Iqtisodiyot
Qurilish materiallari tarmog‘ida kreditini to‘lolmayotgan korxonalar uchun 50 mln dollar ajratiladi
O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi 457 ta korxonaning kredit bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi 3,5 trillion so‘mga yetgan. Bu korxonalar chiqarayotgan mahsulotlar tannarxi qimmatligi, bozor talabiga to‘liq javob bermagani uchun xaridor topilmayapti. Mas’ullarga 457 ta korxonaning har biriga borib, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish buyurildi. Buning uchun 50 mln dollar resurs ajratilmoqda.
26 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Investitsiya forumi yakunlari
Davlat rahbari asosiy masalaga o‘tishdan avval o‘tgan haftadagi beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga to‘xtaldi. Forum doirasida xorijiy hamkorlar bilan 43 milliard dollarlik 177 ta kelishuvga erishilganini ta’kidladi.
“Har bir kelishuv loyihaga, ish o‘rniga, yuqori qo‘shilgan qiymatga aylanishi shart”, – dedi prezidentimiz.
Mutasaddilarga xorijiy investorlar ko‘targan 120 ta taklifning yechimi bo‘yicha qaror kiritish topshirildi.
To‘rtta tashkilot qurilish materiallari sohasida “aql markazi” bo‘ladi
Hokimlar qaysi tumanida qaysi tarmoqni qanday rivojlantirish, nima loyihaga investitsiya olib kelsa, eng yuqori samaradorlikka erishishini aniq hisob-kitob qilishi kerakligi qayd etildi.
Buning uchun iqtisodiyotdagi 12 ta tarmoqqa 14 ta “aql markazi” hamda 37 ta sohaviy ilmiy institut va oliygohlar nomma-nom biriktirildi.
Misol uchun, qurilish materiallari tarmog‘iga “aql markazi” sifatida Makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari markazi hamda Materialshunoslik instituti va Toshkent arxitektura-qurilish universiteti biriktirildi.
Ular yangi turdagi materiallarga talab, buni qoplash uchun qaysi tumanda nima loyiha qilish, qanday texnologiyadan foydalanish, qaysi yo‘nalishlarda kadr tayyorlash kerakligini tahlil qiladi.
Barcha tarmoq rahbarlariga “aql markazi”, sohaviy ilmiy institut va oliygohlar bilan har bir tuman imkoniyatini shu yondashuv asosida tahlil qilib, yalpi hududiy mahsulot o‘sishiga katta turtki beradigan loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.
Sohada erishilgan yutuqlar
Bundan 10 yil oldin mahalliy qurilish materiallari deganda qum-shag‘al, g‘isht, sement, oyna va shifer tushunilar edi. Bu nari borsa qurilishda ishlatiladigan jami materiallarning 35-40 foizini tashkil qilgan.
So‘nggi o‘n yilda sohaga 12 milliard dollar investitsiya kiritildi, 4 mingdan ortiq yangi zamonaviy korxonalar ishga tushdi.
Tsement, oyna, bazalt, keramik buyumlar, gazoblok, quruq qorishmalar kabi asosiy turdagi 20 dan ortiq mahsulotlarga bo‘lgan ichki talabni to‘liq qoplaydigan quvvatlar yaratildi. Issiqlik saqlovchi, kompozit material, ekologik pardozlash materiallari va pol qoplamalari kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi yo‘nalishlar jadal rivojlanmoqda.
Umuman, yangi uy-joylar va sanoat binolari qurishga kerak bo‘ladigan 98 foiz materiallarni o‘zimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Buning hisobiga o‘tgan davrda sohada ishlab chiqarish hajmi 7 trilliondan 53 trillion so‘mga oshdi. Sohadagi eksport o‘tgan yili 1,2 milliard dollarni tashkil qildi.
Asosiysi, o‘tgan davrda mazkur tarmoq import o‘rnini qoplashning muhim bosqichidan o‘tdi.
Qurilish materiallariga bozor talabi
Yil boshida aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha katta dastur qabul qilinib, 2040 yilga qadar quriladigan uy-joylar sonini 2 karra oshirib, yiliga 280 mingga yetkazish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini 61 tadan 120 taga ko‘paytirish reja qilindi.
Yiliga 20-25 million kvadrat metrli tijorat binolari foydalanishga topshirilyapti. Muxtasar aytganda, uy-joy va tijorat binolarining o‘zigina yiliga kamida 10 milliard dollarlik qurilish materiallariga talab yaratadi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumida hamkorlarga yana 27 milliard dollarlik infratuzilma loyihalari taklif qilindi.
Masalan, Jizzaxda atom elektr stansiyasi, Toshkent viloyatida 4-misni boyitish fabrikasi, O‘rta Chirchiqda 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega Yangi Toshkent aeroporti, Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli futbol stadioni, 282 kilometrli Toshkent–Samarqand yo‘lini qurish kabi yirik loyihalarga ham birinchi navbatda qurilish materiallari zarur.
Yirik loyihalarda foydalaniladigan materiallarga standart, sifat, sertifikat bo‘yicha yuqori talablar qo‘yilishi tabiiy. Shu bois, yirik loyihalarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan bog‘laydigan yangi tizim yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
QQS masalasi
Yirik va megaloyihalarga sarmoya kiritayotgan investorlar import materiallarni olib kelishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishni so‘raydi. Shu bilan birga, bunday loyihalarga o‘z mahsulotlarini taklif qilish istagida yurgan mahalliy korxonalar ham ko‘p.
Ular “Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz mahalliy mahsulotlarga ham qo‘llanilsa, sifat bo‘yicha ham, standart bo‘yicha ham raqobatga tayyormiz”, demoqda.
Mutasaddilarga yirik va megaloyihalarga import va mahalliy mahsulotlarni yetkazib berishda teng sharoitni ta’minlash bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Moliyaviy sog‘lomlashtirish uchun 50 mln dollar
Hozirda sohadagi 457 ta korxonaning kredit bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi 3,5 trillion so‘mga yetgan. Sabab – ushbu korxonalar chiqarayotgan mahsulotlar tannarxi qimmatligi, bugungi bozor talabiga to‘liq javob bermagani uchun xaridor topa olmayapti.
Mas’ullarga 457 ta korxonaning har biriga borib, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qisqa muddatli dastur ishlab chiqish, ayni maqsadlar uchun 50 million dollar resurs ajratish topshirildi.
Mazkur mablag‘lar mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish orqali tannarxni pasaytirish va bozorda talab yuqori mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
Pardoz materiallari va santexnika
Yaqinda hududlarda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ikki yillik katta dastur qabul qilindi. Dastur doirasida 34 ta yirik turizm obekti, 1 mingdan ortiq joylashtirish vositasi, xususan, 200 ta mehmonxona qurish reja qilingan.
Masalan, Parkentda yaqinda ochiladigan “Kumushkon resort” turizm kompleksida 98 foiz mahalliy qurilish materiallari ishlatilmoqda. Hokimlar ham o‘z hududidagi barpo etilayotgan mehmonxonalarda mahalliy materiallar ulushini kamida 95 foizga yetkazishi zarurligi qayd etildi.
Buning uchun keyingi yil yakuniga qadar mehmonxona qurish va bezatishda foydalaniladigan lok-bo‘yoq ishlab chiqarishni 119 mingdan 150 ming tonnaga, santexnikani 1,5 milliondan 2 million donaga, PVX quvur va fitinglarni 255 mingdan 300 ming tonnaga, gulqog‘ozni 6 milliondan 7,5 million tonnaga, dekorativ panellarni 15 million kvadratdan 18 million kvadrat metrga yetkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Energiya tejamkor materiallar
Yurtimizda har yili o‘rtacha 65 ming yakka tartibdagi uy-joylar qurilmoqda, yana 200-250 ming xonadon ta’mirlanyapti.
“Ochiq aytish kerak, hali ko‘pchilik energiya tejamkor materiallarning afzalliklari haqida yetarlicha xabardor emas”, – dedi prezident.
Xonadonlarni isitishning o‘ziga iqtisodiyotdagi jami gaz iste’molining 20 foizi, elektr energiyasining esa 11 foizi sarflanmoqda. Agar uyning fasad va tom qismi issiqlik saqlovchi material bilan qoplansa, energiya tejamkor oyna qo‘yilsa, energiya sarfi 30 foizgacha kamayadi.
Bu borada Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishlab chiqqan yangicha loyihalash yondashuvi asosida Qamashi tumanida 4 ming xonadonli “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilmoqda. Mazkur loyihada to‘liq energiya tejamkor mahalliy mahsulotlar ishlatilib, tannarx kamida 20 foizga arzon tushadi, uyni isitish-sovitish xarajatlari 30 foizga qisqaradi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlariga Qamashi tajribasi asosidagi yangicha loyihalash yondashuvini o‘rganish topshirildi. Joriy yil Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kiriladigan 33 ta tuman va shahardagi ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi faqat shunday yondashuv asosida amalga oshirilishi belgilandi.
Xonadonlarni qurish va ta’mirlashda energiya tejamkor materiallarga o‘tish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqib, 19 mingta qurilish korxonasiga ushbu tavsiyalarni, “yashil ta’mir” loyihasi bo‘yicha beriladigan imtiyozlar haqidagi ma’lumotlarni qurilish bo‘layotgan har bir mahalla, har bir xonadonga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Eksportni oshirish
Qo‘shni davlatlar yiliga 13 milliard dollarlik qurilish materiallarini import qilmoqda.
“Bir narsani bilinglar: tashqi bozorlarda kuchli raqobat, har bir dollar uchun kurash ketayotgan hozirgi sharoitda eksportni ko‘paytirish uchun noan’anaviy yechimlar kerak”, – dedi davlatimiz rahbari.
Markaziy Osiyo davlatlarining o‘ziga eksportni qo‘shimcha 440 million dollarga oshirish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi. Masalan, Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘izistonda uy-joy, tijorat obektlari qurish bo‘yicha katta dasturlar amalga oshirilyapti.
Tarmoq mutasaddilari va hokimlarga qurilish materiallari korxonalari va developerlarni bir-biriga bog‘lab, bizga yaqin mintaqalardagi bozorlarga kirib borsa, bu davlatlarda milliy mahsulotlarimiz asosida namunali uy-joylar va noturar obektlarni qurib ko‘rsatsa, qo‘shilgan qiymat karrasiga oshishi ko‘rsatib o‘tildi.
Muhimi, uy-joy qurish bo‘yicha ushbu davlatlarning ishonchli hamkoriga aylana olsak, elektrotexnika, uy tekstili, mebel korxonalarimizga ham yo‘l ochiladi, eksport imkoniyatlari ko‘payadi.
Shu bois, mas’ullarga Boku, Tbilisi, Moskva, Ostona va Bishkekda 3-4 tadan namunali, energiya tejamkor uy modelini qurib, road-shou o‘tkazish topshirildi.
Ishlab chiqarishdagi energosamaradorlik
So‘nggi o‘n yilda qurilish materiallari tarmog‘i korxonalari foydalanadigan shartli yoqilg‘i hajmi 2 karra kamaydi.
Sohadagi elektr iste’molining 65 foizi to‘g‘ri keladigan 34 ta yirik korxonada energiya auditi o‘tkazilgani hisobiga o‘tgan yilning o‘zida 240 million kilovatt-soat elektr tejaldi.
Lekin bu hali kam ekani qayd etildi. Viloyat hokimlariga qurilish materiallari korxonalarini texnologik modernizatsiya qilish orqali energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha katta dasturni boshlash topshirildi.
Bunda isitish va quritish pechi, tegirmon va energiya sarfi yuqori boshqa uskunalarni energiya tejamkoriga almashtirgan korxonalarga so‘mdagi kreditining 7 foizi, xorijiy valutada bo‘lsa, 4 foizi kompensatsiya qilib beriladi.
Bu yil yana 38 ta yirik korxonada energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilib, 400 million kilovatt-soat elektrni iqtisod qilish zarurligi qayd etildi.
Yuqori qo‘shilgan qiymat zarurati
Mamlakatimizda sement, bazalt, oyna, keramik plita kabi mahsulotlar bo‘yicha yaratilgan quvvatlar 2035 yilgacha bo‘lgan ehtiyojlarimizni qoplashga ham yetadi.
