Iqtisodiyot
Qurilish sohasida ayrim xodimlar maoshi 3 karra oshiriladi
Davlat buyurtmasi asosidagi qurilishlarda loyihachilar va buyurtmachilarning nazoratchilari faoliyati to‘liq KPI’ga bog‘lanib, ularning oyligi 3 karra oshiriladi. Obektda qo‘pol qoidabuzarlik aniqlansa, pudratchi bilan birga nazoratchilarga ham qat’iy chora ko‘riladi, loyihachining “Shaffof qurilish”dagi reytingi pasaytiriladi.
2025 yilda O‘zbekistondagi qurilish obektlarida loyihachi va buyurtmachilarning nazoratchilari 42 mingta kamchilikni qayd etgan, Qurilish inspeksiyasi esa yana 250 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlagan.
Sabab – loyihachi hamda buyurtmachilarda mualliflik va texnik nazorat bo‘yicha manfaatdorlik yo‘q, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kungi selektorda.
Shu bois, joriy yil 1 iyundan boshlab davlat buyurtmachilari faoliyati to‘liq KPI’ga bog‘lanishi, xodimlarning oyligi 3 karra oshirilishi belgilandi.
Loyiha hujjatini ishlab chiqish uchun obekt qiymatining 5 foizigacha mablag‘ beriladi. Mualliflik nazorati uchun esa alohida shartnoma asosida to‘lov qilinadi.
Shu bilan birga, endi texnik nazorat yoki mualliflik nazoratchisi mas’ul bo‘lgan obektda qo‘pol qoidabuzarlik aniqlansa, pudrat korxonasi bilan birga nazoratchilarga ham qat’iy chora ko‘rish zarurligi qayd etildi. Loyihachining “Shaffof qurilish”dagi reytingi ham pasaytiriladi.
O‘tgan yili 400 nafar qurilish nazoratchisi yonkamera bilan ta’minlandi, 1221 ta ijtimoiy va infratuzilma obektiga videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.
Endilikda budjetdan quriladigan qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy soha obektlari, ko‘p qavatli uy, yirik savdo va sanoat korxonasi, mehmonxona, turizm obektlari qurilishi ham onlayn nazorat kameralari bilan qamrab olinadi.
Urbanizatsiya qo‘mitasiga shaharsozlik qoidalarini qo‘pol buzganlik bo‘yicha moliyaviy sanksiya joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.