Jamiyat
Rossiyada qiyin ahvolga tushib qolgan oila O‘zbekistonga qaytarildi
Oila shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini yo‘qotib qo‘ygani uchun Rossiyada turli muammolarga duch kelgan.
O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Rossiyaning Saxa Respublikasi Neryungri shahrida qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan ona va uning to‘rt nafar farzandi vatanga qaytarildi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur oila Neryungri shahrida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini yo‘qotib qo‘ygani uchun turli muammolarga duch kelgan.
Diplomatik vakolatxona xodimlari zudlik bilan ushbu oila bilan uchrashgan, pasportini yo‘qotgan bolalarning onasiga O‘zbekistonga qaytish uchun bepul guvohnoma rasmiylashtirib bergan. Shuningdek, ayol va uning bolalarining O‘zbekistonga kelishi uchun aviachipta sotib olingan.
Avvalroq Novosibirsk shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda Rossiyaning Tomsk oblastida og‘ir kasallikka chalingan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgan edi.