Iqtisodiyot
To‘rt yil oldin xususiylashtirilgan FNQZ yana davlat ixtiyoriga qaytdi
2022 yilning may oyida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi 100 foiz davlat ulushi 100 mln dollarga «Sanoat energetika guruhi»ga sotilgandi. 2026 yilning iyun oyi holatiga FNQZ yana to‘liq davlat ixtiyoriga qaytarilgan. Xususiylashtirish bitimining qachon va nima sababdan bekor qilingani noma’lum.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi yana to‘liq davlat ixtiyoriga qaytarildi. Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestridagi ma’lumotlarga ko‘ra, 8-iyun holatiga zavodning 100 foizlik egasi sifatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ko‘rsatilgan.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining qachon va nima sababdan yana to‘liq davlat mulkiga aylangani noma’lum. Kun.uz vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Davaktiv axborot xizmati bilan bog‘lana olmadi. 2026 yilning 1 may holatiga ko‘ra, FNQZning 58,5 foiz ulushi Davaktivga, 41,5 foiz ulushi esa Saneg’ga tegishli bo‘lgan.
FNQZ xususiylashtirilishi
2022 yilning may oyida «Sanoat energetika guruhi» MChJ (Saneg) FNQZning 100 foiz ulushini ayrim majburiyatlar bilan 100 mln dollarga xususiylashtirib olgandi. Shundan keyin zavod 2023 yilda 469,6 mlrd so‘m, 2024 yilda esa 220 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan. Xususiylashtirish bitimi tuzilganidan keyin ham yillar davomida FNQZning 58,5 foiz nazorat paketi Davaktiv ixtiyorida qolayotgandi. Bu kelishilgan pul davlatga to‘liq to‘lanmagani bilan izohlanib kelindi. Bitim qachon yopilishi, to‘lov yana necha yilga cho‘zilishi haqidagi Kun.uz savollarini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi javobsiz qoldirgandi. Bu vaqtda Saneg zavodning bir qismini 140 mln dollarga sotishga ham erishdi. Investorda qarzga olingan zavodni qayta sotish huquqi bo‘lgan yoki bo‘lmagani ma’lum emas.
2025 yilda sof foyda bilan ishlab kelgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining moliyaviy holati yomonlashib ketdi. Xususan, kompaniya o‘tgan yilni 538,1 mlrd so‘m miqdoridagi sof zarar bilan yakunlagan. Yillik tushum 2,3 trlndan 1,9 trln so‘mgacha kamayib ketgan. Moliyaviy natijalarning keskin yomonlashib ketishi valuta kurslari farqining ta’siri bilan bog‘langan. Zavodning uzoq muddatli qarzlari 3,2 trlndan 3,3 trln so‘mga ko‘paygan, qisqa muddatli qarzlar esa 1,2 trln so‘m darajasida saqlanib qolgan.