Endilikda investorlarni bunday mahsulotlarni ko‘paytirishga emas, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilib, yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan loyihalarga jalb qilish kerakligi qayd etildi.
Masalan, Forishdagi bazalt tolasi zavodining yonida bazalt matosi ishlab chiqarish quvvatlari joylashtirilmoqda. Hozir 1 tonna bazalt tolasi 340 dollar bo‘lsa, bazalt matosining tonnasi 900 dollarni tashkil etadi.
Yoki bizda asosan 400, 500 markali sement ishlab chiqariladi. Hozir faoliyati to‘xtagan 17 ta sement zavodini investorlar bilan bog‘lab, maxsus sement ishlab chiqarishga o‘tkazsa, xaridor ham, eksport ham bo‘ladi.
Mutasaddilarga alohida dastur tasdiqlab, yil yakunigacha past quvvatda ishlayotgan kamida 50 ta qurilish materiallari korxonalariga investor olib kelish topshirildi.
Sertifikatlash masalalari
Qurilish materiallari sohasidagi korxonalarga sertifikat olish bilan bog‘liq barcha xarajatni to‘liq qoplab beradigan tizim mavjud. Bu kabi imkoniyat boshqa birorta tarmoqda yo‘q.
Lekin bunday sertifikatlarning yagona ma’lumotlar bazasi yo‘qligi uchun xaridorlar o‘zi bilgan, xalqaro sertifikati bor chet el tovarlarini ko‘proq xarid qilmoqda.
Mutasaddilarga mahalliy va xorijiy sertifikati bor qurilish materiallarining elektron platformasini ishga tushirish, viloyat hokimlari bilan birga shu yil yana kamida 50 ta qurilish materiali korxonasiga xalqaro sifat sertifikati olishda ko‘maklashish topshirildi.
Maqsadli ko‘rsatkichlar
Yig‘ilishda aytilgan imkoniyat va vazifalar hisobidan joriy yilda qurilish materiallari sohasida 11 milliard dollarlik 900 dan ziyod yangi loyihalarni boshlash, 3 milliard 200 million dollarlik 622 ta loyihani ishga tushirib, 21 ming yangi ish o‘rni yaratish, ishlab chiqarish hajmini 65 trillion so‘mdan oshirish, 7,5 trillion so‘mlik yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish, eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish muhim ekani qayd etildi.
Yig‘ilish davomida mutasaddilarning hisobotlari, qurilish materiallari korxonalari vakillarining taklif va tashabbuslari tinglandi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 19 trln so‘mlik kiyimlar ishlab chiqarilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Andijon viloyatida qayd etilgan — 7,1 trln so‘m. Bu ko‘rsatkich ikkinchi o‘rindagi Toshkent viloyati natijasidan 3 barobardan ko‘proq yuqori.
Toshkent viloyatida kiyim ishlab chiqarish hajmi 2,1 trln so‘m, Namanganda 1,8 trln so‘m, Toshkent shahrida esa 1,7 trln so‘mni tashkil etgan. Farg‘ona viloyatida ham 1,4 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Samarqand viloyatida yirik korxonalar 1 trln so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqargan. Qashqadaryoda bu ko‘rsatkich 897,9 mlrd so‘m, Buxoroda 659,8 mlrd so‘m, Xorazmda 620,1 mlrd so‘m bo‘lgan.
Navoiy viloyatida kiyim ishlab chiqarish hajmi 578 mlrd so‘m, Sirdaryoda 324,7 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 307,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Bulardan tashqari, Surxondaryoda 227,1 mlrd so‘m, Jizzax viloyatida esa 203 mlrd so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Iqtisodiyot
Dushanbadan dollar bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ladi?
Dushanbadan dollar bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ladi?
Source link
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda xorijiy investitsiyali korxonalar soni 21 mingga yaqinlashdi
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yil 1-avgust holatida O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 20 973 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Ularning 4 685 tasi qo‘shma korxona, 16 288 tasi esa xorijiy korxona hisoblanadi. Bu mamlakatda xorijiy kapital ishtirokidagi biznes subyektlari soni sezilarli ko‘payganini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi besh yilda xorijiy investitsiyalar ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalarning umumiy soni 1,7 barobarga oshgan. Korxonalar soni bo‘yicha Xitoy yetakchilik qilmoqda.
Xitoyga tegishli xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 6 241 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu ko‘rsatkich bilan mamlakatlar reytingida Xitoy birinchi o‘rinni egallagan.
Rossiya 3 512 ta korxona bilan ikkinchi o‘rinda, Turkiya esa 2 327 ta korxona bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarni Qozog‘iston — 1 321 ta va Janubiy Koreya — 730 ta korxona bilan egallagan.
Shuningdek, Afg‘onistonda 706 ta, Ozarbayjonda 492 ta, Tojikistonda 467 ta, Birlashgan Arab Amirliklarida 453 ta va Hindistonda 439 ta korxona qayd etilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda farmatsevtika ishlab chiqarishi 3 trln so‘mga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan qariyb 3 trln so‘mlik asosiy farmatsevtika mahsulotlari va preparatlari ishlab chiqarilgan.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 22,3 foizga oshgan. Yarim yillik natijalar farmatsevtika sanoatida ishlab chiqarish hajmi o‘sganini ko‘rsatmoqda.
Hududlar kesimida eng katta ishlab chiqarish hajmi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda 1,8 trln so‘mlik farmatsevtika mahsuloti ishlab chiqarilgan.
Sirdaryo viloyati 443,6 mlrd so‘mlik ishlab chiqarish bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Toshkent viloyatida 226,4 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Namangan viloyatida ishlab chiqarish hajmi 169,1 mlrd so‘mni tashkil etgan. Samarqand viloyatida 116,9 mlrd so‘m, Andijonda 71,4 mlrd so‘mlik farmatsevtika mahsuloti ishlab chiqarilgan.
Farg‘onada 53,4 mlrd so‘m, Surxondaryoda 49,3 mlrd so‘m, Qashqadaryoda 15,4 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Xorazm viloyatida 12,1 mlrd so‘m, Buxoroda 7,8 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3,5 mlrd so‘mlik farmatsevtika mahsuloti ishlab chiqarilgan. Jizzax va Navoiy viloyatlarida esa ishlab chiqarish hajmi 0,1 mlrd so‘mdan qayd etilgan.
Iqtisodiyot
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida biznes uchun barqaror o‘sish trayektoriyasini ta’minlashga qaratilgan yangi tashabbuslar e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, banklar kredit portfelida kichik biznes ulushi 45 foizdan 63 foizga oshgan. 2026-yilning birinchi yarmida kichik va o‘rta biznesga 76,5 trln so‘m resurs ajratilgan.
Tadbirkorlar uchun «kredit xizmatlari yagona raqamli portali» ham ishga tushirildi. U orqali tadbirkor bitta ariza topshiradi, banklar esa mijoz uchun raqobat qiladi. Biznesni endi boshlayotganlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Yangi tizimda biznesning turli bosqichlariga mos dasturlar joriy etiladi. Yangi tadbirkorlar uchun «Biznes start», ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun «Biznes lift», yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotganlar uchun «Biznes yuksalish» dasturlari ishlaydi.
«Biznes start» doirasida tadbirkorlarga sun’iy intellekt yordamida loyiha ishlab chiqish, kredit hujjatlari va hisobotlarni yuritish o‘rgatiladi.
Bu maqsadlar uchun 100 mlrd so‘m ajratiladi. Dastur doirasida tadbirkorlarga tayyor biznes-reja hamda 200 mln so‘mgacha garovsiz kredit berish nazarda tutilmoqda.
Yangi yondashuvda tadbirkorlikni faqat kredit bilan ta’minlash emas, balki biznesning keyingi bosqichlarida ham qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu tizimning maqsadini shunday ifodaladi: «Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz».
-
Mahalliy5 days ago
Toshkentda maktabgacha ta’lim markazi tashkil etiladi
-
Jamiyat5 days ago
Mirakida ekologik bilim va sport uyg‘unlashgan kun
-
Iqtisodiyot3 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
Mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi
-
Mahalliy1 day ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Mahalliy4 days ago
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
