Dunyodan
Rossiyada olti kunlik ish haftasiga o‘tish taklif qilindi.
Rossiyalik tadbirkor Oleg Deripaska Rossiya fuqarolari uchun ish tizimiga tub o‘zgarishlar kiritishni taklif qildi. Uning fikricha, iqtisoddagi “global imkoniyatlarni yo’qotish” sharoitida ruslar dushanbadan shanbagacha kuniga 12 soat ishlashi kerak.
Tadbirkor bu taklifni iqtisodiy inqirozdan chiqish uchun zarur chora sifatida baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning asosiy resursi inson resurslari va ularning og‘ir damlarda tinimsiz mehnat qilish qobiliyatidir.
Ba’zi ekspertlar bu fikrni qisman qo’llab-quvvatlaydi. Misol uchun, Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi Gennadiy Onishchenko olti kunlik ish haftasi iqtisodiyot uchun foydali bo‘lishi mumkinligini aytdi. Biroq, uning aytishicha, hozircha bunday tizimni amalga oshirish mumkin emas. Amaldagi mehnat qonunlari, kasaba uyushmalari va jamiyat bunday o’zgarishlarga tayyor emas.
Shu bilan birga, Rossiya Davlat Dumasida bu masala muhokama qilinmagani xabar qilingandi. Komissiya raisi Yaroslav Nilovning aytishicha, ish vaqtiga o‘zgartirishlar faqat davlat, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari ishtirokida muhokama qilinishi kerak.
Siyosiy doiralar tomonidan ham tanqidlar ko’tarildi. Liberal-demokratik partiya rahbari Leonid Slutskiy bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamasligini aytib, ish vaqtini oshirish o‘rniga mehnat unumdorligi va ish haqini oshirish kerakligini ta’kidladi.