Sport
Superliga. «Neftchi» to‘xtatildi, Qo‘qonda mojaroli penalti va hakamlikdan norozi PFL
O‘zbekiston Superligasida 6-tur o‘yinlari o‘tkazildi. «Neftchi» «Paxtakor»ga yutqazdi va peshqadamlikdan ayrildi. «Qo‘qon-1912» – «Nasaf» o‘yini mojaroli tarzda yakunlandi. PFL «Andijon» – «Navbahor» o‘yinidagi hakamlikdan norozi bo‘ldi.
7-9 aprel kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 6-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
NeFTChI 0:1 PAXTAKOR
Gol: Doston Hamdamov, 22 (0:1)
Turning markaziy o‘yini Farg‘onada o‘tkazildi va eng ko‘p muxlis yig‘di – 18756 nafar. Shu vaqtgacha ochko yo‘qotmay kelayotgan «Neftchi» yaqin ta’qibchilaridan biri «Paxtakor»ni qabul qildi. Norasmiy tarzda «O‘zbek klasikosi» deb nomlanadigan bahsda toshkentliklar yagona gol evaziga g‘alaba qozondi. Natijada «Neftchi» jadvaldagi peshqadamlikni «Paxtakor»ga «topshirdi».
BUXORO 2:0 QIZILQUM
Gollar: Javohir Ro‘ziyev, 20 (1:0), Vladimir Rodich, 59 (2:0)
«Buxoro» o‘z maydonida «Qizilqum»ni ishonchli tarzda mag‘lub etdi va jadvalda uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Mezbonlar raqib darvozasiga javobsiz ikkita to‘p kiritdi.
DINAMO 2:1 SO‘G‘DIYoNA
Gollar: Islom Qobilov, 62 (0:1), Anvar Hojimirzayev, 76 (1:1), Firdavs Abdurahmonov, 78 (1:2)
Kutilmaganda autsayderlar qatoriga tushib qolgan «Dinamo» va «So‘g‘diyona» bahsi qiziqarli kechdi. Jizzax klubi hisobni ochib, birinchi g‘alabasini qozonishga yaqin edi. Ammo «Dinamo» ikki daqiqada ikkita gol bilan o‘yinda burilish yasadi. Bu g‘alabadan keyin «Dinamo» 10-o‘ringa ko‘tarildi. «So‘g‘diyona» hamon jadval tubida bormoqda.
OKMK 1:1 SURXON
Gollar: Nodirbek Abdurazzoqov, 3 (1:0), Stefen Chinedu, 90+5 (1:1)
OKMK va «Surxon» o‘yinida olmaliqliklar g‘alabaga juda yaqin edi. Ular dastlabki daqiqalardayoq hisobni ochdi. Ammo termizliklar hujumchisi Chinedu so‘nggi soniyalarda qaychi uslubida chiroyli gol urib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
QO‘QON-1912 1:1 NASAF
Gollar: Bobur Abduxoliqov, 55 (0:1), Toma Tabatadze 88, pen (1:1)
Turning mojaroli o‘yini Qo‘qonda o‘tkazildi. «Nasaf» 55-daqiqada hisobni ochib, g‘alabaga yaqin edi. Biroq, 88-daqiqada bosh hakam Rustam Lutfullin mehmonlar darvozasiga penalti belgiladi. Bundan norozi bo‘lgan «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev hakamga e’tiroz bildira boshladi va maydondan chetlatildi. Shundan so‘ng, u jamoasini maydondan olib chiqib ketishga urindi. Ammo o‘yin davom ettirildi va «Qo‘qon-1912» penaltini aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtirdi. Bahsdan keyin Futbol hakamlari markazi Rustam Lutfullin tomonidan belgilangan penalti noto‘g‘ri bo‘lganini e’lon qildi.
ANDIJON 0:1 NAVBAHOR
Gol: Giorgi Jgerenaya, 90+6 (0:1)
«Andijon» va «Navbahor» o‘rtasidagi o‘yin asabiy va juda keskin kurashlarga boy tarzda o‘tdi. Bahs futbolchilarning qo‘polliklari va orani ochiq qilishga muntazam urinishlari tufayli bir necha bor to‘xtatildi. O‘yin taqdirini so‘nggi soniyalarda «Navbahor» tomonidan urilgan gol hal qildi – Jgeneraya burchakdan oshirilgan to‘pni boshi bilan darvozaga joyladi. Bahsdan keyin PFL hakamlikka e’tiroz bildirdi va bosh hakam Naim Qosimovni «boshqaruvni yo‘qotganlikda» va texnik zonadan bir necha marta chiqib ketgan «Andijon» bosh murabbiyi Samvel Babayanni keskinroq jazolamaganlikda aybladi.
