Jamiyat
Samarqandda prokuror pora olishda gumonlanib ushlandi
Samarqand viloyatida prokuratura organi mansabdori pora olish bilan bog‘liq jinoyatda gumonlanib ushlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u davlatga yetkazilgan zarar miqdorini kamaytirish va sudda yengil jazo tayinlanishiga ko‘maklashish evaziga yirik miqdorda pul olgan va talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Bosh prokuratura va viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Urgut tumani prokurori o‘rinbosarining noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Tergov materiallariga ko‘ra, u Past Darg‘om tumani prokuraturasida faoliyat yuritgan davrida xizmat mavqeidan foydalanib, mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish oqibatida davlatga yetkazilgan 2 milliard 887 million so‘m zarar miqdorini 805,9 million so‘mgacha kamaytirib berish evaziga vositachilar orqali 6,5 ming AQSh dollari va 35 million so‘m olgani aniqlangan.
Shuningdek, u mazkur MChJ mansabdorlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida zarar miqdorini 150–200 million so‘mgacha kamaytirish hamda sud organlaridagi tanishlari orqali yengilroq jazo tayinlanishiga yordam berishini aytib, korxona egasidan yana 15 ming AQSh dollari talab qilgani ma’lum qilindi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan prokurorning noqonuniy harakatlari yuzasidan ashyoviy dalillar protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llandi. Ayni paytda ish bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Bo‘stonliqda Chirchiq daryosi o‘rtasida qolgan fuqaro qutqarildi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Chirchiq daryosi o‘rtasidagi orolchada qolib ketgan fuqaro Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmadi.
12 iyul kuni soat 17:09 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga Bo‘stonliq tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining o‘rtasidagi orolchada bir nafar fuqaro qolib ketgani va unga yordam zarurligi haqida xabar kelib tushdi. Murojaatni fuqaroning sheriklari 112 qisqa raqami orqali yo‘llagan.
Xabardan so‘ng FVV qutqaruvchilari maxsus texnika bilan zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, fuqaroni orolchadan xavfsiz tarzda evakuatsiya qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro Chirchiq daryosining o‘rtasida joylashgan orolchaga suzib o‘tgan. Biroq daryodagi kuchli oqim tufayli u sohilga mustaqil ravishda qayta olmagan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolarni dam olish vaqtida xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga, kuchli oqimli suv havzalariga tushmaslikka va xavfli vaziyat yuzaga kelganda zudlik bilan 112 yagona qutqaruv xizmatiga murojaat qilishga chaqirdi.
Jamiyat
eng ko‘p uchrayotgan qoidabuzarliklar ma’lum qilindi
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati 2026 yil 4 fevraldan 10 iyulgacha bo‘lgan davrda yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun 399 269 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy ogohlantirish chorasi qo‘llanganini ma’lum qildi. Shuningdek, 671 nafar haydovchi 12 balldan ortiq jarima balli to‘plagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hisobot davrida eng ko‘p qayd etilgan qoidabuzarliklar xavfsizlik kamarini taqmasdan transport vositasini boshqarish, haydovchilik vaqtida mobil telefondan foydalanish, harakatlanish jarayonida video tomosha qilish, belgilangan tezlikni oshirish, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish hamda yo‘l harakati qoidalari talablariga rioya etmaslik bilan bog‘liq bo‘lgan.
Shuningdek, piyodalar tomonidan yo‘lning qatnov qismini belgilanmagan joydan kesib o‘tish holatlari ham eng ko‘p uchragan qoidabuzarliklar qatoriga kiritilgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qilishicha, hozirga qadar 671 nafar haydovchi 12 balldan ortiq jarima balli to‘plagan. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, bunday hollarda ularga nisbatan belgilangan tartibda javobgarlik choralari qo‘llanadi.
YHXB haydovchilar va piyodalarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirib, bu yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va barcha harakat ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Jamiyat
Toshkent metrosiga yana 3 ta zamonaviy poyezd qo‘shildi
Toshkent metropoliteni parki yana uchta zamonaviy to‘rt vagonli harakat tarkibi bilan to‘ldirildi. Yangi poyezdlar yo‘lovchilarga yanada qulay sharoit yaratish, harakat intervalini qisqartirish va metropolitenning tashish quvvatini oshirishga xizmat qiladi.
Mamlakatda jamoat transporti tizimini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish hamda yo‘lovchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Toshkent metropolitenining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yo‘lovchilarning talab va takliflarini inobatga olgan holda metropolitenga yana uchta zamonaviy to‘rt vagonli harakat tarkibi olib kelindi. Mazkur poyezdlar yoz oylarida samarali sovitish, qish mavsumida esa isitish tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, yo‘lovchilar uchun har qanday mavsumda qulay safar sharoitini ta’minlaydi.
Yangi poyezdlarning ekspluatatsiyaga topshirilishi poyezdlar harakati intervalini yanada qisqartirish, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish hamda xizmat muddati uzoq bo‘lgan eski turdagi harakat tarkiblarini bosqichma-bosqich zamonaviy poyezdlar bilan almashtirish imkonini beradi.
Shuningdek, zamonaviy harakat tarkiblari sonining ortishi metropolitenning tashish quvvatini kengaytirish, harakat jadvalining barqarorligini ta’minlash va kun sayin oshib borayotgan yo‘lovchilar oqimiga sifatli xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil yakuniga qadar Toshkent metropoliteni uchun yana 11 ta zamonaviy harakat tarkibini olib kelish rejalashtirilgan. Yangi poyezdlarni bosqichma-bosqich foydalanishga topshirish orqali metropoliten infratuzilmasini yanada rivojlantirish va aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish ko‘zda tutilgan.
Jamiyat
Toshkentda suv sepish va sug‘orish ishlari kuchaytirildi
Issiq ob-havo sharoitida poytaxt aholisi uchun qulay sharoit yaratish hamda yashil hududlarni asrash maqsadida Toshkentda suv sepish va sug‘orish ishlari kuchaytirildi.
Foto: Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati
Poytaxt hokimligi axborot xizmati xabar qilishicha, markaziy va asosiy ko‘chalarda maxsus texnikalar yordamida suv sepish ishlari belgilangan jadval asosida davom etmoqda.
Shu bilan birga, gazonlar, daraxtlar va boshqa yashil hududlarda sug‘orish ishlari ham kuchaytirildi.
“Mazkur ishlar Toshkent shahar hokimligi, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi, Toshkent shahar Maxsus sug‘orish uskunalarini ta’mirlash va saqlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasi hamda Alohida ahamiyatga ega ko‘chalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish boshqarmasi tomonidan hamkorlikda olib borilmoqda. Shuningdek, yaqin vaqt ichida shahar favvoralarining uzluksiz ishlashi ham ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri va yana 8 ta tumanda jazirama issiq tufayli bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi xabar qilingandi.
Jamiyat
Talabalar o‘rtasida “Mahalla master rejasi” tanlovi o‘tkaziladi
Tanlovda biriktirilgan OTMlarning iqtisodiyot va texnika yo‘nalishidagi bitiruvchi bakalavrlari hamda 1- va 2-bosqich magistratura talabalari qatnashishlari mumkin.
Respublika bo‘ylab belgilangan 16 ta «og‘ir» toifadagi mahalla uchun eng maqbul master reja loyihalarini ishlab chiqish orqali hududlarni rivojlantirishga hissa qo‘shish maqsadida talabalar o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi.
Tanlov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Jahon banki va Yevropa Ittifoqi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Unda biriktirilgan OTMlarning iqtisodiyot va texnika yo‘nalishidagi bitiruvchi bakalavrlari hamda 1- va 2-bosqich magistratura talabalari qatnashishlari mumkin.
Jamoa tarkibi ichki saralash asosida 5 nafardan 7 nafargacha talaba va 1 nafar mas’ul pedagog iborat bo‘ladi.
G‘olib deb topilgan beshta eng yaxshi talabalar jamoasi mukofot sertifikatlari bilan taqdirlanadi.
2026 yil 15 sentabrgacha OTMlar tomonidan talabalar guruhlari shakllantirilib, 30 sentabrgacha ekspertlar ishtirokida master reja bo‘yicha onlayn seminarlar o‘tkaziladi.
30 oktyabrgacha esa dastlabki master reja loyihalari muhokamasi bo‘lib o‘tadi. Yakuniy master reja loyihalari 1 dekabrgacha topshiriladi.
Yakuniy taqdimot va g‘oliblarni baholash 25 dekabrgacha o‘tkaziladi.
-
Dunyodan5 days ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
-
Turk dunyosi5 days agoPrezident Tramp, Turkiyaga moʻljallangan F-35 samolyotlari haqida hech qanday qaror qabul qilinmaganini aytdi
-
Jamiyat4 days agoSaida Mirziyoyeva yetakchi fransuz kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda pensiya oluvchilar 4,4 mln nafardan oshdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollarning bir necha kunlik ko‘tarilishi to‘xtadi
-
Sport5 days ago«Argentinani chempionlik bilan tabriklayman». Misrliklar hakamlikdan norozi
-
Dunyodan4 days ago
Fransiya jangovar robot qo‘shinlarini sinovdan o‘tkazishni boshladi
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari ma’lum bo‘ldi
