Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Dohada bo‘lib o‘tgan xalqaro sammitda ishtirok etdi va qator takliflarni ilgari surdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni Doha shahrida o‘tayotgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etdi.
Anjuman ishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, BMT Bosh Assambleyasi Raisi Annalena Berbok, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi raisi Lok Bahodir Txapa, davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.
Prezidentimiz so‘zining avvalida forumga yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rilgani uchun tashkilotchilarga minnatdorlik bildirib, global ijtimoiy taraqqiyot uchun muhim maydon bo‘lgan sammit aynan Doha shahrida o‘tkazilayotgani katta ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari keyingi yillarda Qatar ijtimoiy inklyuzivlik va jadal taraqqiyot markaziga aylanib borayotganini ta’kidlab, ushbu mamlakat xalqini erishilgan muvaffaqiyatlar bilan samimiy tabrikladi.
Prezidentimiz bugungi kunda jahon hamjamiyati va milliy hukumatlar ijtimoiy farovonlikni ta’minlash hamda aholi turmush darajasini oshirish yo‘lida birgalikda harakat qilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston, o‘z navbatida, barqaror taraqqiyotga erishishga qaratilgan xalqaro hamkorlikning barcha formatlari va tashabbuslarini doim qo‘llab-quvvatlaydi.
Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda «Inson qadri uchun» degan tamoyil ustuvor bo‘lgan, ijtimoiy adolat ta’minlangan, aholining ehtiyojmand qatlamlari samarali himoya qilingan ijtimoiy davlat barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Oxirgi yillarda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishdik. Biz bu yo‘ldagi islohotlarni bundan keyin ham davom ettiramiz, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Kambag‘allikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligi ta’kidlandi.
– Rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng jalb etish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashishning yangi moliyaviy arxitekturasini yaratish vaqti keldi deb hisoblaymiz, – dedi Prezidentimiz.
Shu munosabat bilan kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga amaliy ko‘mak beradigan Global ijtimoiy adolat fondini ta’sis etish taklif qilindi.
Davlatimiz rahbari bandlik masalalarini samarali hal qilish uchun zamonaviy mexanizmlarni joriy etish muhimligini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, yuqori texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi dunyo bo‘ylab millionlab ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelmoqda. Bunday sharoitda xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy sheriklik tamoyillarini mustahkamlash uchun davlat, biznes va jamiyatning faol hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz «Ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbus»ni ishlab chiqish taklifi qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirdi.
Barcha uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish ijtimoiy muammolarni hal qilishning eng samarali yo‘llaridan biri ekani ta’kidlandi.
Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion AQSh dollarini tashkil etadi.
Bu Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yoshlarning jamiyatda va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishini qiyinlashtiradi, ijtimoiy tengsizlikni esa kuchaytiradi.
Davlatimiz rahbari kuni kecha bo‘lib o‘tgan Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurashish bo‘yicha global alyansning birinchi yig‘ilishida qabul qilingan qarorlarni O‘zbekiston to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Alyansning bo‘lajak sammitlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish va ta’lim masalalarini kun tartibining asosiy mavzusi etib belgilash taklif qilindi.
Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini tizimli himoya qilish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan birgalikda Toshkent shahrida migrantlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazishga hamda bu borada Global dastur qabul qilishga tayyor.
Prezidentimiz iqlim o‘zgarishining ijtimoiy hayotga ta’siri tobora kuchayib borayotganini ta’kidladi. Ekstremal ob-havo hodisalari, cho‘llanish va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, avvalo, aholining zaif qatlamlari – fermerlar, mavsumiy ishchilar, ekologik vaziyati murakkab bo‘lgan hududlarda istiqomat qiluvchi odamlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishni bandlik dasturlari bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston BMT tomonidan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi modelini ishga tushirish niyatida ekanini ma’lum qilib, mazkur tajribani jahon hamjamiyati bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi.
Sammitda qabul qilingan qarorlar butun dunyodagi millionlab odamlarga umid bag‘ishlashi, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga katta hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.
– Xalqaro taraqqiyot yo‘lida ijtimoiy kelishuvni yangilash, har bir inson uchun munosib hayot tarzini yaratish bizning asosiy burchimizdir, – dedi davlatimiz rahbari.
Yakunda O‘zbekiston Prezidenti sammitda qabul qilingan Doha siyosiy deklaratsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va uning barcha tamoyillarini hayotga tatbiq etishga tayyorligini tasdiqladi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot6 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
