Jamiyat
Sergeli avtomobil bozori uchun alohida lokal yo‘l tashkil etilmoqda
Toshkent shahridagi Sergeli avtomobil bozori atrofidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida harakatni tashkil etishning yangi sxemasi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, bozorga kirib-chiquvchi transport vositalari uchun alohida lokal yo‘l barpo etilmoqda.
Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qilishicha, Sergeli avtomobil bozori poytaxtdagi eng yirik transport oqimini shakllantiruvchi hududlardan biri hisoblanadi. Bozor 5 400 ta avtomobil sig‘imiga ega bo‘lib, har kuni uning Yangi Sergeli ko‘chasiga tutash kirish-chiqish nuqtalaridan 1 500 dan ortiq transport vositasi foydalanadi.
Yillar davomida aynan shu holat Yangi Sergeli ko‘chasida transport yuklamasining oshishi va tirbandliklarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lib kelgan.
Yangi loyiha doirasida tashkil etilayotgan lokal yo‘l bozor bilan bog‘liq transport oqimini asosiy harakat qatnovidan ajratish imkonini beradi. Endi haydovchilar bozorga kirish va chiqishda umumiy transport oqimiga xalal bermasdan harakatlanishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, loyiha doirasida piyodalar va velosipedchilar uchun alohida infratuzilma yaratilmoqda. Bozor hududidagi avtoturargohlarni tartibga solish maqsadida esa 2 mingdan ortiq avtomobil joyi uchun yo‘l chiziqlari chizilgan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur yechim Yangi Sergeli ko‘chasidagi tirbandliklarni kamaytirish, harakat xavfsizligini oshirish va jamoat transporti harakati samaradorligini yaxshilashga xizmat qiladi.