Jamiyat
Samarqandda 490 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
U Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Samarqand shahrida yer uchastkasini noqonuniy sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, u Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro bilan til biriktirib, uning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Shaxs xaridorga ushbu yerni 490 ming AQSh dollariga sotishini, shuningdek mansabdor tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 50 ming dollar talab qilgan.
U Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonning JChdagi o‘yinlari Toshkentning barcha tumanlarida katta ekranlarda namoyish etiladi (ro‘yxat)
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi uchrashuvlari Toshkent shahrining barcha tumanlarida o‘rnatiladigan katta ekranlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etiladi.
Eng yirik tomosha maydoni «Bunyodkor» stadioni hududida tashkil etiladi — bu yerda 10 ming nafar muxlis birgalikda milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tumanlar kesimidagi maydonlar ro‘yxati:
Bektemir tumani — Rohat mahallasi
Mirobod tumani — «Furqat» bog‘i
Mirzo Ulug‘bek tumani — «Central Park» istirohat bog‘i
Olmazor tumani — «G‘alaba bog‘i»
Sergeli tumani — Markaziy xiyobon
Uchtepa tumani — «Seul Eko park»
Chilonzor tumani — «G‘afur G‘ulom» bog‘i
Shayxontohur tumani — «Anhor-Lokomotiv» bog‘i
Yunusobod tumani — Yunusobod sport majmuasi
Yakkasaroy tumani — «Do‘stlik» bog‘i
Yangihayot tumani — INDEX park
Yashnobod tumani — «Ashxobod» sayilgohi
O‘zbekiston milliy terma jamoasining guruh bosqichidagi o‘yinlari (Toshkent vaqti bilan):
O‘zbekiston — Kolumbiya: 18 iyun soat 07:00 da
Portugaliya — O‘zbekiston: 23 iyun soat 22:00 da
DR Kongo — O‘zbekiston: 28 iyun kuni 04:30 da.
Jamiyat
Mulkka oid huquqni e’tirof etish yanada soddalashtiriladi
Yer va unda qurilgan mulkka oid huquqlarni e’tirof etish jarayonlari yanada soddalashtiriladi.
Qonun (O‘RQ–1153-son, 15.06.2026-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Mazkur Qonun o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish jarayonlarini jadallashtirish, amaliyotda yagona va izchil tartibni ta’minlashga qaratilgan.
Kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, soliq qarzdorligi tushunchasi aniqlashtirilib, qarzdorlik miqdori BHMning 30 baravaridan oshmagan ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan huquqlarni e’tirof etish yo‘lga qo‘yiladi.
Qonunda belgilangan muddatlar amaldagi 150 kundan – 50 kunga (3 baravarga) qisqartiriladi.
1 martalik to‘lovlarning 50 foizi belgilangan muddatda (20 ish kunida) to‘liq to‘langanda, uning qolgan qismiga chegirma beriladi.
To‘lash imkoniyati bo‘lmaganda fuqaroga soliq inspeksiyasi bilan shartnoma tuzish orqali mazkur mablag‘ni 1 yildan 3 yilgacha bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Ortiqcha egallangan yer uchastkasiga huquqni e’tirof etish mexanizmi yanada takomillashtirildi.
Xalq deputatlari kengashlari qarorlari huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga asos bo‘lishi belgilandi.
2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyunga qadar yer uchastkasi uchun oshirilgan stavkada hisoblangan soliqlar jismoniy shaxslarga qo‘llanilmasligi belgilandi.
Fuqarolarning vaqti va mablag‘larini tejash maqsadida shikoyatlarni sudga qadar ko‘rib chiqish mexanizmi kiritildi.
Yer uchastkasining qurilishi taqiqlangan hududga tushgan qismini chegirib tashlagan holda uning qolgan qismiga nisbatan huquqlarni e’tirof etish tartibi joriy etiladi.
Bino-inshootlar xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim etishga tuman (shahar) hokimliklari ham mas’ul etib belgilandi.
Ushbu Qonun Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Jamiyat
Bu texnik xato emas, bu – savodsizlik
Sahnada millatning buyuk ma’rifatparvari, o‘zbek adabiyotining ulug‘ namoyondasi Abdulhamid Cho‘lpon va Abdulla Avloniy haqida gap ketmoqda. Ammo, ularning nomi «Abdulla Cho‘lpon», «Abdulhamid Avloniy» deb yozib qo‘yilgan.
