Sport
Ronaldu Saudiyada norozi. Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Krishtianu Ronalduning boykoti Karim Benzemaning «Al Ittihod»dan «Al Hilol»ga transferini to‘xtata olmadi. Endi 40 yoshli futbolchi kelajagi bo‘yicha bir qarorga kelishi kerak, unda uch variant bor: «An Nasr» bilan yarashish, yangi klub topish yoki faoliyatini yakunlash.
So‘nggi kunlarda Krishtianu Ronaldu yana barchaning e’tibor markazida paydo bo‘ldi. Bu safar qandaydir chiroyli goli yoki minglik dovon tomon qo‘yilgan navbatdagi qadam emas, futbolchining «An Nasr» klubi, hatto Saudiya Arabistoni davlat investitsiya fondi (PIF) bilan ziddiyati haqida so‘z bormoqda. Avvaliga ko‘pchilik bunga ishonmagan bo‘lsa-da, Saudiya Arabistoni chempionatining navbatdagi tur o‘yinida Krishtianu qatnashmadi. «Ar-Riyod»ga qarshi o‘yinni (1:0) boykot qilgan portugiyalik 40 yoshli yulduz klubning transfer bozoridagi faol emasligidan norozi bo‘lmoqda va uning fikricha «Al Hilol» bilan raqobatda notenglik yuzaga kelmoqda. Liganing eng yaxshi hujumchilaridan biri Karim Benzema ham «Al Ittihod»dan «Al Hilol»ga o‘tgani esa so‘nggi tomchi bo‘lishi mumkin.
Bir cho‘ntakdagi to‘rt klub
Avvalo, vaziyatni to‘liq anglash uchun bir muhim masalani aniqlab olish kerak. Aytaylik, Ronalduning «An Nasr»dan noroziligi shunchaki, boshqa bir klubga nisbatan raqobatda yengilishga nisbatan norozilikka mutlaqo o‘xshamaydi. Saudiya Arabistoni chempionati hukumat doirasidagi loyiha bo‘lib, davlat birato‘la to‘rt klub – «An Nasr», «Al Ittihod», «Al Hilol» va «Al Ahli»ning moliyaviy manbasi hisoblanadi. Bu klublar esa PIF tomonidan moliyalashtiriladi.
Ronaldu hozir nafaqat o‘z klubi boshqaruvidan, balki PIF’dan ham norozi bo‘layotgani shu bilan izohlanadi. Portugaliyalik futbolchining fikricha, Saudiya Arabistoni «An Nasr»ga nisbatan boshqa uch klubga ko‘proq e’tibor qaratmoqda, bu esa «An Nasr»ning sovrinlar yutishiga katta to‘siq bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda Saudiya Arabistoni Ligasi, aniqrog‘i PIF so‘nggi yillarda o‘z siyosatini keskin o‘zgartira boshlaganini ham ta’kidlash kerak. Endi Saudiya Arabistoniga katta nomlar, yulduz futbolchilar emas, istiqbolli yosh futbolchilar ko‘proq olib kelinmoqda. Endi bu liga o‘z davrini o‘tkazib bo‘lgan yulduzlar uchun nafaqa varianti emas. Aksincha, endi arablar ancha yosh va iste’dodli bo‘lgan futbolchilarni ertaroq payqab, ular uchun o‘ziga xos tramplinga aylanishga ham qarshi emas.
«Al Hilol» bilan raqobat
«Al Hilol» Saudiya Arabistonining eng mashhur va xalqaro maydondagi eng muvaffaqiyatli klubi hisoblanadi. Klub 2024 yilda ichki chempionat g‘olibi bo‘ldi, o‘tgan yil yozida esa klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashdi. Ayni damda «Al Hilol» «An Nasr»dan atigi bir ochko ko‘proq jamg‘argan holda chempionatda peshqadam bo‘lib turibdi.
Kuni kecha «Al Hilol» «Renn»dan 30 million yevroga iste’dodli hujumchi Muhammad Meyteni sotib oldi. Meyte nafaqat Fransiya, balki Yevropada ham ko‘zga ko‘rinib ulgurgan 18 yoshli futbolchi, APLning qator klublari ham u bilan qiziqayotgandi. Bu transfer ortidan «Al Ittihod» bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelisha olmasdan, so‘nggi o‘yinlarni boykot qilib kelgan Karim Benzema ham 25 million yevro evaziga «Hilol» futbolchisiga aylandi.
Bunday yirik xaridlar fonida «An Nasr» «Al Hilol»da zaxirada qolib ketgan va endi erkin agentga aylangan Abdulloh Al Hamdam bilan kifoyalanishi esa, tabiiyki, Ronalduni jig‘ibiyron qildi. Futbolchi har qancha gol urib, shaxsiy rekordlar sari odimlamasin, jamoaviy sovrinlar ham kerak, «An Nasr» esa Krishtianu kelganidan beri biror sovrinni qo‘lga kirita olmadi. Bu esa baribir futbol jamoatchiligida salbiy fon yaratadi.
