Siyosat
Shavkat Mirziyoyev ShHT norasmiy tadbirlarida qatnashdi
31-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga Tyanszin shahridagi “Meyszyan” kongress markazida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining norasmiy tadbirlarida ishtirok etdi.
Tadbirlarda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Misr, Kambodja, Nepal, Armaniston hukumatlari rahbarlari hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham qatnashdi.
Davlatimiz rahbari va rafiqasini Xitoy Raisi Si Szinpin va rafiqasi samimiy kutib oldi.
Shundan so‘ng xorijiy yetakchilarga Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszin sammitiga bag‘ishlangan konsert dasturi namoyish etildi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini tabrikladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 81 yillik bayrami bilan tabrikladi.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, fashizmga qarshi urushda o‘sha davrda 6 million 800 ming kishidan iborat bo‘lgan respublikamiz aholisining 1 million 950 ming nafari ishtirok etgan.
Shundan yarim milliondan ziyod kishi jang maydonlarida halok bo‘lib, 158 mingdan ko‘prog‘i bedarak yo‘qolgan, 60 ming nafardan ortiq vatandoshimiz esa nogiron bo‘lib qaytgan. Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lsa-da, bu ayanchli raqamlar qalblarimizni hali ham iztirobga soladi.
Urush davrida 214 ming nafar o‘zbekistonlik askar va ofitserlar jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan bo‘lsa, ularning 301 nafari eng oliy nishon – Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan, 70 nafar yurtdoshimiz esa uchala darajadagi «Slava» ordeni bilan mukofotlangan.
Insonparvarlikni buyuk qadriyatga aylantirgan xalqimiz urush hududlaridan ko‘chirib keltirilgan 1 million 500 mingdan ortiq insonga, jumladan, ota-onasi va oilasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar bolaga boshpana berib, ularga mehr-oqibat ko‘rsatdi.
Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, xususan, urush va mehnat faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sog‘lom va mazmunli hayot kechirishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 30 million so‘m miqdorida pul mukofotlari berilganini ta’kidlash lozim. Urush qatnashchilari va nogironlari, mehnat faxriylarining salomatligini muhofaza qilish, ularni sanatoriylar, dam olish maskanlariga bepul va imtiyozli asosda yuborish bo‘yicha samarali tizim faoliyat ko‘rsatmoqda.
«Bugungi g‘oyat tahlikali zamonning o‘zi barchamizdan jamiyatimizdagi tinchlik va barqarorlik, millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlik muhitini yanada qadrlab yashashni talab etmoqda.
Hech qachon unutmaylik, milliy birlik va hamjihatlik – bizning bebaho boyligimiz, barcha yutuq va g‘alabalarimizning mustahkam asosidir.
Hozirgi murakkab davrda Vatanimiz mustaqilligini, xalqimiz osoyishtaligini asrash, iqtisodiy qudratimiz, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirish, jahon hamjamiyati, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni zararli ta’sirlardan himoya qilish biz uchun hal qiluvchi vazifa bo‘lib qolmoqda. Ishonchim komil, bu borada 81 yil oldin g‘alaba bayrog‘ini jahon uzra baland ko‘tarishga munosib hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning, xalqimizning mardlik va matonat maktabi bizga madadkor kuch bo‘lib xizmat qiladi», deyiladi tabrikda.
Siyosat
O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari uchrashdi
8-may kuni Moskva shahridagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari G‘alabaning 81 yilligi munosabati bilan bir-birini samimiy qutladilar.
O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini avvalgi oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro savdo hajmi barqaror oshib borayotgani, sanoat, energetika, metallurgiya va boshqa tarmoqlarda loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish va ustuvor tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini jadallashtirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish, shuningdek, hududlar darajasida faol aloqalarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvni yanada ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Moskvadagi G‘alaba paradida ishtirok etmaydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 may kuni Rossiya poytaxtida bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradida ishtirok etmaydi. Davlat rahbari Kreml e’lon qilgan mehmonlar ro‘yxatida qayd etilmagan. Unga, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining boshqa rahbarlari ham kiritilmagan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, paradda Abxaziya, Belarus, Laos, Malayziya, Slovakiya, Janubiy Osetiya, Serbiya yetakchilari ishtirok etadi.
