Jamiyat
Sotilgan orzular yoxud katta bo‘lish kasalligi
Inson ulg‘aygani sari ko‘p narsani o‘rganadi: qanday pul topishni, qanday obro‘ orttirishni, qanday o‘zini oqlashni, qanday qilib kerakli odamlarga yoqishni. Ammo ba’zan shu o‘rganilgan narsalar evaziga eng muhim qobiliyatini – hayratlanish, mehr berish va mas’uliyat hissini yo‘qotadi.
Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asari shunchaki bolalar ertagi emas. Bu – orzularini katta bo‘lishga almashtirgan odamlar haqidagi kitob.
Asar qahramonining samolyoti sahroda halokatga uchraydi. Uning yonida hech kim yo‘q. Ana shunday paytda oldiga g‘aroyib bir bola keladi va juda oddiy iltimos qiladi:
– Menga qo‘zichoqning rasmini chizib ber…
Shu lahzadan boshlab kitob oddiy voqeadan hayot haqidagi katta suhbatga aylanadi.
Kichkina shahzoda yerlik emasdi. U juda kichik bir sayyorada yashardi. Uning sayyorasida uchta vulqon va bitta atirgul bor. Uning atirguli nozik, injiq, maqtanchoq va ayni paytda juda yolg‘iz edi. Kichkina shahzoda uni yaxshi ko‘rsa-da, unchalik tushunmasdi. Gulning injiqliklaridan charchab, sayyorasini tark etadi va boshqa sayyoralarga sayohatga chiqadi.
Aslida kitobning asosiy qismi ham shu sayohatdir. Shahzoda uchratgan har bir odam kattalar dunyosining bir qiyofasini ifodalaydi.
Birinchi sayyorada podshoh yashaydi. U hech kimni boshqarmaydi, ammo o‘zini butun olamning hukmdori, deb hisoblaydi. Uning uchun hokimiyatning o‘zi muhim.
Keyingi sayyorada shuhratparast odam bor. U har bir kelgan mehmondan o‘zini maqtashini talab qiladi. Uning hayoti boshqalarning olqishiga bog‘liq.
Yana bir sayyorada mayxo‘r yashaydi. U nega ichishini so‘rashsa, ichganidan uyalayotganini aytadi. Nima uchun uyaladi, deb so‘rashsa, ichgani uchun uyalayotganini aytadi. Bu aylana hech qachon tugamaydi.
Boshqa bir sayyorada yana ham bemazaroq odam yashardi. U yulduzlarni sanaydi, ularni o‘ziniki deb hisoblaydi. Ammo ular bilan hech narsa qilmaydi. Faqat egalik qilish hissining o‘zi uni qoniqtiradi.
Yana geograf bor. U butun dunyo haqida kitob yozadi, ammo hayotida biror joyni borib ko‘rmagan.
Bu qahramonlar kulgili tuyuladi. Biroq muallifga ko‘ra, biz ularning har birini haqiqiy hayotda uchratamiz. Ba’zan esa ularning bir qismi o‘zimizda ham borligini sezib qolamiz.
Tulki kitobdagi eng dono qahramon hisoblanadi. U shahzodaga hayot haqida kitoblarda topib bo‘lmaydigan haqiqatlarni aytadi. Uning birinchi sabog‘i shunday bo‘ladi: “Agar biror narsani o‘zingga do‘st qilsang, u uchun mas’ul bo‘lasan”.
Bu juda oddiy fikrga o‘xshaydi. Ammo hayotimizdagi eng muhim munosabatlarning asosi aynan shu. Ota-ona va farzand munosabati ham, do‘stlik ham, muhabbat ham mas’uliyatsiz yashay olmaydi.
Kichkina shahzoda yana bir muhim haqiqatni anglaydi.
U Yerda minglab atirgullarni ko‘radi. Avval o‘ziga xos deb bilgan gulidan bu yerda son-sanoqsiz ekaniga guvoh bo‘ladi. Bir lahzaga uning atirguli oddiydek tuyuladi. Ammo keyin tushunadi: uning guli boshqalardan chiroyliroq bo‘lgani uchun emas, balki u bilan vaqt o‘tkazgani uchun qadrli. Uni sug‘organi, shamoldan asragani, gaplarini eshitgani uchun qadrli.
Bu degani, inson uchun muhim narsalar tayyor holda qadrli bo‘lib qolmaydi. Ajratilgan vaqt va mehr ularni qadrli qiladi.
Kitobning yana bir qiziq jihati bor. Muallif kattalarni tanqid qilar ekan, ularni yomon odamlar sifatida ko‘rsatmaydi. Aksincha, u kattalarning nimanidir yo‘qotib qo‘yganini ko‘rsatadi. Ular bir vaqtlar bola bo‘lgan. Ular ham hayratlangan, orzu qilgan, oddiy narsalardan quvongan. Keyin esa raqamlar, hisob-kitoblar va tashvishlar orasida o‘sha qobiliyatlarini yo‘qotgan.
Kitobda uchuvchi kichikligida bo‘g‘ma ilonning rasmini chizadi. Kattalar esa uni shlyapa deb o‘ylaydi. Muallifga ko‘ra, biz ko‘pincha haqiqatni emas, ko‘rishga odatlangan narsalarimizni ko‘ramiz. “Kichkina shahzoda” shu ma’noda bolalar haqidagi kitob emas. U bolaligini yo‘qotgan kattalar haqidagi kitob.
Muallif katta bo‘lib ham hayratlanish qobiliyatini saqlab qolgan odamlarni eng baxtli odamlar, deb hisoblaydi.
Bu kitobni endi o‘qiysizmi-yo‘qmi, bilmadim. Biroq farzandingiz albatta o‘qishi shart!
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot13 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat9 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat8 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
