Jamiyat
Samarqandda hamshira tug‘uruqxonadan chaqaloq o‘g‘irlab chiqib sotib yubordi
Payariq tumani markaziy shifoxonasi tug‘uruqxona bo‘limi hamshirasi ruhiy nosog‘lom ayolning 3 kunlik qiz farzandini aldov yo‘li bilan o‘g‘irlab olib chiqib ketgan. So‘ngra bolani 5 mln so‘m va 100 AQSh dollariga sotib, pulni o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan. Sud hukmi bilan hamshira 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Payariq tumanida tug‘uruqxonadan ayolning chaqalog‘ini olib chiqib, sotib yuborgan hamshira jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1981 yilda tug‘ilgan K.A. Payariq tumani markaziy shifoxonasi tug‘uruqxona bo‘limi hamshirasi lavozimida ishlagan. U 2025 yil 12 aprel kuni ruhiy nosog‘lom bo‘lgan Z.X.ning 3 kunlik chaqalog‘ini aldov yo‘li bilan tug‘uruqxonadan o‘g‘irlab olib chiqqan. Shuningdek, u ayolning fuqarolik pasporti hamda bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini olib qo‘ygan.
So‘ngra bolani o‘zining boshqaruvida bo‘lgan Minlo mashinasida tumanning Go‘zal mahallasida yashovchi F.B.ning uyiga olib borgan va unga 5 mln so‘m hamda 100 AQSh dollariga sotgan. Pullarni esa o‘z shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan. Holat yuzasidan Payariq tuman IIB JQB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilib, bola tuman tug‘uruqxonasiga topshirilgan.
JIB Payariq tuman sudining 2025 yil 11 avgustdagi hukmi bilan K.A. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 2 yil sog‘liqni saqlash tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, Minlo mashinasini jinoyat quroli sifatida davlat foydasiga o‘tkazish belgilangan.
Samarqand viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 23 sentabrdagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmining Minlo mashinasini jinoyat quroli sifatida davlat foydasiga o‘tkazish qismi bekor qilingan va mashina K.A. ixtiyorida qoldirilgan.
Oldinroq Jizzaxdagi tug‘uruqxonada egizak chaqaloqlardan biri o‘g‘irlab ketilgani xabar qilingandi.
Jamiyat
Hindistonda qiyin ahvolga tushib qolgan o‘zbekistonlik ayol vatanga qaytarildi
Hindiston hududida hayotiy murakkab vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi elchixona ko‘magida yurtga qaytarildi.
Ma’lum qilinishicha, ayol hujjatlarini yo‘qotishi va ish beruvchilarning vijdonsiz xatti-harakatlari oqibatida noqonuniy ekspluatatsiya xavfiga duch kelib, diplomatik vakolatxonaga murojaat qilgan.
Konsullik bo‘limi tomonidan zudlik bilan mahalliy huquq-tartibot idoralari va migratsiya xizmatlari bilan aloqa o‘rnatilib, fuqaroning huquqiy maqomini tiklash choralari ko‘rildi. Shuningdek, chiqish hujjatlari rasmiylashtirilib, uning xavfsiz qaytishi uchun zarur tashkiliy ishlar amalga oshirildi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida vatandosh joriy yil 14 mart kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY424 reysi orqali O‘zbekistonga sog‘-omon qaytdi.
O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi fuqarolarni chet elga chiqishda ehtiyotkor bo‘lishga, shubhali ish takliflariga ishonmaslikka va xorijiy davlatlarda bo‘lish qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
Jamiyat
O‘tgan bir yilda 70 mingta aliment bilan bog‘liq murojaat kelib tushgan
Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili aliment bilan bog‘liq 70 ming murojaat kelib tushgan.
Majburiy ijro byurosi aliment bo‘yicha ariza tushsa, undirib berayotgani, lekin aliment to‘lovchining rasmiy daromadi bo‘lmagani uchun murojaatlarning 30 foizi hal qilinmasdan qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada hokimlar aliment to‘lovchilarning qanchasining kasbi bor, lekin ishsiz, qanchasini o‘qitish kerakligini tahlil qilmayotgani, shundan kelib chiqib, bandlik bo‘limi va «mahalla yettiligi» oldiga aniq masala qo‘ymayotgani tanqid qilindi.
Hududlarda ishlarni shu tartibda tashkil qilsa, aliment bo‘yicha murojaatlar 2 karra kamayishi mumkinligi qayd etildi.
Tashkiliy migratsiya asosida odamlarni o‘qitib, chet eldagi yuqori daromadli ishlarga yuborish bo‘yicha tizim yaratildi. Lekin aliment majburiyati bo‘lgan odamlar bu imkoniyatdan foydalana olmayapti, chunki fuqaro chetga chiqishi uchun 5 yillik aliment pulini oldindan to‘lashi yoki aliment oluvchidan yozma rozilik olishi kerak.
