Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Budapeshtda Viktor Orban bilan muzokaralar o‘tkazdi
“Karmelita” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston-Vengriya strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Vengriya yetakchisiga Budapesht shahrida O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
Amaliy hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Parlamentlar, hukumatlar, idora va hududlar darajasida samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. BMT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlik qilinmoqda.
O‘zaro savdo hajmi ortmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yetakchi korxonalarning kooperatsiyasi kuchaymoqda.
Tovar ayirboshlash hajmini, shu jumladan import o‘rnini bosish va “GSP+” maqomi hisobiga birinchi bosqichda 500 million yevroga yetkazish muhimligi qayd etildi.
Shu maqsadda laboratoriyalar Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkaziladi, tovarlarni oldindan sertifikatlash dasturi va eksport qiluvchi kompaniyalarga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shma platforma ishga tushiriladi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli 500 million dollarni tashkil etadi. Bu galgi tashrif uchun yana 1,5 milliard yevrolik yangi loyihalar tayyorlangan.
Vengriyaning “OTP” banki O‘zbekiston moliya bozoriga chiqqani Vengriya va Yevropa biznesi uchun kuchli rag‘bat bo‘lgani ta’kidlandi. Bank bilan moliyalashtirish vositalarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Avtokreditlashni rivojlantirish uchun qo‘shma kompaniya tashkil etish va biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishga tushirish shular jumlasidan. Sirdaryo viloyatida parrandachilik klasterini tashkil etish ham faol bosqichda.
Ertalab ishbilarmon doiralar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, avtomobil yo‘llari va logistika markazlarini qurish, kommunal tarmoqlarni rivojlantirish, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, kimyoviy tovarlar, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalar, baliqchilik kabi sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Bunday ishlab chiqarishlarni O‘zbekistonda joylashtirish uchun Vengriyaning “Inpark” operatori boshqaruvida Yevropa kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etilayotgani ta’kidlandi.
Umuman, joriy yil iyul oyida Budapesht shahrida bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida Investitsiyaviy sheriklik dasturini tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.
Shuningdek, O‘zbekiston-Vengriya Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini qayta tiklash va yaqin fursatda uning navbatdagi yig‘ilishini biznes vakillarining keng ishtirokida o‘tkazish taklif qilindi.
O‘tgan yil oktyabr oyida Qo‘qon shahrida o‘tgan birinchi Hududlar forumining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi. Hududlararo aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida Vengriyada ikkinchi forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ishbilarmonlik, turizm va madaniy almashinuvlarni faollashtirish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Madaniy-gumanitar sohadagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘tgan yilning oktyabr oyida Lakitelek shahrida buyuk shoir Alisher Navoiy byusti ochildi. Joriy yilning yanvar oyida Budapeshtda O‘zbek kinosi kunlari o‘tkazildi.
Kelgusi yilni O‘zbekiston va Vengriya madaniyati yili deb e’lon qilish taklifi bildirildi. Vengriya davlat opera teatri sahnasida “Lazgi” baletini sahnalashtirish va Budapeshtdagi Etnografiya muzeyida o‘zbek madaniyati ko‘rgazmasini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Ta’lim almashinuvi bo‘yicha “Stipendium Hungaricum” dasturi doirasidagi hamkorlik davom ettiriladi. Shuningdek, ikki mamlakatda tan olinadigan diplomlar berish tizimini joriy etish va mamlakatimizda Vengriya oliy ta’lim muassasalarining filiallarini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shu ma’noda, joriy yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston va Vengriya rektorlarining uchinchin forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi, odam savdosi va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
Erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida mutasaddi vazirliklarga qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash topshirildi.
Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Viktor Orbanni javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.
Siyosat
O‘zbekiston hukumati Suriyaga yangi elchisini jo‘natdi
O‘zbekistonning Suriyadagi elchisi (qarorgohi Al-Kuvaytda) Ayubxon Yunusov mamlakat tashqi ishlar vaziri Asad Hasan ash-Shayboniga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
Uchrashuv davomida Suriya vaziri Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratishini alohida ta’kidladi.
So‘nggi paytlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalar faollashgani qayd etildi, siyosiy muloqotni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi. Xususan, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Suriya hukumatlararo qo‘mitasini tuzish, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini shakllantirish hamda boshqa qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga yetib bordi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga rasmiy tashrif bilan Belgrad shahriga keldi.
Serbiya havo hududida O‘zbekiston yetakchisining samolyotiga mezbon mamlakat Harbiy havo kuchlarining qiruvchi uchoqlari hamrohlik qildi.
Nikola Tesla nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonlarni Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich va uning rafiqasi kutib oldi.
Ikki mamlakatning davlat bayroqlari ko‘tarilib, Faxriy qorovul saf tortdi.
Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga boshlanadi. Dasturga muvofiq, O‘zbekiston – Serbiya oliy darajadagi muzokaralari hamda ikki mamlakat rasmiylari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ularning yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Serbiyaga boradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning taklifiga binoan 7-8-sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Belgrad shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda ikki mamlakatning rasmiylari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes forumi o‘tkaziladi.
Bo‘lajak muloqotlar kun tartibidan O‘zbekiston – Serbiya ko‘p qirrali sherikligini yanada mustahkamlash masalalari o‘rin olgan.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda transport, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tartibli mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, hududlararo va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari ham muhokama qilinadi.
Sammit yakunida hukumatlararo va idoralararo kelishuvlarning salmoqli to‘plami qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Siyosat
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев Шанхай ҳамкорлик ташкилотига аъзо давлатлар раҳбарлари кенгашининг навбатдаги йиғилиши ҳамда «ШҲТ плюс» форматидаги учрашувда иштирок этиш учун Бишкек шаҳрига келди.
«Манас» халқаро аэропортида давлатимиз раҳбарини Қирғиз Республикаси Вазирлар Маҳкамаси Раиси – Президент Администрацияси раҳбари Адилбек Қасималиев ва бошқа расмийлар кутиб олди.
Бугун Ўзбекистон Президенти қатор икки томонлама учрашувлар ўтказади ҳамда VI Бутунжаҳон кўчманчилар ўйинларининг очилиш маросимида иштирок этади.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi
Bishkek shahrida o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisiga O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabrigi hamda O‘zbekiston – Xitoy ko‘p qirrali munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Kelgusi yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 35 yil to‘ladi. Ushbu qutlug‘ sanani keng nishonlash bo‘yicha tadbirlar dasturini tayyorlash taklif etildi.
So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Barcha darajalarda aloqalar izchil mustahkamlanib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik rivojlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.
Tomonlar tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi tizimli strategik muloqotni davom ettirish va parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladilar. O‘zbekiston “yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi qat’iy kurashni doimiy qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard dollarga yaqinlashdi. Kelgusida uning yanada o‘sishiga ishonch bildirildi.
Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi marrani belgilash taklif etildi. Shu maqsadda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hamda O‘zbekiston korxonalarining Xitoyda o‘tkaziladigan savdo ko‘rgazmalarida faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davom ettiriladi.
Amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard dollarni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport va infratuzilma, qishloq xo‘jaligi hamda yuqori texnologiyalar sohalarida sanoat kooperatsiyasining istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi. Raqamli iqtisodiyot, tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni o‘zlashtirish va qayta ishlash sohalaridagi “o‘sish nuqtalari” kengaytiriladi.
Texnologik sheriklikning yorqin namunasi sifatida “BYD” kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qayd etildi. Ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliylashtirish darajasini oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Xitoy kompaniyalariga O‘zbekiston hududlaridagi qo‘shma sanoat zonalarida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishda yanada faol ishtirok etish taklif qilindi.
Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va ularning mamlakatimizdagi loyihalardagi ishtirokini kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Energetika sohasidagi hamkorlik yuqori baholandi. O‘zbekiston an’anaviy va muqobil energetika sohalaridagi sheriklikni kengaytirish hamda Xitoy kompaniyalarini tinch atom loyihalariga jalb etishdan manfaatdor.
Hududlararo almashinuvlar faol rivojlanmoqda. O‘zbekistonning barcha viloyatlari Xitoy provinsiyalari bilan faol hamkorlik qilib, ko‘pgina qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. May oyida Sian shahrida uchinchi Hududlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘lini qurish ishlari samarali davom ettirilmoqda. Mazkur yo‘nalish Yevroosiyo transport ekotizimining muhim bo‘g‘iniga aylanishi hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada kuchaytirishiga ishonch bildirildi.
Muzokaralar davomida turizm va gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Vizasiz tartib amal qilmoqda, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va parvozlar sonini ko‘paytirish rejalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Xitoy madaniyat markazlarini ochish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. 2027-2029-yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar dasturini qabul qilish taklif etildi.
Ilm-fan, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik muntazamlik kasb etgan. “Lu Ban ustaxonalari” va Konfutsiy institutlari faoliyati hamda hududlarda qo‘shma ta’lim loyihalarini rivojlantirish ishlari davom ettiriladi.
Xitoy tilini o‘rganishni, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ta’lim dasturlarini yanada kengaytirish hamda yurtimiz yoshlarining Xitoyda tahsil olishi uchun kvotalarni oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Kosmosni o‘zlashtirish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida qayd etildi.
“Xitoy – Markaziy Osiyo” formatidagi mintaqaviy sheriklikni yanada chuqurlashtirish va uning kelgusi yilda Xitoyda bo‘lib o‘tadigan uchinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Raisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.
-
Sport2 days ago
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
-
Jamiyat2 days ago
Prezidentning xususiylashtirishga oid farmoni e’lon qilindi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda yana bir BRT yo‘lagi foydalanishga topshirildi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Serbiyaga boradi
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga yetib bordi
-
Jamiyat1 day ago
Hokim yordamchilarining 9 ta asosiy vazifasi belgilab berildi
-
Jamiyat2 days ago
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
-
Iqtisodiyot2 days agoDollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
