Jamiyat
Tadbirkorlarga soliq organlari nomidan soxta xatlar kelmoqda
So‘nggi kunlarda tadbirkorlarga soliq organlari nomidan yuborilayotgan soxta elektron xatlar ko‘paydi. Mutaxassislar bunday xabarlardagi havolalarni bosish yoki fayllarni ochish shaxsiy va bank ma’lumotlarining o‘g‘irlanishiga, hatto hisobdagi mablag‘larni yo‘qotishga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Foto: O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar soliq boshqarmasi hamda yirik soliq to‘lovchilar inspeksiyasi nomidan yuborilayotgan ayrim elektron xatlar rasmiy tizimda ro‘yxatdan o‘tmagan. Ushbu xabarlar ortida firibgarlar turgan bo‘lib, ular orqali qurilmalarga zararli dasturlar yuklanishi, shuningdek, foydalanuvchilarning shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlari qo‘lga kiritilishi mumkin.
Qayd etilishicha, ayni shunday holatlar orqali karta ma’lumotlari o‘g‘irlanib, hisobdagi pullarni yechib olish holatlari ham ko‘paymoqda. Shu bois tadbirkorlar har qanday shubhali xat va xabarlarga nisbatan juda ehtiyotkor bo‘lishi kerak.
Eslatilishicha, soliq organlarining barcha rasmiy xabarlari faqat shaxsiy kabinet orqali yuboriladi. Boshqa manbalardan kelgan shubhali xatlarga ishonish, ulardagi havolalarni bosish, fayllarni ochish yoki ma’lumot kiritish xavfli hisoblanadi.
Jamiyat
Koreyada vafot etgan o‘zbekistonlik qiz haqida rasmiy bayonot berildi
Janubiy Koreyada vafot etgan o‘zbekistonlik Kim Nozima Akmal qizining o‘limi yuzasidan tarqalayotgan turli tasdiqlanmagan xabarlar ortidan O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, holat yuzasidan Koreya huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda tergov ishlari olib borilmoqda.
Elchixona ma’lum qilishicha, voqea sodir bo‘lgan kundan buyon Koreya politsiyasi bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, tergov jarayonlarining xolis va to‘liq o‘tkazilishi ta’minlanmoqda. Shu maqsadda marhumaning onasi Feruza Alimbekova ham Koreyaga taklif etilgan.
14 aprel kuni Pyontek shahrida marhumaning onasi, uning advokati hamda elchixona xodimlari ishtirokida mahalliy politsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda tergov jarayoni va qo‘shimcha tekshiruv natijalari haqida ma’lumot berilgan.
Koreya huquq-tartibot organlari dastlabki tergov va sud-tibbiy ekspertiza xulosalariga ko‘ra, marhumaning o‘limida qotillik alomatlari aniqlanmaganini bildirgan. Shuningdek, chuqurlashtirilgan tahlillar natijasida o‘lim holati o‘z joniga qasd qilish tashxisi asosida qayd etilgani ma’lum qilingan.
Ekspertiza jarayonida DNK, qon va barmoq izlari tekshirilgani, tanada zaharli moddalar yoki kuchli zarba izlari aniqlanmagani qayd etilgan. Shuningdek, voqea sodir bo‘lgan joy va tibbiy muassasalardagi kuzatuv kameralari yozuvlari marhumaning yaqinlariga taqdim etilgan.
Koreya politsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ayrim suratlar rasmiy tergov doirasida olinmaganini va ularni tarqatish mamlakat qonunchiligiga zid ekanini ta’kidlagan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi mazkur holatni nazoratga olgan bo‘lib, Koreya tomoni bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.
Elchixona fuqarolarni marhumaning xotirasini hurmat qilishga va tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.
Jamiyat
3D seysmik-qidiruv ishlari 4 karra ortadi
«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan 2026-yil 1-chorak hamda «Dolzarb 100 kunlik» dasturi doirasida erishilgan natijalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, «Dolzarb 100 kunlik» dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar o‘zining amaliy samarasini berib, geologiya-qidiruv ishlaridan tortib, burg‘ilash, qazib chiqarish, qayta ishlash, investitsiya siyosati va ijtimoiy himoya yo‘nalishlarigacha bo‘lgan barcha bosqichlarda tizimli o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Dastur doirasida, eng avvalo, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va xarajatlarni maqbullashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan:
sarf-xarajatlarni tizimli qisqartirish va optimallashtirish natijasida ushbu chorakda 2,5 trln so‘m;
tovar-moddiy resurslar va xizmatlar narxlarini pasaytirish, debitor qarzdorliklarni undirish hamda ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish natijasida 1,8 trln so‘m;
sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish orqali saqlash xarajatlaridan 30 mlrd so‘m;
qurilish va burg‘ilash loyihalari qiymatini optimallashtirish hisobiga esa yil boshidan 438 mlrd so‘m tejaldi.
Shuningdek, matbuot anjumanida 2026-yilda geologiya-qidiruv ishlari mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarili aytilib, zamonaviy 3D seysmik tadqiqotlari asosida yangi istiqbolli maydonlar aniqlanib, zahira bazasi kengaytirilishi ta’kidlandi.
«Respublikadagi kon va maydonlarning chuqur geologik tuzilishini o‘rganish hamda izlov burg‘ilashga yangi stukturalar aniqlash maqsadida jami 10 ming kv.km hajmda 3D seysmik ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 4 baravar ko‘p.
Shuningdek, yer qa’ridan samarali foydalanish maqsadida 42 ta investitsiya bloki bo‘yicha ruxsatnomalar olindi. Zamonaviy geofizik uskunalarni jalb etish, seysmik tadqiqotlar sifatini oshirish orqali resurs bazasini kengaytirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda», – dedi kompaniya Bosh geologi Nodirbek Muhiddinov.
Ta’kidlanishicha, pudratchilar bilan ilgari tuzilgan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish natijasida narxlarni 20 foizgacha arzonlashtirishga va loyiha-smeta hujjatlarini takomillashtirish va ishlarni bajarish muddatini 3 oyga qisqartirish hisobiga umumiy hisobda 26,3 mlrd so‘m tejamkorlikka ham erishilgan.
Shu bilan birga, joriy yilda kompaniya tarixidagi eng katta burg‘ilash hajmi amalga oshirilishi rejalashtirilgani ham qayd etildi. Jami 102 ta quduq burg‘ilash ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 57 tasi izlov-qidiruv, 45 tasi esa ishlatish quduqlaridir.
Jamiyat
Namanganda ikki nafar bosh mutaxassis pora bilan ushlandi
Namangan viloyatida qurilish sohasidagi korrupsion holat fosh etildi. Ikki nafar bosh mutaxassis tadbirkorga qurilish hujjatlarini ijobiy hal qilib berish evaziga katta miqdorda pora talab qilgani aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasining ikki nafar bosh mutaxassisi o‘zaro til biriktirib, Yangi Namangan tumanida joylashgan 2 qavatli noturar bino uchun qurilish ruxsatnomasi, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i hamda loyiha hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga ular tadbirkordan 22 ming AQSh dollari talab qilgan.
Joriy yil mart oyida ushbu mablag‘ning 7 ming dollari olingan. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mutaxassislardan biri qolgan 15 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ikkinchi shaxs ham protsessual tartibda qo‘lga olingan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolarga shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilish tavsiya etildi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Kam ta’minlanganlarga bepul yuridik yordam ko‘rsatiladi
O‘zbekistonda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan navbatdagi qadam tashlandi. Bu bo‘yicha O‘RQ–1135-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, «Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi hujjatga muhim norma qo‘shildi. Unga muvofiq, kam ta’minlangan shaxslar muayyan ish doirasida sud tomonidan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini ko‘rib chiqish uchun Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilganda, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘ladi.
Shu jumladan, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rov maxsus axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. «Yuridik yordam» axborot tizimi orqali Konstitutsiyaviy sudga shikoyat bilan murojaat etgan fuqaroning iltimosiga asosan tegishli so‘rov yuboriladi.
Mazkur jarayon bevosita Konstitutsiyaviy sud tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Jamiyat
Instagram’da «Umra» tadbirlarini reklama qilganlar javobgarlikka tortildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida joylashtirilgan reklamalar tahlil qilindi.
Tekshiruvlar davomida turoperatorlar tomonidan «Umra» tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid berilayotgan reklamalar «Reklama to‘g‘risida»gi Qonun talablariga muvofiqligi o‘rganildi. Natijada bir qator holatlarda reklama qonunchiligi buzilgani aniqlandi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ushbu holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tomonidan 6 ta Instagram sahifasida qonun buzilishi qayd etildi. Jumladan, «Nur safar travel», «Umrachi Rahmatillo», «saudiya_sayohati», «Dilshod Umra», «Zoxidov_Ibroximjon» va «Aviakassa721» sahifalari orqali berilgan reklamalarda qonun talablari buzilgani aniqlangan.
Ushbu holatlar yuzasidan sahifa ma’murlari ma’muriy javobgarlikka tortilgani ma’lum qilindi.
Qo‘mita tomonidan reklama materiallarini qonunchilik talablariga muvofiqligini o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
-
Dunyodan4 days ago
Ukraina Turkiyaga Zelenskiy-Putin uchrashuvi boʻyicha soʻrov yubordi
-
Dunyodan5 days ago
Eron nega Hurmuzni yana qamal qildi?
-
Jamiyat3 days ago
Самарқандда МЧЖ раҳбарларининг кирдикорлари ошкор бўлди: тафсилотлар
-
Dunyodan3 days agoEron Hurmuz boʻgʻozini bloklagani sababli muzokaralarni rad etmoqda
-
Siyosat5 days agoO‘zbekistonda bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishni kuchaytirmoqda
-
Dunyodan5 days ago
“Livan boshqa davlatlar uchun urush zonasi emas” – mamlakat prezidenti
-
Jamiyat5 days ago16:13 “Qo‘rquv bo‘lishi tabiiy, ammo bu sizni to‘xtatmasin”, – 17 yoshida NASA va SpaceX bilan kosmik loyihani amalga oshirgan Akbar hikoyasi
-
Siyosat5 days agoTurk kompaniyalari Farg‘ona xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda
