini olish va maktab o‘quvchilari xavfsizligini ta’minlash maqsadida tuman hokimining qarori qabul qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, Niyozbek yo‘lining 43-maktab hududiga tutash qismida bir tomonlama harakat joriy etildi. Endilikda transport vositalari Chingiz Aytmatov ko‘chasidan Amir Temur shohko‘chasi tomon harakatlanadi.
Shuningdek, ushbu ko‘chaga chiqish tartibi ham o‘zgartirildi: Niyozbek yo‘liga Amir Temur shohko‘chasi tomonidan ushbu ko‘chaning uchinchi yo‘lagi orqali kirish mumkin (mo‘ljal – «PAUL»).
Haydovchilarga kiritilgan o‘zgarishlarni inobatga olish, yangi yo‘l belgilariga amal qilish va yangilangan harakat sxemasiga qat’iy rioya qilish tavsiya etilmoqda.
Jamiyat
Qashqadaryo va Andijonda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari sotib kelgan shaxslar ushlandi
Ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi shahar bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro Z.Q. 29 dona kapsula hamda 60 dona “Gabaten” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini fuqaroga 500 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Ulug‘nor tuman bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.A. fuqaro M.X.ga xorijda ishlab chiqarilgan 4 dona “Regapen” hamda 1 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 670 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, undan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
«Qamchiq» dovonida yuk mashinasi yonib ketdi
Yong‘in oqibatida yuk avtomobilining saloni to‘liq va tirkamasi qisman yonib zararlangan.
«Qamchiq» dovonida «Iveko» yuk avtomobilida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda FVV xabar berdi.
Ma’lumot berilishicha, 11 aprel kuni soat 15:43 da A-373 avtomobil yo‘lining «Qamchiq» dovonidan o‘tgan qismida «Toshkent-Vodiy» yo‘nalishida harakatlangan «Iveko» rusumli yuk avtomobilida yong‘in yuzaga kelganligi to‘g‘risida «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasiga xabar kelib tushgan.
Qutqaruv bo‘linmasi soat 15:53 da yetib borgan va soat 16:00 da yong‘in o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida yuk avtomobilining saloni to‘liq va tirkamasi qisman yonib zararlangan.
Tezkor harakatlar natijasida yong‘indan yuk avtomobili tirkamasining taxminan 90 foiz qismi saqlab qolingan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyevaning Vashingtonga tashrifi chogʻida AQSh Oʻzbekistonning JSTga kirishini qoʻllab-quvvatlashga vaʼda berdi
-
Iqtisodiyot3 days agoAmir Temur yubileyiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar chiqarildi
-
Jamiyat4 days agoNavoiyda xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolalarni kaltakladi
-
Siyosat3 days agoSenat yashirin iqtisodiyotga chek qoʻyish maqsadida rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi yangi qonunni maʼqulladi
-
Sport4 days agoO‘zbekistonda krossfit ommalashtiriladi – prezident topshirig‘i
-
Dunyodan4 days ago
AQSh va Eron o’rtasidagi sulh bitimi bugun kuchga kirishi mumkin
-
Siyosat5 days agoPrezident sobiq maslahatchisi Vyacheslav Golishev vafot etdi
-
Iqtisodiyot5 days agoBirjadagi oxirgi 2 savdo sessiyasida dizel narxi 17,5 foizga qimmatlashdi
