Sport
«Real»da yangi yulduz porlashda davom etmoqda
Klublar mundialida chorakfinalning barcha juftliklari ma’lum.
Foto: Gettyimages/Kevin C. Cox
KJCh. 1/8 final
«Real» — «Yuventus» 1:0
1 iyul. Mayami. «Hard Rok»
Gol: Gonsalo Garsiya (54).
«Real» — Kurtua, Trent, Ryudiger, Hausen, Fran Garsiya, Chuameni, Valverde (Seballos, 90), Guler (Modrich, 77), Bellinghem, Vinisius, Gonsalo Garsiya (Mbappe, 68).
«Yuventus» — Di Gregorio, Kalulu, Rugani (Gatti, 86), Kelli (Gonsales, 59), Koshta, Lokatelli (Makkenni, 86), Tyuram, Kambiyazo, Konseysau (Kostich, 59), Yildiz (Kopmeyners, 71), Kolo-Muani.
Ogohlantirish: Bellinghem (86).
«Real»ning «Yuventus» bilan o‘yini — 1/8 finalning so‘nggi kunidagi desertdek bo‘ldi. Oshqozonidagi og‘riq tufayli guruh bosqichini o‘tkazib yuborgan Mbappe bu safar o‘yin qaydnomasiga kiritildi va zaxira o‘rindig‘idan joy oldi. Boshlang‘ich tarkibda esa yana klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining kashfiyotlaridan biri – Gonsalo Garsiya tushdi. «Qaymoqranglilar»ning 21 yoshli tarbiyalanuvchisi 5-3-2 (yoki 3-5-2) taktik sxemasida Vinisius Junior bilan hujum juftligini hosil qildi. «Yuventus» esa 5-4-1 sxemasidan foydalandi, bunda hujum uchida Kolo Muani harakat qildi.
«Real» birinchi bo‘limda to‘pga ko‘proq vaqt davomida egalik qildi (43 ga qarshi 57), ammo ancha vaqtgacha xavfli vaziyatlar yarata olmadi. Xabi Alonso shogirdlariga hujumlarni rivojlantirishda jamoaviy tezlik yetishmadi. Bu kamchilikni Vinisius Junior individual harakatlari bilan to‘ldirishga harakat qildi, ammo uning qanotdan qochib ketishga urinishlari muvaffaqiyatsiz chiqdi.
«Yuventus» esa «Real»dan cho‘chimadi va o‘yindagi ilk zarba muallifi Kenan Yildiz bo‘ldi. Yettinchi daqiqada turinliklar ilk golli vaziyatni ham yaratishdi. Trent to‘p yo‘qotishidan keyin Kolo Muani Yildizga tovonida pas berib, o‘zi oldinga tashlandi va jarima maydoniga kirib borib, Kurtua bilan yakkama-yakka vaziyatda zarba yo‘lladi, ammo to‘p darvozabonning ham, darvoza to‘sinining ham ustidan o‘tib ketdi.
«Real»ning bu o‘yindagi asosiy quroli uzoq masofadan berilgan zarbalar bo‘ldi. Faqat o‘yinning yarim soati o‘tgandagina Alonso jamoasi «Yuventus» mudofaasini yorib o‘tib, ilk golli vaziyatini yaratdi. Bellinghem yaqin masofadan zarba yo‘lladi, ammo darvozabon Di Gregorio «keksa siniora»ni qutqarib qoldi.
Bo‘limning oxirgi qismini «Real» futbolchilari kuchli o‘tkazishdi. O‘ng qanotda Trent Guler bilan o‘rin almashib o‘ynab, bosim uyushtirishdi. Valverde jarima maydoni tashqarisidan xavfli zarba yo‘lladi – turinliklar darvozaboni yana bir bor o‘zini ko‘rsatdi. «Yuventus»ning charchagan futbolchilari bu vaqtda qarshi hujumga o‘tishni bas qilishgandi.
Ikkinchi bo‘limga «Real» yanada katta ishtiyoq bilan tushib kelishdi. Madridliklar hujumidagi keskinlik darajasi geometrik progressiya bo‘yicha o‘sa boshladi. Shu kuni o‘nta seyv ijro etgan Di Gregorio o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishi vaqt masalasi ekani ko‘rinib turardi.
«Real» futbolchilari bir necha bor «Yuventus»ning burchak zarbalaridan keyin xavfli qarshi hujumlarga chiqib ketishdi. Ammo golni o‘zining standart vaziyatidan urishdi. Trent hujumni ikkinchi tempda davom ettirib, o‘z qanotidan jarima maydoniga uzatma berdi va Gonsalo Garsiya bosh bilan gol urishiga hech kim xalaqit bermadi. Yaqingacha ikkinchi jamoa safida o‘ynagan va Mbappe yo‘qligi tufayli asosiy jamoaga jalb etilgan yosh futbolchi klublar mundialidagi uchinchi golini nishonladi.
O‘tkazib yuborilgan goldan keyin «Yuventus» futbolchilarining kayfiyati tushib ketdi, «Real» esa raqibni uzil-kesil taslim etish uchun bosim qilishda davom etdi. Lekin bu ro‘y bermadi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Alonso Gonsalo o‘rniga Mbappeni tushirishi ham yordam bermadi. Kilian o‘yinga yaxshi qo‘shildi, bir necha bor oldinga tashlandi, bunday vaziyatlardan biri Di Gregorioning navbatdagi seyvi bilan yakunlandi. Keyin esa «Real» ustozi o‘yin tempini tushirishga va shunchaki hisobga qarab o‘ynashga ishora berdi, Mbappe esa maydonda ko‘rinmay qoldi.
Xabi Alonsoning rejasi ish berdi va «Yuventus» yakuniy shturm uyushtirishga ham hafsala qila olmadi. Taqqoslash uchun – xG bo‘yicha statistika. Turinliklar tanaffusga qadar bu ko‘rsatkich bo‘yicha «Real»dan ustunroq edi (0,66 ga qarshi 0,73), ikkinchi bo‘limda esa yaqqol ortda qoldi (0,91 ga qarshi 0,04). Zarbalar soni bo‘yicha farq ham yaqqol – madridliklar foydasiga 21:6, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha – 11:2. Tudor jamoasining so‘nggi umidi qo‘shimcha daqiqalarda Kolo Muani «Real» jarima maydonida yiqilishi bo‘ldi, ammo bosh hakam Marsinyak penalti yo‘qligini ma’lum qildi.
«Real» klublar mundialidagi oltinchi chempionlik uchun yurishini davom ettiradi, bu yo‘lda navbatdagi raqib Dortmundning «Borussiya» klubi bo‘ladi.
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida sakkkiz jamoa qoldi: