Jamiyat
Sea Breath Uzbekistan bizga qanchalik kerak? Uni qurish uchun uchta shart
O‘tgan oylar, balki yilning eng ko‘p muhokama qilingan ekologik mavzusi – Sea Breath Charvak majmuasining qurilishi bo‘ldi. Ekofaollar bunda ko‘proq xavf ko‘rayotgan bo‘lsalar, iqtisodchi mutaxassislar uning foydasi haqida gapirmoqda. Vaziyat qanday?
Hafta o‘rtasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekistondagi ko‘plab OAV vakillari uchun Ozarbayjonga safar tashkil qilindi va jurnalistlar loyiha asoschisi Emin Agalarovga tegishli bo‘lgan Sea Breeze Resort majmuasi bilan tanishib qaytdilar. Safar davomida shaxsan Agalarovning o‘zi jurnalistlar bilan uchrashdi va loyiha atrofidagi savollarga javob berdi.
Xabar.uz mana shu masalalarga to‘xtalib o‘tadi.
Sea Breath Uzbekistan kabi yirik majmuaning qurilishi, darhaqiqat, sayyohlarni jalb qilish va yurtimiz rivojiga qaratilgan ulkan loyihadir. Bunga hech qanday shubha yo‘q. Biroq, har qanday keng ko‘lamli qurilishda bo‘lgani kabi, bu yerda ham hisobga olinishi shart bo‘lgan jihatlar mavjud.
Loyihaning ijobiy tomonlari haqida ko‘p gapirish shart emas. Qurilish jarayonidayoq qancha odam ish bilan ta’minlanadi, u bitgach yana qanchasi barqaror daromad manbaiga ega bo‘ladi, Agalarov aytmasa ham tushunib turibmiz. Sea Breath Uzbekistan tufayli ko‘pchilik ishlik bo‘lib qoladi – xizmat ko‘rsatish xodimlari, ma’muriyat, sotuvchilar, gidlar va hkz. Sayyohlar oqimi oshadi, infratuzilma yaxshilanadi, mahalliy budjet daromadlari oshadi. Muhimi, Agalarov ta’kidlab o‘tganidek: “Bularning barchasini o‘zi bilan hech qayerga olib keta olmaydi, hammasi O‘zbekistonda qoladi”.
Kuni kecha Turizm qo‘mitasi tomonidan ajoyib statistika e’lon qilindi, unga ko‘ra 2025 yilning aprel-iyun oylarida O‘zbekistonga uch milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.
E’tiborli tomoni, 2024 yilning shu davriga nisbatan xorijiy sayyohlar soni qariyb 20 foizga ko‘paygan va bu jarayon davomli bo‘lmoqda. Pandemiya tugagach har yili sayyohlar soni barqaror ravishda oshib boryapti. Ammo sohada yangilik qilib turilmas ekan, qachondir bu tendensiya to‘xtab qolishi mumkin. Shu tomonlama Sea Breath Uzbekistan – darhaqiqat katta topilma. Boz ustiga, bir deganda 10 milliard dollar sarmoya kirita oladigan tadbirkorni topish ham oson ish emas. Agalarov esa bunga tayyor.
Ammo endi ekofaollar ko‘tarayotgan masalaga o‘tsak. Bunday katta majmua qurilishi Chorvoq ko‘li ekotizimiga ta’sir ko‘rsatishi aniq. Garchi loyiha mualliflari ta’kidlayotganidek Chorvoq qurilish va maishiy chiqindilardan maksimal muhofaza etilsa-da, tabiiy landshaftning buzilishi, daraxtlarning kesilishi – barchasi ro‘y berishi muqarar. Hatto Agalarovning o‘zi ham tan oldi, qurilish davomida qanchadir miqdorda daraxt kesiladi, ammo o‘rni o‘n barobar ko‘proq qilib to‘ldiriladi.
– Siz ko‘rib turgan mana shu Sea Breeze Resort majmuasidagi daraxt, buta va gullarning 90 foizi ilgari bu yerlarda o‘smas edi. Ekologlarimizning katta mehnati evaziga ilgari bo‘lmagan florani o‘stirishga muvaffaq bo‘ldik. Chorvoqda ham shunaqa qilmoqchimiz, u yerga turli daraxt, gul va butalarni olib boramiz, – dedi tadbirkor.
Emin Agalarovning aytishicha, Sea Breeze Resort’ni ko‘kalamzorlashtirish uchun o‘tgan yilning o‘zida 35 million dollar mablag‘ sarflangan. Chorvoqda ham yashillikka kiritiladigan sarmoya bundan kam bo‘lmaydi.
Albatta hammani qiziqtirgan yana bir masala – kanalizatsiya tizimi bo‘lib turibdi. Boisi Chorvoqda markazlashgan kanalizatsiya tizimi yo‘q va bu qadar katta majmuaning ishga tushishi suv zaxirasiga xavf soladi.
Agalarovning ta’kidlashicha, loyiha qurilishi boshlangan taqdirda hukumat Chorvoq hududida kanalizatsiya tizimini qurib, ishga tushirishga tayyor. “Hozir u yerda faoliyat olib borayotgan dam olish ob’yektlarining birortasi markaziy kanalizatsiya tizimi bilan ta’minlanmagan. Barchasi lokal kanalizatsiyaga ega va bu ekologiyaga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Biz qurilishni boshlasak, kanalizatsiya tizimi ham bo‘ladi, natijada Chorvoq hozirgidan ancha toza bo‘ladi”, – dedi Agalarov.
Tadbirkor shu o‘rinda Sea Breeze Resort joylashgan Kaspiy dengizini misol qilib keltirdi. Uning aytishicha, majmua qurilganga qadar yon-atrofdagi aholi yashash maskanlarining kanalizatsiya tizimi Kaspiyga qaratilgan edi. Natijada yoz oylariga kelib, qirg‘oq bo‘ylaridan badbo‘y hid chiqqan. Sea Breeze Resort ishga tushishi natijasida Ozarbayjon hukumati kanalizatsiya tizimini qurishga qaror qilgan. Natijada Kaspiy suvi ham tozalandi. “Hozir Sea Breeze Resort joylashgan qirg‘oq atrofi Kaspiyning eng toza qismi hisoblanadi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi har yili vaziyatni monitoring qilib boradi”, – dedi Agalarov. Uning aytishicha, O‘zbekistonda ham xuddi shunday tizimda ish olib boriladi.
Albatta bularning barchasi yaxshi, ammo ba’zi savollar borki, yana o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Misol uchun, qurilish davomida yuzaga keladigan chiqindilar qayerga tashlanadi? Chorvoq atrofida umuman chiqindi poligoni yo‘q, uzoqqa eltish uchun esa bittagina yo‘l mavjud va u ham torlik qiladi. O‘zi shundoq ham tog‘ yo‘li mudom tirbandlikda.
To‘g‘ri, Chorvoq tomon yana bir yo‘l qurilishi olib borilmoqda, ammo bu o‘rinda gap minglab tonna chiqindini yuzlab kilometr masofaga tashish haqida ketmoqda. Boz ustiga og‘ir yuk mashinalari qishning qahratoni va yozning jaziramasida yangiyu eski yo‘llarni dabdalasini chiqarib tashlamaydimi?
– Men 10 milliard dollar pul sarflab ob’yekt quradigan bo‘lsam, avvalo foyda olish haqida o‘ylayman. Agar Sea Breeze atrofida chiqindilar yoyilib yotadigan bo‘lsa, men qurgan uyni hech kim sotib olmaydi va u yerga dam olish uchun hech kim kelmaydi. Shuning uchun Chorvoq toza va so‘lim bo‘lib qolishidan eng ko‘p manfaatdor odam men bo‘laman. Biz bu masalani albatta hal qilamiz, – dedi Agalarov.
Tadbirkor jurnalistlar bilan muloqotda inkor etish qiyin bo‘lgan bir faktni keltirib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, Chorvoqda u qurmaydigan bo‘lsa, boshqalar albatta uy-joy, dam olish ob’yektlari qurishadi. Faqat ularda bunday markazlashgan, aniq-tiniq o‘ylangan loyiha bo‘lmaydi, balki pala-partish, hamma o‘zi istagandek qurib tashlaydi. “Chorvoqda baribir qurilish bo‘ladi, bu zamon talabi. Faqat bu qurilish qay tahlit o‘tkaziladi, shuni o‘ylash kerak”, dedi tadbirkor.
Uning iddaosini rad etish uchun asosli sabab topa olmadik.
Bir so‘z bilan aytganda, haqiqatan ham Sea Breeze Uzbekistan kabi loyiha bizga juda kerak. Faqat uni qurishdan avval bir necha shartlarni albatta amalga oshirish lozim.
Birinchidan, eng avvalo, qurilish loyihasini xalqaro ekspertlar mustaqil tarzda ko‘rib chiqishlari kerak. Yakuniy xulosa ham ular tomonidan berilishi shart. Bunga na hukumat aralashsin va na tadbirkor. Xalqaro ekspertlar nima desa, shu bo‘lsin.
Ikkinchidan, boringki maqsad markazlashgan loyihani amalga oshirish orqali Chorvoqni turli pala-partish qurilishlardan asrash bo‘larkan, hududda boshqa qurilishlarga nisbatan moratoriy e’lon qilinsin. Bizda yaxshimi yoki yomon bir odat bor, qaysidir biznes muvaffaqiyatli bo‘lsa, boshqalar ham o‘sha ishni albatta qilib ko‘rgisi keladi. Ammo Chorvoq rezinadan yasalmagan va u cho‘zila olmaydi. Tabiatni asrash shart va bu quruq gap emas.
Uchinchidan esa, shu eng muhimi ham bo‘lsa kerak, tadbirkor qurilishni oxirigacha, loyihada ko‘rsatilgandek qilib qura olishini kafolatlasin. Bilmadim bu qanday bo‘ladi, balki qurilish bosqichma bosqich amalga oshirilar (bir qismi tugamaguncha boshqasini boshlamay turish), yoki yetarli sarmoya avval depozitga qo‘yilib, keyin ish boshlanar (juda qiyindir), nima bo‘lgan taqdirda ham loyiha boshlandimi, oxiriga yetkazilishi shart. Chunki aro yo‘lda qolib ketadigan bo‘lsa, masalan Senegalda bo‘lgani singari, tabiatga eng katta xavf o‘sha bo‘ladi. Qurilish maydonidan chang va boshqa zarralar ko‘tarilib, suvga tushadi. Bu suvni esa biz ichamiz.
Umid qilamanki, aynan shu masalada avval yetti o‘lchab, keyin bir kesamiz…
Zafar QOSIMOV
Jamiyat
Toshkentda isitish mavsumi bosqichma-bosqich yakunlanadi
Toshkent shahar hokimligi ayni kunlardagi ob-havo sharoitini inobatga olgan holda poytaxtda isitish mavsumini bosqichma-bosqich yakunlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.
Shu bilan birga, aholi qulayligi uchun kelayotgan bayram kunlari issiqlik ta’minoti saqlab qolinishi, isitish davri rejali yakunlanishi ma’lum qilingan.
Shunga ko‘ra, isitish mavsumini yakunlash 24 martdan boshlanishi rejalashtirilgan. U bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, mavsumni yakunlashga o‘tish, shuningdek, kommunal infratuzilmaga tushadigan yuklamani kamaytirishga va resurslardan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Hayit va Navro‘z munosabati bilan qo‘shimcha poyezd va avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi
Ramazon hayiti hamda Navro‘z umumxalq bayrami davrida yo‘lovchilarni o‘z manzillariga xavfsiz yetib borishlarini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha poyezd qatnovlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, 19 – 25 mart kunlari aholi talabini qondirish uchun jami 25 000 ta qo‘shimcha yo‘lovchi o‘rni yaratiladi.
Qo‘shimcha «Afrosiyob» reyslari:
19 – 21 mart kunlari (6 ta reys)
Toshkent — Samarqand — Toshkent yo‘nalishida;
19, 20, 21, 22, 23 va 25 mart kunlari
Toshkent — Buxoro — Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, 19 – 25 – mart kunlari quyidagi yo‘lovchi poyezdlarga 4 tadan qo‘shimcha vagonlar ulanadi:
Toshkent – Xiva – Toshkent
Toshkent – Shovot – Toshkent
Toshkent – Qo‘ng‘irot – Toshkent
Toshkent – Termiz – Toshkent
Toshkent – Buxoro – Toshkent (Sharq)
Chiptalarni «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ rasmiy sayti, mobil ilovasi hamda temir yo‘l kassalaridan xarid qilish mumkin.
Shu bilan birga, «Toshkent» avtovokzalidan amaldagi reyslardan tashqari har kuni shaharlararo yo‘nalishlarda 70 dan ortiq qo‘shimcha avtobus qatnovlari ham tashkil etilmoqda.
Qatnovlar «Toshkent» avtovokzalidan Zomin, Samarqand, Jarqo‘rg‘on, Buxoro, Qorako‘l, Mirbozor, Navoiy, Jo‘sh, Nurota, Zarmitan, Zarafshon, Xatirchi, Qiziltepa, Konimex, Uchquduq, Kadan, Payariq, Shahrisabz, Qarshi, G‘uzor, Sherobod, Termiz, Denov, Uzun, Urganch, Xiva, Gurlan, To‘rtko‘l va Nukus shaharlariga amalga oshirilyapti.
Qatnov jadvali va chipta narxlari bilan avtovokzalning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida tanishish mumkin. Chiptalarni esa «Toshkent» avtovokzali chiptaxonalaridan hamda «UzBus» mobil ilovasi orqali onlayn tarzda sotib olish mumkin.
Jamiyat
Boysunda jarlikka tushib ketgan ayol qutqarildi
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida FVV qutqaruvchilari 25-30 metr pastlika sirpanib tushib ketgan fuqaroning hayotini saqlab qolishdi.
21 mart kuni soat 10:00 da Surxondaryo viloyati FVBga Boysun tumanida yashovchi fuqaro uyidan 20 metr narida joylashgan adirlikka tomosha qilish maqsadida chiqib, ehtiyotsizligi oqibatida taxminan 25-30 metr pastlikka sirpanib tushib ketganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan, FVV qutqaruvchilari aytilgan manzilga yetib borib, fuqaroni jarlikdan chiqarib olgan va uning hayotini saqlab qolishgan.
Shundan so‘ng fuqaro tibbiyot xodimlariga topshirilgan.
Xabar qilinishicha, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.
Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni Samarqand viloyati Payariq tumanida qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi.
Ziyoratgohning qoq markazida buyuk hadisshunos bobomizning tabarruk maqbarasi o‘rin olgan.
Davlatimiz rahbari maqbarani ziyorat qildi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.
– Muborak Ramazon hayiti arafasida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining ruhi poklariga yana bir bor hurmat-ehtirom bajo keltirmoqdamiz. Buxoriy bobomiz Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘’tabar manba bo‘lgan hadislar kitobini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulug‘ siymodir. Muqaddas zaminimiz dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har qancha faxrlansak, arziydi.
El-yurtimizning fidokorona mehnati bilan bugun orzu-niyatlarimiz ro‘yobga chiqdi. Bu betakror ziyoratgohni Imom Buxoriy bobomizning olamshumul mavqeiga, yuksak maqomiga munosib darajada bunyod etishga muyassar bo‘ldik. Mana shunday tabarruk maskan barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi davlatimiz rahbari.