Bu yilgi parad o‘tgan yillardagidan farqli ravishda, harbiy texnikalarsiz, mobil aloqani cheklagan holda o‘tkazilishi kutilmoqda. Sababi Putin shaxsan ishtirok etadigan tadbirga Ukraina tomonidan hujum uyushtirilishi ehtimoli yuqori. Ukraina prezidenti Zelenskiy ham buni istisno etmagan.
Siyosat
Prezident «Matonat madhiyasi» yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni poytaxtimizdagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi.
Ikkinchi jahon urushining tugaganiga qariyb 81 yil bo‘ldi. Shuncha vaqt o‘tsa-da, urushning achchiq tarixi, u olib kelgan mislsiz kulfat va musibatlar insoniyat xotirasidan o‘chgani yo‘q. Aksincha, bu mudhish xotiralar bizga tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho ne’mat ekanini doimo eslatib turadi. 9-may – Xotira va qadrlash kuni zamirida ana shunday mohiyat mujassam.
Davlatimiz rahbari G‘alaba bog‘ida ushbu sana munosabati bilan tashkil etilgan xotira marosimida ishtirok etdi.
An’anaga muvofiq, Prezident Shavkat Mirziyoyev «Matonat madhiyasi» yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. Mazkur muazzam obida urushda xalqimiz chekkan azob-uqubatlar, matonat va yo‘qotishlarning ifodasidir.
– Bugun oramizda sog‘-salomat yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, barcha nuroniylarimizga alohida mehrimiz, ehtiromimizni izhor etamiz. Ushbu majmua buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan ko‘p millatli xalqimizning jasorati va qahramonligini tarannum etadigan tabarruk maskan, desak, to‘g‘ri bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fashizmga qarshi qonli janglarda o‘sha paytda 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan aholimizning qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok bo‘lgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan.
O‘zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ularning jasoratidan dalolat beradi.
Mamlakatimiz urush yillarida frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylangan, jang maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, kiyim va oziq-ovqatlar yetkazib turilgan. G‘oyat og‘ir sharoitga qaramay, xalqimiz urush hududlaridan ko‘chirib kelingan 1 million 500 mingga yaqin insonni, jumladan, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolani o‘z bag‘riga olib, mehr ko‘rsatgan.
Tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etib, mazkur yodgorlik poyiga gullar qo‘ydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘idagi «Millat fidoyilari» xiyobonida ham bo‘lib, mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
– Bir yil oldin mana shu hududda «Millat fidoyilari» majmuasini barpo etganimiz, albatta, bejiz emas. U Vatan himoyasi har bir avlodning muqaddas ishi ekani, vatanparvarlik an’analari davomiyligini eslatib turadi, – dedi Prezidentimiz.
Majmuada mustaqillik yillarida Vatanimiz ozodligi, el-yurtimiz tinchligi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan 196 nafar harbiy xizmatchi va huquq-tartibot organlari xodimlarining nomlari muhrlab qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari ota-onalarga shunday bahodir, dovyurak farzandlarni dunyoga keltirib, haqiqiy vatanparvar etib tarbiyalagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Xalqimiz navqiron yoshda dushmanga qarshi o‘zini qalqon qilgan bunday fidoyi qahramon o‘g‘lonlarimizni hech qachon unutmaydi. 2025 yilning o‘zida bu majmuani 650 mingga yaqin yurtdoshimiz va xorijiy mehmonlar ziyorat qilgan.
Bu yerda ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tarix, vatanparvarlik, «Kelajak soati» darslari o‘tkazilmoqda. Bunday ishlar, ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega va ularni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Joriy yil buyuk Amir Temur bobomizning 690 yillik tavallud sanasi yurtimizda, chet ellarda keng nishonlanyapti.
Sohibqiron bobomizning davlatchilik, jasorat va qahramonlik mash’alasi bugun ham porlab turibdi. Bu ulug‘ an’anani jasur askar, ofitser va generallarimiz munosib tarzda davom ettirmoqda. Ular bizning katta boyligimiz, Vatanimizning ishonchli va mustahkam qalqonlari ekani ta’kidlandi.
– Bugun bu yerda saf tortib turgan «Temurbeklar maktablari» o‘quvchilari, mard harbiylarimiz timsolida Alpomish, Manguberdi va Amir Temurlarning yangi avlodini ko‘ramiz. Buyuk ajdodlarimizning boy merosi, ilm va tajriba maktabi nafaqat muzeylarimiz, balki qalbimizga ham qaytmoqda. Bamisoli ular qayta tirilib, Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini biz bilan birga barpo etmoqda. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini borib ko‘rgan har bir odam buni chuqur his etadi, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilganidek, Vatanni himoya qilish – davlat va xalq uchun hech qachon kun tartibidan tushmaydigan masala. Bu barchamiz uchun – muqaddas va buyuk burch. Ayniqsa, bugungi o‘ta tahlikali zamonda bu o‘n karra, yuz karra dolzarb bo‘lib bormoqda.
