Jamiyat
sud majlisi yana 4 kunga qoldirildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida, bugun ko‘rilishi aytilgan, diniy ulamo Alisher Tursunov ishi bo‘yicha sud majlisi 2 oktyabrga qoldirildi. Himoyachining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, sudya kasal bo‘lib qolgan. 10 may kuni qamoqqa olingan ulamo qariyb 5 oydan buyon hibsda qolmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida Alisher Tursunovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha 29 sentabr kuni o‘tkazilishi belgilangan sud majlisi 2 oktabr kuni soat 16.00 ga qoldirildi. Bu haqda xabar bergan Toshkent shahar sudlari majlis qoldirishi sababini izohlamagan. Advokat Abdulloh Sodiqning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, sud rasmiylari sudya kasal bo‘lib qolganini aytgan.
Aslida o‘tgan hafta, 22 sentabr kuni ko‘rilishi lozim bo‘lgan Alisher Tursunov ishi bo‘yicha sud majlisi — bugun 29 sentabr soat 14:00 ga qoldirilgan edi. O‘shanda sud qoldirilishiga sabab sifatida «sudya Bobur Rahimov ayni vaqtda boshqa sud majlisi bo‘yicha maslahatga kirib ketgani va jarayon cho‘zilayotgani» keltirilgan. Shunga qaramay sud zaliga ulamoning o‘zi ham IIV xodimlari hamrohligida olib kelindi va o‘nlab fuqarolar zalga kiritilgan edi.
18 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi sud majlisida davlat qoralovchisi — Uchtepa tumani prokurori o‘rinbosari Erkin Narzullayev suddan Mubashshir Ahmadni Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha aybdor, deb topishni so‘ragandi. Xususan, prokuror Mubashshir Ahmadga «o‘zaro sanksiyalarni qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish» va «BHMning 150 barobari miqdorida jarima» qo‘llashni so‘ragan.
Advokatlar guruhi esa Alisher Tursunovdan 2 ta modda: «Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tarqatish» hamda «Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish» ayblovlarini olib tashlashni so‘radi. Advokatlar, shuningdek materiallarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ruxsatisiz tarqatishga doir ayblovni qisman tan olib, bu harakat ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganini bildirdi. Shu sababli uni JK 70-moddasi tartibda bekor qilishni, tergov organlari rasmiylashtirib olgan texnika va ashyolarni qaytarishni so‘radi.
Ayni kunlarda 2 marta qoldirilgan majlisda sudya Bobur Rahimov ayblanuvchiga so‘nggi so‘z berilishi hamda hukm chiqarish uchun maslahatlashuv xonasiga kirishi kerak edi.
51 yoshli Alisher Tursunov joriy yil 8 may kuni Turkiyada ushlanib, 10 may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. U qariyb 141 kundan buyon hibsda saqlanmoqda.
Ma’lumot uchun, Alisher Tursunovga nisbatan Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan:
244-3-modda: Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish;
244-1-modda: Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish;
156-modda: Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish.
Birinchi sud majlisida sudya – prokurorning iltimosiga asosan majlisda audio va foto-videolarni yozib olishni taqiqlagan. Lekin sud jarayoni ochiq o‘tadi – unda OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etishi mumkin.
Dastlabki uchta sud majlisida ayblov o‘qib eshittirilib, ekspertlar va diniy ulamoning o‘zi ko‘rsatma bergandi.