Mutasaddilarga bu masalani chuqur o‘rganib, tegishli taklif kiritish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning noyabrida aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxslarga chet davlatga chiqishi bo‘yicha vaqtinchalik cheklovni to‘xtatib turishni nazarda tutuvchi yangi tartib kuchga kirgan edi.
Jamiyat
Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘paygan – Prezident
Yig‘ilishda, shuningdek, turli sabablar bilan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani olmagan bolalarga bunday hujjatni rasmiylashtirishdagi byurokratiya haqida 448 nafar odam murojaat qilgani qayd etildi.
«Bu bolasini bog‘cha va maktabga joylashtirishda guvohnoma so‘ralgani uchun majbur bo‘lib murojaat qilganlar, hali ariza bermaganlari qancha?» – deya savol qo‘ydi davlatimiz rahbari.
Adliya vazirligiga ushbu masalaga sodda yechim ishlab chiqish topshirildi.
O‘tgan yili ichki ishlar vakolatidagi masalalar bo‘yicha 148 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ayniqsa, ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘pligi qayd etildi.
Tizim mas’ullari har 1 ming kishiga nisbatan eng ko‘p ariza tushayotgan Denov, Urgut tumanlari, Samarqand, Qarshi, Namangan, Jizzax, Farg‘ona, Chirchiq shaharlariga borib, aholining muammolarini eshitishi, profilaktika inspektori va tergovchilarning kasbiy va muomala madaniyatini oshirish bo‘yicha o‘qitishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Jamiyat
Andijonda ayolni «samosud» qilganlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Ular yosh ayolni ovloq joyga majburan olib borib, sochini olib tashlagan.
Andijonda ayolning sochini majburan olib tashlagan besh nafar shaxs ushlandi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Aniqlanishicha, 1991 yilda tug‘ilgan ayol 1998 yilda tug‘ilgan boshqa bir ayolni turmush o‘rtog‘i bilan ishqiy munosabatda bo‘lganlikda ayblab, undan qasos olishni rejalashtirgan. Keyin ikki nafar erkakni chaqirib, ayolni ovloq joyda sochini olib tashlashni buyurgan.
Oqibatda ayol besh nafar shaxs tomonidan avtomobilga majburan o‘tqazilib, Andijon tumani Jyevachi mahallasi hududidagi xilvat joyda sochi mashinka bilan olib tashlangan. Jarayon videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga joylangan.
Holat yuzasidan Andijon shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumonlanuvchi sifatida besh nafar shaxs protsessual tartibda ushlangan. Hozir jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Jizzaxda «operativnik» firib ustida qo‘lga olindi
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimi 30 mln so‘mni firib yo‘li bilan olgan paytda ushlandi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jizzax viloyati boshqarmasi, Paxtakor tuman bo‘limi katta tezkor vakili (operativnik) firib ustida qo‘lga olindi, deb xabar berdi DXX.
Qayd qilinishicha, u muqaddam sudlangan tanishi bilan til biriktirib, texnika ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi korxona ish boshqaruvchisining ishonchiga kirgan. U bilan Jizzax shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi o‘rtasida 20 dona interaktiv doska oldi-sotdi shartnomasini elektron do‘kon orqali tuzilishida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, doskalarni qimmat narxda o‘tkazib berishni va’da qilgan. O‘z «xizmatlari» evaziga korxona ish boshqaruvchisidan 85 mln so‘m talab qilgan.
Aniqlanishicha, departamentning katta tezkor vakili xizmat mavqeidan foydalangan holda, Jizzax shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga asl narxi 15,2 mln so‘m bo‘lgan interaktiv doskalarni 25 mln so‘mdan o‘tkazib bermoqchi bo‘lgan. DXX va prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 85 mln so‘mni olgan vaqtida ushlangan. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, undan 30 mln so‘mni departament xodimi o‘zining sherigi – maktab direktori bilan birgalikda olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tezkor vakil va maktab direktori qamoqqa olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev fuqarolardan murojaatlar ko‘payib borayotgan bir paytda militsiya xodimlarining qo‘pol xatti-harakatlarini tanqid qildi
-
Jamiyat3 days ago
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov lavozimidan ozod etildi
-
Iqtisodiyot4 days ago
13-mart kuni ham dollar kursi pastlaydi
-
Dunyodan4 days agoEron rasmiylari tinch aholi qurbonlari sonini e’lon qildi
-
Siyosat5 days agoIkki nafar O‘zbekiston fuqarosi firibgarlik va o‘g‘irlik hodisasidan so‘ng Bahrayn va AQShdan qaytib keldi
-
Dunyodan4 days ago
AQSh, Isroil va Eron o’rtasidagi urush qurbonlari soni 2000 nafarga yetdi.
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp yashirishga uringan Eronga qarshi urush sababi ma’lum bo’ldi
-
Jamiyat3 days agoadolat izlagan dehqonning 7 yillik sarguzashtlari