«Yuventus»dagi so‘nggi mavsum, keyin Manchesterdagi yillar ham qo‘shilib, Krishtianuning faqat o‘z gollarini o‘ylaydigan, ammo jamoaviy yutuqlarga xalaqit beradigan yulduz sifatida namoyon bo‘lishi, garchi asosli bo‘lmasa ham, futbolchining imijiga ta’sir ko‘rsatgani shubhasiz. Ronaldu esa boshi uzra jamoaviy sovrinni ham ko‘tarishni istaydi.
Aslini olganda, agar umumiy xarajatlar ko‘rib chiqilsa, so‘nggi uch yilda «Al Hilol» va «An Nasr»ga sarflangan pullarda juda katta farq yo‘q. Agar Krishtianu va Neymar uchun sarflangan pullar chiqarib tashlansa, deyarli tenglik yuzaga keladi. «Al Hilol» Leonardo, Teo Ernandes, Nunez, Akchichek, Malkom, Nevesh, Mitrovich, Kanselu, Milinkovich-Savich kabi futbolchilar uchun 420 million yevro atrofida pul sarflagan bo‘lsa, «An Nasr»ning Felish, Koman, Duran, Mane, Brozovich, Fofana, Simakan, Telles, Laporte, Inigo Martines uchun xarajati 400 million atrofida.
Ammo «An Nasr»da murabbiylar almashuvlari, omadsiz xaridlar ko‘proqligi, ayniqsa, keskin raqobat paytida «Al Hilol» tarkibini kuchaytirib olishi Ronalduning noroziligini keltirib chiqargan.
Ronaldu Saudiyani tark etishi mumkinmi?
Krishtianuning «An Nasr» bilan shartnomasi 2027 yil yozida tugaydi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, Ronaldu jamoani ertaroq tark etishga tayyor va unda MLS va Yevropadan variantlar bor. Ammo kamida yozgacha bu ish sodir bo‘lishiga ishonish qiyin.
Avvalo Krishtianuning nafaqat «An Nasr», balki Saudiya Arabistoni hukumati bilan kelishuvi borligi, futbolchi u yerga faqat to‘p tepish uchun emas, mamlakatning ijobiy imijini shakllantiruvchi brend sifatida olib kelinganidan kelib chiqilsa, narigi tomon ham kerakli qadamlarni tashlashini kutish mumkin.
Krishtianu oldin ham bir necha bor xudbin shaxs sifatida namoyon bo‘lgan bo‘lsa-da, dunyoda uning tarafdorlari yetarlicha ko‘p va Saudiya Arabistoni shayxlari turli va’dalar bilan futbolchini olib kelib, yakunda mojaro bilan xayrlashishi – yaxshi imij yaratmaydi. Kerakli odamlar Krishtianu bilan muzokara qilishi, masalan, yozda klubga yetarlicha investitsiya qilinishi haqidagi va’dalar bilan ziddiyatga barham berilishi mumkin. Aslida ziddiyat cho‘zilishidan Ronalduning o‘zi ham manfaatdor emas – jahon chempionati oldidan o‘yin amaliyotisiz qolishni hech kim istamaydi.
Raqibning katta transferlari fonida «An Nasr»ga ham e’tiborni qaratish, hech kim olib kelinmaydigan bo‘lsa-da, oxirigacha chempionlik uchun kurashish va agar g‘olib chiqadigan bo‘lsa, ajoyib ertak bilan mundialgacha yetib olish mumkin bo‘ladi.
O‘zi umuman olganda ham Ronaldu keysida boshqa futbolchilar bilan sodir bo‘lmaydigan qiziq jihat bor. Tasavvur qiling, boshqa har qanday futbolchi «An Nasr» tarkibida shuncha gol urib, umuman, jamoaning shu darajada yurishiga asosiy sababchi bo‘lganida, u jamoaga faqat yordam bergan tomon pozitsiyasida turardi. Krishtianu bilan esa boshqacha – Saudiya Ligasi yoki «An Nasr» Krishtianuga qarata, «sen tufayli biz» emas, «biz tufayli sen, shuncha gol urib, minglikka yaqinlashyapsan, biz senga bu uchun sharoit qilib berdik» deya oladi ham.
Ya’ni Krishtianu Ronaldu atrofidagi umumiy fon, minginchi gol, uning shaxsiy natijalari har qanday klub maqsadlaridan ham kattalashib ketgani – mana shunday absurd fikrni ham jiddiy argumentga aylantira oladi.