Iqtisodiyot
Tadbirkorlar uchun valuta operatsiyalarida yangi yengillik joriy etildi
O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari endilikda ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini qayta sotib olish amaliyotisiz o‘zgartirishi mumkin.
Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 28-bandiga kiritilgan o‘zgartirish davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (3281-6-son, 2026 yil 16 iyul).
Amaldagi tartibga ko‘ra, “Valutani tartibga solish to‘g‘risida“gi qonunning 15-moddasiga muvofiq, joriy xalqaro operatsiyalar bilan bog‘liq hollarda chet el valutasini sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, maxsus valuta hisobvaraqlariga o‘tkazilgan mablag‘lar buyurtmada ko‘rsatilgan maqsadlar uchun sarflanishi shart edi.
Ilgari bir shartnoma doirasida sotib olingan valuta mablag‘laridan boshqa shartnoma bo‘yicha foydalanish zarurati tug‘ilganda, tadbirkorlar ushbu valutani avval bankka sotishi, so‘ngra yangi maqsad uchun qayta sotib olishi talab etilardi.
Yangi o‘zgartirish mazkur jarayonni soddalashtirishga qaratilgan. Endi tadbirkorlik sub’yektlari ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini belgilangan tartibda o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur o‘zgartish tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt va xarajatlarni qisqartirish, shuningdek, valuta operatsiyalarini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.