Ayrimlar buni oddiy texnik xatolik, deb baholashi mumkin. Yo‘q. Texnik xato – harf tushib qolishi yoki biror belgining adashib ketishidir. Lekin, millat tarixi va adabiyotining eng yirik siymolarining ismini noto‘g‘ri yozish, bu – savodsizlik, beparvolik va mas’uliyatsizlikdir.
Eng og‘riqlisi, bu xatoni hali sahna yuzini ko‘rmasidan ko‘pchilik ko‘rgan. Tayyorlovchilar ko‘rgan, tashkilotchilar ko‘rgan, sahnaga chiquvchilar ko‘rgan. Ammo, hech kim: «Ey, to‘xta, bu yerda Cho‘lpon va Avloniy ismi noto‘g‘ri yozilibdi»,—demagan. Vaholanki, shu so‘zni aytishga yetarlicha bilimning o‘zi bo‘lmagan ko‘rinadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bu holat juda keng muhokama qilinmoqda. Foydalanuvchilardan biri: «Buyuk allomalarimiz ismini bilmaydigan odam ma’rifat haqida qanday tadbir o‘tkazishi mumkin?»— deya yozgan. Yana biri: «Biz tarixiy shaxslarga haykal qo‘yish bilan emas, avvalo, ularning ismini to‘g‘ri yozishdan boshlashimiz kerak»,—deya munosabat bildirgan.
Haqiqatan ham bu masala birgina familiya yoki ism xatosi haqida emas. Bu umumiy munosabat haqida. Agar biz millatning eng buyuk farzandlaridan birining ismini sahnaga chiqarishdan oldin tekshirib ko‘rishga ehtiyoj sezmasak, demak, muammo yanayam chuqurroq.
Abdulhamid Cho‘lpon-u, Abdulla Avloniy — oddiy ijodkorlar emas. Ular millatning dardini kuylagan, erkinlik va ma’rifat uchun kurashgan jadidlar safining eng yorqin vakillaridan. Ularning nomi kitoblarda, ilmiy tadqiqotlarda, maktab darsliklarida bor. Demak, bu xatoni e’tibor yetishmasligi bilan emas, bilim yetishmasligi bilan baholash o‘rinli.
Bugun jamiyatda ko‘p gapirayotgan ma’naviyat va milliy qadriyatlarga hurmat, avvalo, shunday mayda tuyulgan, ammo, mazmunan katta masalada namoyon bo‘ladi.
Ularning ismini adashtirish – bir-ikki shaxsning ismini adashtirish emas, bu – o‘z tarixiga munosabatni ko‘rsatuvchi oynadir.
Shuning uchun ham tarmoqlarda bildirilayotgan tanqidlarni o‘rinli, deb bilaman. Millatning buyuk farzandlari haqida gap ketganda, beparvolikka o‘rin bo‘lmasligi kerak. Zero, bu texnik xatolik emas, bu –savodsizlik, bu – ma’naviyatsizlik. Tarixiy xotiralarga nisbatan ehtiromsizlikdir.
Laylo Hayitova
Jamiyat
Bugun O‘zbekistonning aksariyat qismida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bugun kunduzi respublikaning ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha, shimolda va cho‘l hududlarda ba’zida 20-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 33-38°, janubda ba’zi joylarda 40-43° gacha bo‘ladi.
Toshkentda kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi, 12-15 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 36-38° bo‘ladi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, momaqaldiroq paytida 13-18 m/chs gacha kuchayishi mumkin. Harorat 23-28° bo‘ladi.
Jamiyat
Elektr tarmoqlariga ulab berish evaziga pul olgan mas’ullar ushlandi
Toshkent shahri va Xorazm viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida elektr tarmoqlariga ulab berish hamda transformatorni almashtirib berish evaziga noqonuniy pul olgan elektr ta’minoti sohasi xodimlari ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Chilonzor tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Olmazor tuman TET elektromontyori Sh.Sh. fuqaro M.M.ga tegishli xonadon hududidagi novvoyxonani elektr tarmoqlariga ulab berish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishni va’da qilib, 5 300 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, departamentning Hazorasp tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman elektr ta’minoti korxonasi bosh muhandisi R.S. ham qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, u “B.A.” fermer xo‘jaligi rahbari G‘.A.ning yer maydonidagi past kuchlanishli transformatorni yuqori kuchlanishli transformatorga almashtirib berish evaziga 7 million so‘m olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
-
Siyosat3 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Mahalliy4 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Sport3 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada 1 kilogrammdan ortiq gashish olib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi
-
Mahalliy4 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
-
Dunyodan2 days ago
Dunyo bo’ylab qochqinlar soni 10 yil ichida birinchi marta kamaydi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga gilam eksport qilmoqda?