Joriy yil Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi katta tantana bilan nishonlanadi. Ushbu ulug‘ sana “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu shior asosida kutib olinayotgani zamirida, albatta, chuqur ma’no bor.
– Bugun yaqin-atrofimizdagi mintaqalarda bo‘layotgan qarama-qarshilik va urush-janjallarni ko‘rib turibmiz. Mana shunday murakkab vaziyatda milliy birlik va hamjihatlikni saqlash – eng katta kuch, eng katta boylik ekanini hayotning o‘zi yana bir bor tasdiqlamoqda. Vatanni himoya qilish – dunyodagi eng ulug‘ va sharafli ishdir. Bu haqiqatni chuqur anglab, harbiy qasamyodiga doimo sodiq bo‘lib kelayotgan botir va dovyurak o‘g‘lonlarimizga har qancha tasannolar aytsak arziydi, – dedi davlatimiz rahbari.
«Millat fidoyilari» xiyoboni kechayu kunduz jasorat ovozi yangrab turadigan, tinchlik uchun kurashga chorlaydigan qutlug‘ maskan bo‘lib qolishi, minglab, millionlab Vatan posbonlarini tarbiyalashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan o‘g‘lonlarimizning oila a’zolari va farzandlariga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.
Siyosat
Prezident Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan xabar oldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini ziyorat qilib, bayram bilan tabrikladi.
Davlatimiz rahbari Qurolli Kuchlar Bosh harbiy klinik gospitalida Akmal ota Akramov, Vera Juravskaya, Hasanboy ota Xalmatov va Vladimir Alekseykov bilan dildan suhbatlashdi. Nuroniylarning hol-ahvoli va salomatligi bilan qiziqdi. Ularning mashaqqatli hayot yo‘li hamda ko‘rsatgan jasoratlarini alohida e’tirof etdi.
– Sizlar tarixning jonli guvohi, matonat timsolisizlar. Sizdek tabarruk insonlar bilan uchrashish, o‘gitlaringizni tinglash bizga katta ma’naviy kuch bag‘ishlaydi. Xalqimiz sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi. Bugungi tinch va ozod kunlar, avlodlarning baxtiyor istiqboli sizlarning mislsiz fidokorligingiz mahsulidir. Sizlarning ibratli hayot yo‘lingiz yoshlarimiz uchun haqiqiy matonat maktabidir, – dedi Prezident.
Prezidentning joriy yil 16-apreldagi qaroriga muvofiq, urush va mehnat faxriylariga yuksak darajada ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti faxriylari hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari davlatimizning doimiy g‘amxo‘rligida. Ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish barobarida salomatliklarini tiklash uchun respublikamizning eng yaxshi sanatoriylariga imtiyozli yo‘llanmalar ajratilgan.
– Yaratgan sizlarga vatanparvarlik va fidokorona mehnatingiz mukofoti sifatida uzoq umr, el-yurt ardog‘ida yashash baxtini ato etgan. Sizlarning duolaringiz yurtimiz uchun omonlik, ishlarimizga barakadir, – dedi Prezidentimiz.
Uchrashuvda nuroniylar yurtimizda tarixiy xotirani tiklash, keksalarni e’zozlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
-
Jamiyat5 days agoChustda qalbaki dollar sotuvchilari qo‘lga tushdi
-
Jamiyat5 days ago
Prezident Buyuk Britaniyaning ikki marhum fuqarosini mukofotladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Endi chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarish mumkin bo‘ladi
-
Dunyodan5 days ago
Amirliklar neft eksport qiluvchi arab davlatlari tashkilotini tark etadi
-
Dunyodan4 days agoXitoyda pirotexnika zavodining portlashi oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi
-
Siyosat2 days agoOʻzbekistonda Mudofaa vazirligi tarkibida sunʼiy intellekt boʻlimi va kiberxavfsizlik instituti tashkil etildi
-
Iqtisodiyot4 days ago
budjet tarkibida qaysi soliqlarning ulushi ko‘proq?
-
Dunyodan4 days agoTahlilchilar neft haqida xavotirli ma’lumotlarni e’lon qilishdi
