Iqtisodiyot

Senat “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi

Published

on


Qonun bilan kasallik munosabati bilan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish, ishni yoki daromadni yo‘qotish bo‘yicha sug‘urta to‘lovlari maxsus jamg‘arma tomonidan to‘lanishi belgilanmoqda.

Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilinib, ma’qullandi, deya xabar bermoqda palata matbuot xizmati.

Mazkur Qonun ilgari senatorlar tomonidan bildirilgan qator e’tirozlar asosida rad etilgan edi. So‘ng Oliy Majlis palatalari o‘rtasida kelishuv komissiyasi tuzilib, hujjat qayta ishlab chiqildi.

Qonunga ko‘ra, kasallik sababli vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish, ishni yoki daromadni yo‘qotish bilan bog‘liq sug‘urta to‘lovlari Davlat ijtimoiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi.

“Bunday sug‘urta hodisalari yuzaga kelgan taqdirda jamg‘arma sug‘urtalangan shaxslarga yoki ularning oila a’zolariga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hamda ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lab beradi”, — deyiladi rasmiy xabarda.

Ta’kidlanishicha, jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

• ijtimoiy soliqning bir qismi;

• sug‘urta badallari;

• respublika budjeti mablag‘lari;

• jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

• qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

Shuningdek, qonunda davlat ijtimoiy sug‘urtasining amal qilishi kimlar uchun majburiy, kimlar uchun ixtiyoriy asosda bo‘lishi ham belgilangan.

Majburiy sug‘urta bilan qamrab olinadigan fuqarolar uchun sug‘urta badali O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonun bilan belgilangan miqdorlarda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining bir qismi hisobidan shakllantiriladi.

Ixtiyoriy sug‘urta bilan qamrab olinadigan shaxslar esa qonunchilikda belgilangan eng kam to‘lov miqdoridan kam bo‘lmagan badal to‘laydi.

Yalpi majlisda senatorlar sug‘urta badallari miqdori, sug‘urtalangan shaxslarning huquq va majburiyatlari, sug‘urta tizimi barqarorligini ta’minlash kafolatlari, to‘lovlarni tayinlash, to‘xtatib turish va bekor qilish tartiblari yuzasidan ham fikr almashdilar.

“Qonunning qabul qilinishi xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ish beruvchilarga yuklatilgan ijtimoiy to‘lovlar yukini kamaytirish hamda ishga qabul qilish jarayonida xotin-qizlarga nisbatan kamsitish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2024 yilda ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan edi. 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version