Jamiyat
Sirdaryodagi Media haftalik doirasida «Biz — jurnalistlar» kitobi taqdimoti o‘tkazildi (foto)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi, Jurnalistlar uyushmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan Media haftalik doirasida Guliston shahrida «Biz — jurnalistlar» kitobining taqdimoti va mualliflar bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.
Mazkur kitobda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida 1990–1996-yillarda tahsil olgan 54 nafar saboqdoshning ijod namunalari — maqola, she’r, hikoya va suratlari jamlangan. O‘ttiz yil muqaddam ushbu dargohni bitirgan talabalar orasidan bugungi kunda respublikaga taniqli ko‘plab jurnalist va muharrirlar yetishib chiqqan.
Tadbirni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi Dilorom Ismadiyorova olib bordi. So‘ngra «Biz — jurnalistlar» loyihasi tashkilotchilaridan biri va muallifi Abdug‘ani Abdurahmonov to‘plamning yaratilish tarixi haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, asar mualliflaridan Quvondiq Siddiq, Muhayyo Astanova, Muxtasar Qodirova, Nargiza Pirnazarova va Farida Tojiboyevalar jurnalistlik missiyasi, ijod gashti hamda kasb mas’uliyati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Taqdimotda so‘zga chiqqan sirdaryolik ijodkorlar — «Universitet ovozi» gazetasi bosh muharriri Munavvar Pardayev, «Ma’rifat va yoshlar» gazetasi bosh muharriri, shoir Alisher Nur, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Bahor Xolbekova, «Yangi Sirdaryo» gazetasi maxsus muxbiri Muhammadali Ahmad, «Shirin sadosi» gazetasi bosh muharriri Obloqul Ashurqulov, «Xalq so‘zi» gazetasining viloyatdagi muxbiri Ahmadali Shernazarov va boshqalar yangi nashr haqida iliq mulohazalarni bayon etishdi.
Taqdimotda faol ishtirok etgan qatnashchilarga mualliflar tomonidan «Biz — jurnalistlar» kitobi sovg‘a qilindi.