Jamiyat
Termizda quruvchiga 217 tup daraxtni kesib tashlashda yordamlashgan sobiq mansabdor jazoga tortildi
Termiz shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan shaxs MChJ rahbari bilan til biriktirib, yuzlab daraxtlarni ko‘chirishga uringan. Ammo daraxtlarni ko‘chirish haqidagi murojaat rad qilingan. Shunga qaramay, 217 tup daraxt kesib tashlangan. Sud sobiq mansabdorni ekojinoyatda aybli deb topdi.
Foto: Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati
Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida 217 tup daraxt o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangani ma’lum bo‘ldi. Holat bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi apellyatsiya sudida ko‘rib chiqilgan. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Termiz shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan shaxs “Mansur Tekstil Termiz” MChJ rahbari bilan o‘zaro til biriktirgan. Ular shaharning Do‘stlik mahallasida joylashgan yuridik texnikum hududidagi daraxtlarni ko‘chirishga uringan.
Bu maqsadda dastlab 20 mln so‘mlik shartnoma rasmiylashtirilgan. Biroq hududdagi daraxtlar viloyat Ekologiya hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, ularni ko‘chirish va kesish bo‘yicha murojaat rad etilgan.
Shunga qaramay qurilish hududidagi 61 tup Eldor qarag‘ayi, 36 tup Virgin archasi, 101 tup Sharq biotasi, 16 tup chinor va 4 tup tut – jami 217 tup daraxt o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangan. Oqibatda o‘simlik dunyosiga 2 mlrd 69 mln so‘m zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki sud sobiq mansabdorni Jinoyat kodeksining 198-moddasi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) 3-qismi bilan aybli deb topgan. Unga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Uning qamoqda saqlangan muddati chegirib tashlangan holda jazo muddati 1 yil 5 oy 15 kun etib belgilangan.
Apellyatsiya sudida sobiq mansabdor o‘zini aybsiz deb hisoblab, oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan. U suddagi ko‘rsatmasida daraxtlarni kesishga ruxsat bor deb o‘ylaganini va qurilish tashkilotiga faqat “yordam bergani”ni bildirgan. Ammo apellyatsiya sudi dastlabki sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.