Iqtisodiyot
sanksiyalar “Lukoyl”ning xorijdagi biznesini falaj qilib qo‘ydi
Reuters yozishicha, AQSh va Buyuk Britaniya joriy etgan sanksiyalar tufayli “Lukoyl”ning xorijdagi tuzilmalari faoliyati jiddiy izdan chiqdi. Xususan, Finlandiya, Shveytsariya va Iroqda muammolar kelib chiqqan.
Foto: REUTERS/Ramil Sitdikov
Rossiyaning xususiy neft-gaz kompaniyasi “Lukoyl”ning xorijiy tuzilmalari oktyabr oyi oxirida AQSh va Buyuk Britaniya joriy etgan sanksiyalardan keyin biznes yuritishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Reuters agentligi 4 noyabr kuni manbalariga tayanib xabar berishicha, muammolar kamida Iroq, Shveytsariya va Finlandiyada kuzatilgan.
Masalan, Iroqning davlat korxonasi Somo sanksiyalarga oid xavotirlar sababidan mamlakat janubidagi “G‘arbiy Qurna-2” konlarida “Lukoyl” qazib olgan xom neftning noyabr oyiga mo‘ljallangan uch partiyasi yuklanishini bekor qildi. Rossiya tomoni quvvati kuniga 480 ming barrel bo‘lgan ushbu kondagi aksiyalarning 75 foiziga ega, qolgan 25 foizi esa Iroqning North Oil Company davlat kompaniyasiga tegishli.
Reuters manbalariga ko‘ra, “Lukoyl”ning Jyenevada joylashgan savdo bo‘limi Litasco’da ham muammolar bor. Sanksiyalar tufayli britan kemachilik brokerlari kompaniya bilan hamkorlik qilish va kema fraxtlashuvida ishtirok etishdan bosh tortmoqda. Shuningdek, sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng Litasco qisqartirish o‘tkazgani qayd etilgan, ammo qancha xodim ishsiz qolgani ochiqlanmagan.
Finlandiyada esa “Lukoyl”ga qarashli Teboil yonilg‘i quyish shoxobchalarida ishlovchi taxminan 1000 nafar xodim yaqin haftalarda ish o‘rnini yo‘qotishidan xavotirda, chunki mahalliy banklar kompaniya to‘lovlarini muzlatishni boshlagan. Shu bilan birga, AQSh Moliya vazirligi kompaniyalarga “Lukoyl” tuzilmalari bilan barcha operatsiyalarni 21 noyabrgacha yakunlash huquqini bergan.
AQSh Moliya vazirligining Tashqi aktivlar nazorati boshqarmasi (OFAC) 22 oktyabr kuni “Rossiyaning Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan tugatish jarayoniga jiddiy qiziqishi yo‘q”ligi bois qo‘shimcha sanksiyalarni joriy etdi. Yangi cheklovlar “Lukoyl” va “Rosneft”dan tashqari ularning 34 ta shu’ba kompaniyalariga ham taalluqli. Shuningdek, “Lukoyl” va “Rosneft” ulushi 50 foiz yoki undan ko‘p bo‘lgan barcha kompaniyalar ham bloklanadi.
Bundan bir hafta oldin Buyuk Britaniya ham “Lukoyl” va “Rosneft”ga nisbatan sanksiyalar qo‘llagan edi. Bu jazo choralari aktivlarni muzlatish, shuningdek trast xizmatlari va transport operatsiyalariga cheklovlar joriy etishni nazarda tutadi. London izohlashicha, “Rosneft” va “Lukoyl” Rossiya hukumati uchun “hal qiluvchi ahamiyatga ega” soha — energetikada faoliyat yuritadi.
Iqtisodiyot
“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
Qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berishning yangi tartibi joriy yilda butun respublika miqyosida tatbiq etildi. Unga ko‘ra, paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermerlar yerining yarmini ixtiyoriy tarzda davlatga topshirsa, qolgan yarmining normativ qiymati 50 foizini to‘lab 49 yilga ijaraga oladi va xohlagan ekinini ekishi mumkin bo‘ladi.
Xo‘sh, bu tizim qanday ishlaydi va fermerlar uchun qanchalik qulay? Kun.uz mavzu yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi Ijaraga berilgan yerlarga xizmat ko‘rsatish direksiyasi rahbari Oqilbek Mustafoyev bilan suhbatlashdi.
— 68-sonli farmondagi eng asosiy jihat – paxta-g‘alla yo‘nalishidagi fermerlar yerining 50 foiziga nisbatan ijara huquqidan ixtiyoriy voz kechsa, qolgan yerining ijara huquqini “erkin ekish” turiga o‘zgartirishlari mumkin. Bu nimani anglatadi?
— Bu farmon qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga, fermerlarga o‘zi xohlagan ekin turini ekishi, o‘zi erkin shartnomaviy munosabatga kirishining huquqiy asosini yaratib berdi.
O‘tgan yilgi 3 fevraldagi farmonda 20 foizini fermerning o‘zining ixtiyoriga qoldirish, ya’ni yerning normativ qiymati 50 foizini to‘lagan holda qoldirish sharti belgilangan edi. 68-sonli farmon bilan bu 50 foizga ko‘tarildi. Ya’ni 50 foizini o‘z ixtiyori bilan topshiradi, qolgan 50 foizini normativ qiymatining yarmini davlatga to‘lagandan keyin, unga o‘ziga yana qaytadan 49 yilga rasmiylashtirib beriladi.
O‘tgan bir yil davomida, 18-sonli farmon qabul qilingandan keyin, yerga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Fermerga qo‘yiladigan reja, uni nimadir ektirishga majburlash yoki boshqa narsalardan voz kechildi. Bugungi kunda yerni ushbu farmon asosida E-auksion orqali sotib olgan yoki o‘z yerining bir qismidan voz kechgan tadbirkorlar bugungi kunda yerga resurs sifatida, undan foydalanish imkoniyatini kengligi nuqtayi nazaridan qarayapti.
Yangi tartibda tadbirkor o‘zi xohlagan eksportbop, bozorda talab bor mahsulotni yetishtirib, ko‘paytirishiga asosiy e’tibor berilgan. Buning natijasida katta investitsiya kiryapti qishloq xo‘jaligiga, yangi ish o‘rinlari yaratilyapti. Va odamlarning dunyoqarashi bugun o‘zgaryapti desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.
— Endi paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermerlar yerining yarmini topshirsa, qolgan yarmiga davlat rejasi asosida paxta yo g‘alla ekishi majburiy emas, to‘g‘rimi?
— Shunday. Hech qanaqa reja qo‘yilmaydi. Faqat ularga asosiy qo‘yilgan talab – yerning bonitetini tushirib yubormaslik, yerdan to‘laqonli foydalanish.
Agar yerga investitsiya kiritib, zamonaviy sug‘orish tizimlarini, bugungi zamon talabiga muvofiq yangi urug‘, yo nav, yo bog‘larni tashkil qilsa, 68-farmon bilan ularga qo‘shimcha ravishda imtiyozlar, ya’ni turli iqtisodiy yordamlar ajratilyapti. Masalan, tomchilatib sug‘orish tizimini qiladigan bo‘lsa, bir gektariga 15-16 million so‘mgacha subsidiya ajratilyapti. Yoki sertifikatlangan zotli ko‘chatlar ekadigan bo‘lsa, uning ham 50 foizi qoplab beriladi. Chorvachilik bilan shug‘ullansa, unda chorvaga alohida… Umuman, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun farmon-qarorlar bilan yangi-yangi yo‘nalishlar ochib berilyapti.
Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali, Kun.uz’ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Iqtisodiyot
25-iyundan valyutalar qanchaga yetishi e’lon qilindi
Markaziy bank 2026-yil 25-iyundan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 7,36 so‘mga oshib, 12 024,40 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 69,76 so‘mga tushdi va 13 642,88 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 843,35 so‘m bo‘ldi (-55,19).
Rossiya rubli 160,41 so‘m etib belgilandi (-0,22).
Iqtisodiyot
Prezident raisligida videoselektor boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Davlatimiz rahbari asosiy masalaga o‘tishdan avval o‘tgan hafta yuksak saviyada o‘tkazilgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga to‘xtaldi. Forum doirasida xorijiy hamkorlar bilan 43 milliard dollarlik 177 ta kelishuvga erishilganini ta’kidladi.
«Har bir kelishuv loyihaga, ish o‘rniga, yuqori qo‘shilgan qiymatga aylanishi shart», — dedi Prezidentimiz.
Mutasaddilarga xorijiy investorlar ko‘targan 120 ta taklifning yechimi bo‘yicha qaror kiritish topshirildi.
