Jamiyat
Real Sanjik qamoqqa olindi
U o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, shuningdek, giyovandlik vositalari tayyorlash va saqlashda gumonlanmoqda.
Ijtimoy tarmoqlarda Real Sanjik taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimov qamoqqa olindi.
Oliy sud matbuot xizmatiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 28 noyabrdagi ajrimi bilan Sanjar Karimovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. U o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish hamda giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazishga suiqasd qilishda gumonlanmoqda.
«Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida Toshkent shahar prokurori birinchi o‘rinbosarining Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi va 25,273-moddasi 2-qismi nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanuvchi va Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan S. K. (erkak, 1990 Namangan viloyatida tug‘ilgan, “Finans invest” KSB ta’sischisi, ijtimoiy tarmoqlarda Real Sanjik taxallusi ostida tanilgan)ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi taqdim etilgan hujjatlar bilan ko‘rib chiqildi.
Sudning 2025 yil 28 noyabrdagi ajrimi bilan Toshkent shahar prokurori birinchi o‘rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, ayblanuvchi S. K.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi», deyiladi xabarda.
Qochoq “kuyov” va aldangan “kelin” ishi
Toshkentda yashovchi Jamila Olimboyeva yigiti Shahzod Rismatovni firibgarlikda ayblagandi. U Rismatov aldov yo‘li bilan uyini Sanjar Karimovga rasmiylashtirib berib, evaziga Karimovdan qarzga pul olganini ma’lum qilgan.
Olimboyevaning ushbu da’vosidan so‘ng Sanjar Karimov uyni egalaridan 240 ming dollar naqd to‘lov evaziga sotib olganini aytib chiqdi.
“Bu mojaroga aloqam yo‘q. Uyni o‘z pulimga sotib oldim. Agar ularning biznesi muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsa, buning menga nima aloqasi bor? Men 240 ming dollar to‘laganman. Men uyni ularga yordam berish istagida sotib oldim”, degandi Sanjar Karimov.
2025 yil 21 noyabr kuni JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudida Shahzod Rismatovga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlandi. Sud hukmiga ko‘ra, Shahzod Rismatov juda ko‘p miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topildi va unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ishni ko‘rgan sudya alohida ajrim chiqarib, Sanjar Karimovning bu firibgarlik ishidagi ishtirokini tekshirish va xatti-harakatining qonuniyligiga baho berish uchun Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasiga xabarnoma yuborgandi.
Jamiyat
Olimlar kimlar tezroq qarishini aniqlashdi
Turli mamlakatlar olimlari inson organizmini vaqtidan oldin qaritadigan asosiy sabablarni aniqlashdi.
Kambag‘allik, past daromad va sifatli ta’lim olish imkoniyatining yo‘qligi inson tanasidagi biologik qarishni tezlashtirishi isbotlandi. Eng yomoni, bu salbiy jarayon ko‘pincha bolalikdanoq boshlanadi.
Xulosa chiqarish uchun mutaxassislar dunyoning 23 ta davlatidan 66 mingdan ortiq odam ishtirok etgan 140 ta ilmiy tadqiqot natijalarini o‘rganib chiqishdi. Unda chaqaloqlardan to 86 yoshgacha bo‘lgan odamlar ishtirok etdi. Olimlar odamlarning qarish tezligini maxsus «epigenetik soatlar» (organizmning ichki holatini ko‘rsatuvchi tizim) yordamida tekshirishdi. Bu haqda «Nature Human Behavior» nashri ma’lum qildi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra agar biologik qarish sekinlashsa inson o‘z yoshiga nisbatan tetik, yosh va sog‘lom bo‘lib yuradi. Uning tashqi ko‘rinishi ham, ichki sog‘lig‘i ham xuddi pasportdagi yoshidek (yoki undan ham yoshroq) saqlanib qoladi.
Agar qarish jarayoni tezlashayotgan bo‘lsa odatda keksalikka xos bo‘lgan kasalliklar insonda vaqtidan ancha oldin paydo bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’minoti past va kambag‘al oilalarda o‘sayotgan bolalarning ichki organizmi (biologik yoshi) o‘ziga to‘q oilalardagi tengdoshlariga qaraganda ancha katta, ya’ni ertaroq qariyotgani ma’lum bo‘ldi. Xuddi shunday holat katta yoshli insonlar orasida ham kuzatilmoqda.
Jamiyat
Yaponiyada noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi
U Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli hibsga olingan.
