Jamiyat
Surxondaryodagi mashhur bog‘ Ekologiya qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkaziladi
Surxondaryo viloyatida ekolog Aleksandr Fedin tomonidan barpo etilgan mashhur bog‘ni saqlab qolish va rivojlantirish maqsadida mazkur hudud Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkaziladi. Shuningdek, bog‘ negizida jamoatchilik uchun ochiq ekologik park tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi
Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Aleksandr Fedinning salomatligi hamda u tomonidan yaratilgan bog‘ taqdiri bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan bergan rasmiy munosabatida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur masala qo‘mita tomonidan alohida nazoratga olingan. Hozirgi vaqtda Aleksandr Fedin Termiz shahridagi tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga joylashtirilgan bo‘lib, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Shu bilan birga, uni munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, Aleksandr Fedinni Qo‘mita huzuridagi O‘rmon agentligi tizimiga ishga joylashtirish choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Rasmiy munosabatda ta’kidlanishicha, Aleksandr Fedinning mamlakat ekologiyasi va ko‘kalamzorlashtirish sohasiga qo‘shgan hissasi inobatga olinib, u barpo etgan bog‘ni saqlab qolish va rivojlantirish bo‘yicha alohida hujjat tayyorlanmoqda.
Unga muvofiq, mazkur hudud jamoatchilik uchun ochiq ekologik park sifatida tashkil etiladi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkaziladi.
Kelgusida ushbu hudud negizida jamoatchilik bog‘i shakllantirilib, uning noyob tabiiy merosini asrab-avaylash va yanada boyitish bo‘yicha ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.