Umuman, tarmoq rahbarlari va hokimlar investitsiya sifati va samaradorligi bo‘yicha yondashuvlarini o‘zgartirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
So‘nggi besh yilda yurtimizga kiritilgan jami investitsiyaning yarmi 4 ta hududga to‘g‘ri kelgan. Lekin jalb qilingan sarmoyaning iqtisodiyotga qaytimi bo‘yicha hududlar o‘rtasidagi tafovut katta.
Masalan, 1 million so‘mlik investitsiya Farg‘onaning yalpi hududiy mahsulotiga qo‘shimcha 273 ming so‘mlik, Samarqandda 262 ming so‘mlik qo‘shilgan qiymat beryapti. Lekin Buxoroda bu atigi 117 ming so‘m. Ya’ni hududga olib kelinayotgan investitsiya samarasi boshqa hududlardan 2 karra past.
Iqtisodiyot
12 ta tarmoqqa 37 ta sohaviy ilmiy institut va OTM biriktirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda hokimlar har bir tumanda qaysi tarmoqni rivojlantirish, qaysi loyihalarga investitsiya jalb qilish orqali eng yuqori iqtisodiy samaraga erishish mumkinligini aniq hisob-kitob qilishi zarurligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari bu borada qarorlar chuqur tahlil va ilmiy yondashuv asosida qabul qilinishi kerakligini qayd etdi. Shu maqsadda iqtisodiyotning 12 ta tarmog‘iga 14 ta «aql markazi», shuningdek 37 ta sohaviy ilmiy institut va oliy ta’lim muassasasi biriktirildi.
Qurilish materiallari sohasiga «aql markazi» sifatida Makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari markazi, Materialshunoslik instituti hamda Toshkent arxitektura-qurilish universiteti biriktirildi.
Mazkur tashkilotlar bozorda yangi turdagi qurilish materiallariga bo‘lgan talabni o‘rganadi, ushbu ehtiyojni qondirish uchun qaysi hududda qanday loyihalarni amalga oshirish mumkinligini tahlil qiladi.
Shuningdek, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari, soha uchun zarur mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishlari va investitsiya samaradorligi bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Yig‘ilishda barcha tarmoq rahbarlariga «aql markazlari», ilmiy institutlar va oliygohlar bilan hamkorlikda har bir tuman salohiyatini chuqur tahlil qilish vazifasi qo‘yildi. Ular hududlarning resurslari, iqtisodiy imkoniyatlari va bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib, yalpi hududiy mahsulot o‘sishiga kuchli turtki beradigan loyihalar paketini shakllantirishi lozim.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning qurilish materiallarida importga deyarli ehtiyoji qolmadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari sohasini quruvchilar ishonchiga sazovor bo‘lgan, sifat, standart, assortiment va narx bo‘yicha kompleks yechimlar taklif etadigan tarmoqqa aylantirish zarurligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, o‘n yil avval mahalliy qurilish materiallari deganda asosan qum-shag‘al, g‘isht, sement, oyna va shifer tushunilgan. Bu mahsulotlar qurilishda foydalaniladigan materiallarning bor-yo‘g‘i 35–40 foizini tashkil etar edi.
So‘nggi o‘n yil davomida sohaga 12 milliard dollar investitsiya kiritilib, 4 mingdan ortiq zamonaviy korxona ishga tushirildi. Natijada qurilish materiallari sanoati mamlakat iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biriga aylandi.
O‘tgan yillar davomida sement, oyna, bazalt, keramik buyumlar, gazoblok va quruq qorishmalar kabi 20 dan ortiq asosiy mahsulot turlari bo‘yicha ichki talabni to‘liq qoplaydigan ishlab chiqarish quvvatlari shakllantirildi.
Shu bilan birga, issiqlik saqlovchi materiallar, kompozit mahsulotlar, ekologik pardozlash vositalari va pol qoplamalari kabi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega yangi yo‘nalishlar ham jadal rivojlanmoqda.
Bugungi kunda yangi uy-joylar va sanoat obyektlari qurilishi uchun zarur bo‘lgan materiallarning 98 foizi mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilmoqda. Bu ko‘rsatkich sohada mahalliylashtirish darajasi sezilarli oshganini ko‘rsatadi.
Mahalliy ishlab chiqarishning kengayishi sohaning iqtisodiy ko‘rsatkichlarida ham aks etdi. Oxirgi o‘n yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 7 trillion so‘mdan 53 trillion so‘mgacha oshdi. Tarmoq eksporti esa o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 1,2 milliard dollarga yetdi.
-
Sport3 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan2 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
-
Sport5 days agoEldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘radi
-
Jamiyat2 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Dunyodan4 days ago
BAAda 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