Yaponiya immigratsiya xizmati agentligi mamlakatda noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi.
Deportatsiya qilingan shaxs Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.
Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, agar mamlakatda noqonuniy yashash yoki noqonuniy ishlash holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan hibsga olish va ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi choralar ko‘riladi.
Shuningdek, bildirilishicha, Yaponiyada qochqin maqomini olish uchun ariza berilsa, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalgan bo‘lib, shu kabi maqsadlar bilan qochqin maqomini olish uchun ariza berishga ruxsat etilmaydi.
Agar qochqin maqomi rad etilsa, immigratsiya muassasasiga joylashtirish yoki deportatsiya qilish kabi choralar qo‘llanilishi mumkin. Bundan tashqari, soxta ma’lumot berish yoki noqonuniy usullar bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilish jiddiy huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkin.
Jamiyat
Namanganda 381 ming dollarga 50 sotix yerni rasmiylashtirib berishni va’da qilganlar ushlandi
Ikki fuqaro 5 000 AQSh dollarini, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor tadbirda fuqarolar U.A. va M.B. kadastrlar palatasida ishlovchi tanishlari orqali 381 000 AQSh dollari evaziga fermer xo‘jaligi balansidagi 50 sotix yer maydonining hujjatlarini fuqaro A.S.ning nomiga noturar joy sifatida rasmiylashtirib berishlarini aytib, shundan 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shundan so‘ng tadbir davom ettirilib, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i S.A. 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Farg‘onada gaz to‘ldirish vaqtida avtobus tomidagi gaz balloni yorilib ketdi
Viloyat FVB xabariga ko‘ra, yorilish natijasida yong‘in sodir bo‘lmagan, hech kim tan jarohati olmagan.
27 iyun kuni soat 19:00 larda Farg‘ona shahridagi AGTKSh hududida avtobus tom qismiga o‘rnatilgan gaz ballonlariga gaz to‘ldirish vaqtida gaz ballonlaridan birida yorilish paydo bo‘lgan.
Viloyat FVBning xabariga ko‘ra, yorilish natijasida yong‘in sodir bo‘lmagan, tan jarohati olganlar yo‘q.
Voqea joyiga viloyat FVB boshlig‘i va huquqni muhofaza qilish organlari hamda tegishli xizmat vakillari chiqqan.
Yorilish sababi vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda aniqlanmoqda.
Jamiyat
“Hokimiyatdan kelgan topshiriqni deb, bolamga kuyib o‘tiribman” – o‘lim bilan tugagan “Andijon polkasi” tafsilotlari
23 iyun kuni “Andijon polkasi” Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi: viloyat markaziy stadionida 20 ming odam bir vaqtda raqsga tushdi.
Raqsga tushganlar orasida Asaka tumanidagi 14-maktabning 8-sinf o‘quvchisi, 15 yoshli Farrux Ne’matov ham bor edi.
U o‘sha kuni tadbirdan qaytishda o‘zi o‘qiydigan maktab direktori boshqaruvidagi Damas’da avtohalokatga uchrab, shifoxonada vafot etdi.
Tafsilotlar – Kun.uz muxbiri reportajida.
Surishtiruvdan ma’lum bo‘lishicha, “Andijon polkasi”ni Ginnes rekordlar kitobiga kirishi uchun stadionda katta tadbir uyushtirilgan va bunga maktab o‘quvchilari jalb qilingan. 23 iyun kuni boshqa maktablar qatori Asaka tumanidagi 14-maktabning o‘quvchilari ham tadbirda qatnashgan. O‘sha kuni YTH oqibatida vafot etgan 8-sinf o‘quvchisi Ne’matov Farrux ham maxsus avtobuslarda stadionga borgan. Tadbir tugagach u 5 nafar sinfdoshlari bilan maktab direktorining “Damas” avtomashinasiga o‘tirib uyga qaytayotgan bo‘lgan.
YTH sodir bo‘lgan chorraha
Maktab o‘quvchilari mingan mashina asosiy yo‘ldan kelib chapga qayrilmoqchi bo‘lgan paytda qarama qarshi tomondan kelayotgan “ZIL” yuk mashinasi “Damas”ning orqasiga kelib urilgan. Oqibatda “Damas” ag‘darilib ketgan.