Jamiyat
Imom Buxoriy majmuasidagi bunyodkorlik ishlari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi (foto)
Prezident Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasida yakuniga yetgan bunyodkorlik ishlari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Majmua davlatimiz rahbari tashabbusi bilan buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi.
Xususan, majmua qoshida turizm markazi ochildi. Yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma yaratilib, shinam mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish va servis nuqtalari barpo etildi. Jumladan, 1 ta to‘rt yulduzli, 2 ta uch yulduzli mehmonxona, 22 ta 176 o‘rinli oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargoh qurilgan. Mazkur ob’yektlar to‘liq kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanib, hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.
Natijada Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.
Majmuaning o‘zi Samarqandning, yangi O‘zbekistonning durdonasi bo‘lib qad rostladi. Uning maydoni 45 gektarni tashkil etadi. 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi.
Majmua tarkibida eng ilg‘or axborot texnologiyalari asosida 9 pavilondan iborat noyob innovatsion muzey barpo etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.
Qadamjoda 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora unga ulug‘vor qiyofa bag‘ishlab turibdi.
Davlatimiz rahbari turizm markazi va masjidda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Ma’lumki, bir yarim ming yillik islom tarixini, ilm-ma’rifatini yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk olimu ulamolarning nomlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu kunlarda rasman ochilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham bu haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi.
Butun musulmon olamida hadis ilmi haqida gap ketsa, hech shubhasiz, bizning diyorimiz birinchilar qatorida tilga olinadi. Chunki Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk hadisshunos olimlar aynan mana shu zamin farzandlaridir.
Xususan, Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” kitobi dunyoda tan olingan eng mo‘’tabar oltita hadis kitobining biridir. O‘n yoshidan boshlab hadis ilmini o‘rgangan alloma bobomiz 20 dan ortiq asar yozganlar. Ular to hanuz dinu diyonatimizni mustahkamlash yo‘lida islom ummatiga xizmat qilib kelmoqdalar.
Prezidentimiz har gal Samarqandga kelganida majmuaning qurilish jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.
– Ushbu betakror qurilish yangi O‘zbekistonning ulkan imkoniyatlarini yaqqol namoyon etadi. Ziyoratgoh xalqimiz uchun, jahondagi barcha musulmonlar uchun ezgulik va ma’rifat nurini taratadigan qutlug‘ maskanga aylanadi deb ishonaman. Aminmanki, bu dargohni ziyorat qilib, uning ma’naviy muhitidan bahramand bo‘lgan inson, ayniqsa, yoshlar islom dinining asl ma’nosini anglab yetadi, to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi, – dedi Prezidentimiz.
Shuning uchun ham Imom Buxoriy majmuasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni keng yo‘lga qo‘yish, uni chinakam tarbiya va ibrat maktabiga aylantirish, bu yerda imom-xatiblar, mahalla faollari uchun malaka oshirish dasturlarini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Bu yerdagi barcha ishlar yakuniga yetganini hisobga olib, yangi qurilgan muhtasham masjidda Hayit namozini ado etish taklif qilindi, bu mo‘min-musulmonlarimiz, butun el-yurtimizning ko‘nglidagi ish, xalqimizga munosib Ramazon sovg‘asi bo‘lishi ta’kidlandi.
Shuning bilan davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi.
-
Dunyodan4 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Siyosat3 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Iqtisodiyot4 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Dunyodan5 days ago
Xakerlar Isroil va Rizo Pahlaviyning maxfiy hujjatlarini qo’lga kiritadilar
-
Dunyodan4 days ago
Istanbulda yetti yil avval sodir etilgan qotillik ishi fosh etildi. O’zbek ayoli vafot etdi
-
Dunyodan4 days ago
Isroil mintaqaviy tuzilmani qayta tiklamoqchi
-
Siyosat2 days ago
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari bir-birlarini tabrikladilar