MASh’AL 0:1 BUNYoDKOR
Gol: Matiya Krivokapich, 90 pen (0:1)
Chetlatish: Humoyun Murtazoyev, 67 (Mash’al)
«Mash’al» o‘z maydonida «Bunyodkor»dan ochko olishga yaqin edi. Ammo himoyachining o‘z jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynashi muborakliklarga qimmatga tushdi. Bu natijadan so‘ng, «Mash’al» hamon chempionatda ochko ololmagan yagona klub bo‘lib qolmoqda. «Bunyodkor» esa 4-o‘ringa ko‘tarildi. Bu o‘yin eng kam muxlis to‘pladi – 489 nafar.
LOKOMOTIV 1:1 XORAZM
Gollar: Yanis Leri, 67 (0:1), Temurxo‘ja Abduxoliqov, 81 (1:1)
Jadval o‘rtasida yonma-yon ketayotgan klublar murosa ko‘chasini «tanladi». Garchi har ikkala klubda bir necha yaxshi imkoniyatlar bo‘lishiga qaramay, o‘yin durang hisobda yakunlandi.
Superliga, 7-tur
12 aprel
NAVBAHOR – SURXON
DINAMO – LOKOMOTIV
ANDIJON – OKMK
13 aprel
NASAF – BUXORO
PAXTAKOR – MASh’AL
QIZILQUM – SO‘G‘DIYoNA
14 aprel
XORAZM – QO‘QON-1912
BUNYoDKOR – NeFTChI
6-turdan keyin Superliga jadvali
To‘purarlar
Sport
«Agar bu unvonga loyiq bo‘lsang, baribir uni olasan» – Sindorov peshqadamligi haqida
Javohir Sindorov Nomzodlar turniridagi yetakchiligini yanada mustahkamladi. U Rameshbabu Pragnanandha ustidan ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Nomzodlar turnirining 10-turidan keyingi matbuot anjumanida qatnashdi.
U bu turda oq donalarda o‘ynab, hindistonlik Rameshbabu Pragnanandhani mag‘lub etdi va ochkolari sonini 8 taga yetkazib, peshqadamlikni mustahkamladi. Uning eng yaqin ta’qibchisi Anish Giri bilan oradagi farq endi 2 ochkoni tashkil etmoqda va qolgan 4 turda bu farqni yo‘qqa chiqarish deyarli imkonsiz ish.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik shaxmatchi Nomzodlar turnirida eng ko‘p g‘alabaga erishgan shaxmatchi sifatida rekord o‘rnatdi, turnirda hozirgacha hech kim 6 marta g‘alaba qozonmagandi.
Javohir hindistonlik raqibga qarshi partiya boshida xatoga yo‘l qo‘yganini tan oldi.
«Rostini aytsam, bir payt tayyorgarligimni unutib qo‘ydim va kerakli yurishni emas, boshqa yurishni tez qilib yubordim. Bu xato edi. Lekin keyin o‘zimni yig‘ib oldim va vaziyatdan chiqib ketdim. Biroz vaqt ketdi, lekin o‘yinni yana nazoratga oldim. Omad ham yordam berdi», – dedi u.
Sindorov shundan keyin tashabbusni qo‘lga olish maqsadida donalardan birini qurbon qilishga qaror qildi va yuzaga kelgan endshpilda uning farzini ortiqcha piyodalar yordamida raqibning ikki ruxidan ko‘ra kuchliroq pozitsiyaga ega bo‘ldi.
U turnirda g‘alabaga yaqinligini his qilayotganini tan olgan:
«Maqsadga juda yaqinman, lekin oldinda yana ikkita muhim o‘yin bor. Ikkalasi ham qora donalarda. Shuning uchun natija haqida o‘ylamasdan, shunchaki o‘ynashga harakat qilyapman».
U oldingi turda germaniyalik Mattias Blyubaum bilan bahsda g‘alabani qo‘ldan chiqargandi va shu tufayli bosim ostida qolgandi. O‘zining aytishicha, bu vaziyatdan murabbiyi bilan suhbat orqali chiqib ketgan:
«Turnirdagi vaziyat albatta bosim beradi. Kecha yutishim kerak bo‘lgan pozitsiyani yuta olmadim. Shunda murabbiyim menga: “Agar sen bu unvonga loyiq bo‘lsang, baribir uni olasan. Agar yo‘q bo‘lsa, demak yanada ko‘proq ishlaymiz. Shuning uchun natija haqida emas, o‘yin haqida o‘yla” deb aytdi. Men ham aynan shuni qilishga harakat qilyapman», – deydi u.
U turnir oldi rejalarini ham eslab o‘tgan:
«Turnir oldidan +1 natija ham yaxshi bo‘ladi, degan edim. Agar shunday bo‘lganida, men shunchaki xotirjam o‘ynardim. Hozir esa vaziyat butunlay boshqacha. Hozir har bir partiya juda og‘ir o‘tyapti. Bosim katta.
Kecha ham qiyin kun bo‘ldi – hatto partiyadan oldin durangga ham rozi edim. Lekin keyin yaxshi pozitsiya olib ham yuta olmaganimdan xafa bo‘ldim».
Rekord haqida:
«Bu haqida umuman o‘ylamayapman. Turnir hali tugamagan, hozir eng muhimi keyingi partiyaga tayyorlanish.
Endi dam olish kunida tiklanib, ayniqsa qora donalarda bo‘ladigan o‘yinlarga yaxshilab tayyorlanishim kerak».
10 aprel kuni turnirda dam olish kuni e’lon qilindi. 11 aprel kuni esa Javohir qora donalar bilan Fabiano Karuanaga qarshi o‘ynaydi. Karuana turnirning asosiy favoriti sifatida ko‘rilgandi, ammo 10 imkoniyatdan 5 ochko jamg‘argan holda uchinchi o‘rinda kelmoqda.
Sport
Jahon chempionatiga boradigan o‘zbekistonlik hakamlar ma’lum bo‘ldi
Jahon chempionatiga O‘zbekistondan qaysi hakamlar borishi aniq bo‘ldi. Bu haqda O‘FA xabar berdi.
O‘zbekistonlik hakamlar AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida faoliyat olib boradi.
11 iyundan 19 iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Ushbu mundialda o‘zbekistonlik hakamlar: Ilgiz Tantashev bosh hakam sifatida, Andrey Sapenko va Timur Gaynullin esa yordamchi hakam sifatida ishlaydi.
Tarixda ilk bor, terma va hakamlar birgalikda JChda ishtirok etadi.
Sport
Javohir Sindorov navbatdagi g‘alaba bilan da’vogarlar turniridagi peshqadamlikni mustahkamladi
O‘zbekistonlik shaxmatchi hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxani mag‘lub etdi va 10 turdan keyin 8 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov 9 aprel kuni Nomzodlar turnirining 10-turida oq donalarda o‘ynab, hindistonlik Rameshbabu Pragnanandhani mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu natijadan so‘ng, Sindorov 8 ochko bilan peshqadamlikni saqlab qolmoqda. Eng yaqin ta’qibchisi – Niderlandiyalik Anish Giri undan 2 ochko ortda boryapti.
Musobaqa yakunlanishiga yana to‘rtta tur bor. Sindorovning keyingi raqiblari: Fabiano Karuana (AQSh), Hikaru Nakamura (AQSh), Anish Giri (Niderlandiya), Vey I (Xitoy).
Nomzodlar turniri Kiprning Peyye shahrida o‘tkazilmoqda. Musobaqa g‘olibi 70 ming yevro mukofotni qo‘lga kiritadi va shaxmat toji uchun amaldagi chempion hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi o‘ynash huquqini qo‘lga kiritadi.
Sport
O‘zbekistonlik hakamlar JCh-2026 o‘yinlarini boshqaradi
Ilgiz Tantashev bosh hakam sifatida ishlaydi. Unga qanotlarda Andrey Tsapenko va Timur Gaynullin yordam beradi.
O‘zbekistonlik hakamlar AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadi. Bu haqda FIFA (.pdf) e’lon qildi.
Jahon chempionatida bosh hakam sifatida ishtirok etadigan 52 nafar shaxs orasida Ilgiz Tantashev bor. Shuningdek, unga qanotlarda Andrey Tsapenko va Timur Gaynullin yordam beradi.
Timur Gaynullin va Andrey Tsapenko
Ilgiz Tantashev 42 yoshda, faoliyatini qanot hakami sifatida boshlagan. Keyinchalik Buxoro shahri vakili sifatida O‘zbekiston chempionati o‘yinlarida bosh hakam bo‘ldi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni va Hindiston chempionatlari o‘yinlarini boshqarishga taklif qilindi.
2013 yildan FIFA hakami. 2014 yilda xalqaro darajadagi hakamlikni boshladi va OFK Kubogida, keyingi yili esa OFK Chempionlar ligasida debyut qildi. 2016, 2020, 2022 yillarda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘yinlarini boshqardi. 2019 yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida zaxira hakami bo‘ldi. 2019 va 2023 yillardagi Osiyo Kuboklarida bosh hakam sifatida ishladi. 2021 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning eng yaxshi hakami deb topildi.