“Sog‘lom o‘g‘limni o‘ldirib berishdi”…
“Bir kun avval o‘g‘limning sinf rahbari telefon qilib ertaga “Andijon polkasi” tadbiriga Farruxni jo‘nating iltimos deb qayta-qayta tayinladi. Xo‘p dedim. 15 yoshga kirib pul topadigan bo‘lib qolgandi o‘g‘lim. Chiroyli qilib kiyintirib maktabiga jo‘natdik. Chorsilarni beliga tugib xursand bo‘lib do‘sti bilan uydan chiqib ketdi.
marhum Farrux Ne’matov
Bir payt qo‘shnim yugurib kirdi. Durdonaxon, bolalarimiz “avariyaga” uchrabdi, qolgan bolalar yaxshi ekan, bitta sizning bolangizni boshi yorilibdi, tikishyapti ekan dedi. Viloyat shifoxonasiga qarab ketdik. Farruxbek besh-olti soatda chiqdi operatsiyadan. Amaliyot juda uzoq cho‘zildi.
O‘qituvchilarning o‘zi qon berdi o‘g‘limga. Ichki a’zolari majaqlanib ketgan ekan. O‘ziga kelmadi o‘sha kuni kechasi bilan ham. Ertasi kuni 24 iyunda joni uzildi-da bolamni. Farruxbek o‘g‘lim katta farzandim edi. Uydan soppa-sog‘ chiqib ketgan edi.
Aslida tadbirni tashkillagan tashkilotlar, hokimiyat o‘quvchilarni maxsus avtobusda olib borib, olib kelib qo‘yishlari kerak edi. O‘zboshimchalik bilan avtobusga chiqmay “Damas”ga chiqqan deb, endi aybni o‘g‘limga ag‘darib qo‘yishyapti. Aybdorlar qonun oldida javob bersin. Guldek o‘g‘limdan ayrildim”, deydi marhum Farrux Ne’matovning onasi Durdona Qosimova.
Durdona Qosimova, marhumning onasi
Avtobus ketib qolgach, direktorning “Damas”iga chiqishgan ekan…
“Jiyanim do‘stlari bilan tadbirga avtobusda borgan. Tadbirdan keyin bolalar ust-boshlarini almashtirib chiqqunicha, avtobus ketib qolgan ekan. Ko‘chada qolgan bolalar bizni olib ketinglar deb, domlasiga telefon qilgan. Shundan keyin maktab direktori o‘zining “Damas” mashinasida bolalarni olib ketayotgan bo‘lgan. Chorrahaga yetganlarida baxtsiz hodisa sodir bo‘lganda.
Jiyanim Muhammadrizo Qambarovning holati og‘ir edi, endi hozir “operatsiyadan” keyin ancha o‘ziga kelib qoldi. “Damas”da 2011 yilda tug‘ilgan 6 nafar sinfdosh do‘stlar bo‘lgan”, deydi YTH oqibatida shifoxonaga tushib qolgan Muhammadrizo Qambarovning tog‘asi Oybek Ibragimov.
Oybek Ibragimov
2 o‘quvchi shifoxonada, qolganiga ruxsat berdik…
“23 iyun kuni Andijon-Asaka avtomobil yo‘lida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga olti nafar jabrlangan o‘quvchi olib kelindi. Olti nafardan biri o‘ta og‘ir holatda kelgan. Ertasi kuni o‘sha og‘ir bemor vafot etgan. Qolgan besh nafar bemor turli jarohatlar bilan davolangan. Ulardan uch nafariga holati yaxshilanganidan keyin uyiga ruxsat berildi. Hozirda ikki nafari shifoxonada davolanyapti” – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali direktori o‘rinbosari Abdumutalib Akbaraliyev.
Abdumutalib Akbaraliyev
Kun.uz muxbiri bo‘lib o‘tgan voqea bo‘yicha tegishli idoralardan izoh olmoqchi bo‘ldi. Ammo biror bir tashkilot xodimi holatga munosabat bildirishni istamadi.
Ayni paytda YTH yuzasidan Asaka tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilyapti.
Ma’lumot o‘rnida, 24 iyun kuni Andijon viloyati markazidagi stadionda «Andijon polkasi» raqsiga tushish orqali rekord o‘rnatildi.
-
Sport5 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport2 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan4 days ago
BAAda 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
-
Dunyodan3 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Dunyodan23 hours agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Jamiyat5 days agoBo‘stonliqda kanalga tushib ketgan ikkinchi bolaning jasadi ham topildi