2024 yilda Tantashev Parijdagi Olimpiya o‘yinlari o‘yinlarini boshqarishga taklif qilindi. Marokash va Ispaniya olimpiya jamoalari o‘rtasidagi yarimfinal o‘yinida 12-daqiqada himoyachi Mark Pubil bilan to‘qnashib, jarohat oldi. Oqibatda, o‘yinning qolgan qismini Glenn Nyuberg (Shvetsiya) boshqargan edi.
Jahon chempionati o‘yinlari 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi.
Sport
«Paxtakor» Farg‘onada «Neftchi»ni mag‘lub etib, Superligada peshqadam bo‘lib oldi
Toshkentliklar shu vaqtgacha mag‘lubiyatsiz kelayotgan Farg‘ona klubini to‘xtatishga erishdi.
Superligada nafaqat 6-turning, balki chempionatning muhim o‘yinlaridan biri o‘tkazildi.
«Neftchi» 9 aprel kuni Farg‘onada «Paxtakor»ni qabul qildi. Norasmiy ravishda «O‘zbek klasikosi» deb nomlanadigan bahs qizg‘in kurashlarga boy bo‘ldi.
Birinchi bo‘limda har ikkala jamoa faol o‘ynadi. Ammo faqat «Paxtakor» o‘z imkoniyatidan unumli foydalandi. 22-daqiqada Doston Hamdamov raqib jarima maydoni ichida chaqqonroq harakat qilib, to‘pni darvozaga aniq yo‘lladi.
Ikkinchi bo‘limda «Neftchi» katta ustunlikka ega bo‘ldi, biroq bosh murabbiy Kamoliddin Tojiyev shogirdlari o‘ziga kerakli natijani ushlab qolishga erishdi.
Bu g‘alabadan keyin «Paxtakor» ochkolar (15) soni bo‘yicha «Neftchi»ga yetib oldi. Ammo o‘zaro o‘yindagi natijaga ko‘ra, jadvalning yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Bosh murabbiy Islombek Ismoilov qo‘l ostidagi «Neftchi» mavsumda birinchi marta ochko yo‘qotdi.
Superliga, 6-tur
9 aprel, Farg‘ona, «Istiqlol» stadioni
NeFTChI – PAXTAKOR 0:1
Gol: Dostonbek Hamdamov (22)
Bosh hakam: Ilgiz Tantashev.
Neftchi: Botirali Ergashev, Boyan Tsiger, Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, Abror Ismoilov (Zoran Marushich 73), Jamshid Iskanderov (Asilbek Jumayev 73), Stipe Peritsa, Anvar G‘ofurov, Muhsin Ubaydullayev, Alisher Odilov (Xurshid G‘iyosov 73), Yovan Jokich, Ratino (Vladimir Yovovich 62).
Paxtakor: Sanjar Quvvatov, Muhammadqodir Hamraliyev, Hojiakbar Alijonov, Akmal Mozgovoy, Rustam Turdimurodov (Pyotr Pajishek 74), Dostonbek Hamdamov (Bashar Resan 46), Abdurauf Bo‘riyev, Sardor Sobirxo‘jayev (Shahzod Azmiddinov 78), Sherzod Nasrullayev, Flamarion (Hojimat Erkinov 90), Muhammadrasul Abdumajidov.
Ogohlantirishlar: Hojiakbar Alijonov (2), Ratino (7), Rustam Turdimurodov (60), Sanjar Quvvatov (78), Vladimir Yovovich (83)
-
Dunyodan4 days ago
AQSh Eron urushida kamida 7 samolyotini yo’qotdi
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonga 2 oyda 11 mingdan ortiq xorijlik davolanish uchun keldi
-
Jamiyat2 days agoNavoiyda xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolalarni kaltakladi
-
Jamiyat4 days agoJizzaxda kuchli yomg‘irdan keyin sel kuzatildi
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp Eronni Hormuz muammosi “jiddiy oqibatlarga olib kelishi” haqida ogohlantirdi
-
Dunyodan2 days ago
AQSh va Eron o’rtasidagi sulh bitimi bugun kuchga kirishi mumkin
-
Dunyodan4 days ago
Qanday qilib ikki ayol ixtisoslashgan laboratoriyasiz tibbiyotni yangilashdi?
-
Siyosat21 hours agoSenat yashirin iqtisodiyotga chek qoʻyish maqsadida rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi yangi qonunni maʼqulladi
