Iqtisodiyot
Qozog‘iston O‘zbekistonga neft yetkazib berishni boshlashi mumkin
Qozog‘iston Energetika vaziri so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bilan bir qator yirik tashabbuslar, jumladan, neft-kimyo va qayta ishlash sohalarida muhokama qilinmoqda.
Qozog‘iston Energetika vaziri Yerlan Akkenjyenov Ostonada bo‘lib o‘tgan MES-2026 mintaqaviy ekologik sammiti doirasida O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish rejalari haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik tajriba almashish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asoslangan.
«Tajriba almashish va o‘zaro yordam – bularning barchasi amaliy vazifalarni hal etishga xizmat qiladi. Biz hamkorlarimiz bilan nafaqat energetika sohasida, balki iqtisodiyotning barcha sohalarida faol hamkorlik qilmoqdamiz», dedi vazir.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston bilan bir qator yirik tashabbuslar, jumladan, neft-kimyo va qayta ishlash sohalarida muhokama qilinmoqda.
«O‘zbekiston bilan juda ko‘p qo‘shma loyihalarimiz bor. Yaqinda prezidentning O‘zbekistonga tashrifi bo‘lib o‘tdi, unda ko‘plab tashabbuslar muhokama qilindi. Neft-kimyo sanoatini rivojlantirish va neftni qayta ishlash sohasini kengaytirish shular jumlasidandir», dedi vazir.
Energetika, jumladan, tranzit va resurslarni yetkazib berish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
«Biz Rossiya gazining O‘zbekistonga tranziti, shuningdek, Rossiya neftini yetkazib berish masalalari bo‘yicha yaqindan ishlayapmiz. Bundan tashqari, Qozog‘iston mahsulotlarini, xususan, xom neft va neft mahsulotlarini O‘zbekistonga yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz», deb qo‘shimcha qildi Yerlan Akkenjyenov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihalarning bir qismi allaqachon amaliy bosqichga o‘tgan.
«Ko‘plab loyihalar allaqachon amalga oshirish bosqichida. Umuman olganda, o‘zbekistonlik hamkorlar bilan juda yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan», dedi vazir.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda may oyida biznes bo‘yicha qaysi hududlar faol bo‘ldi?
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil may oyi yakunida O‘zbekiston hududlarida tadbirkorlik faolligining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha barqaror o‘sish qayd etildi.
Monitoring Soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi, Markaziy bank hamda Respublika tovar-xom ashyo birjasining tezkor ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan. Natijalar iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida ijobiy dinamika saqlanayotganini ko‘rsatdi.
Xususan, soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,8 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish Navoiy, Sirdaryo, Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida qayd etildi. Ushbu hududlarda o‘sish sur’atlari o‘rtacha 30 foizdan yuqori bo‘lgan.
Shu bilan birga, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlari 18,6 foizga, mol-mulk solig‘i 15,2 foizga va yer solig‘i 31,9 foizga ko‘paygan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat ko‘rsatkichlari ham yuqori o‘sishni namoyon etdi. Tovarlar eksporti hajmi yillik hisobda 31,8 foizga oshgan.
Bu borada Navoiy viloyati 53,7 foizlik o‘sish bilan birinchi o‘rinni egalladi. Toshkent viloyatida eksport 52,8 foizga ko‘paygan. Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrida ham yuqori natijalar qayd etildi.
Bojxona to‘lovlari 20,1 foizga o‘sdi. Namangan viloyatida bu ko‘rsatkich 63,3 foizni, Navoiy viloyatida esa 52,8 foizni tashkil qildi. Farg‘ona, Samarqand va Qoraqalpog‘istonda ham barqaror o‘sish kuzatildi.
Kreditlash sohasida eng yuqori o‘sish Samarqand viloyati hissasiga to‘g‘ri keldi. Hududda ajratilgan kreditlar hajmi 54,8 foizga oshgan.
Hisobot davrida mamlakat bo‘yicha 36 ming 957 ta yangi korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi. Eng ko‘p yangi subyektlar Toshkent shahrida — 8 ming 29 ta qayd etildi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida 3 ming 857 ta, Xorazm viloyatida 3 ming 151 ta, Samarqand viloyatida 2 ming 994 ta va Farg‘ona viloyatida 2 ming 662 ta yangi korxona tashkil etildi.
Respublika tovar-xom ashyo birjasidagi bitimlar hajmi esa 14,2 foizga oshdi. Birja faolligi bo‘yicha Navoiy viloyati 46,6 foizlik o‘sish bilan yetakchilik qildi. Buxoro, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida ham mazkur ko‘rsatkich o‘rtacha 30 foizdan yuqori o‘sgan.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Mixail Mishustin bilan iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent xalqaro forumida ishtirok etish uchun kelgan Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin bilan uchrashdi.
Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram
Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
“O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari jadal rivojlanishda davom etmoqda. Bugungi kunda biznes, infratuzilma va madaniyat sohalarida ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Yaqin kunlarda Hukumatlararo komissiya hamda Hududlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tadi.
Ushbu tadbirlar sheriklikdagi faoliyatimizning barcha yo‘nalishlariga qo‘shimcha turtki berishiga ishonaman”, – deya yozdi PA rahbari o‘z Telegram-kanalida.
Suratlar:
Iqtisodiyot
Dollar kursi yana tushdi, yevro ko‘tarildi
Markaziy bank 2026-yil 16-iyundan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 1,98 so‘mga tushib, 11 979,83 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,26 so‘mga oshdi va 13 904,99 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 085,32 so‘m bo‘ldi (+4,53).
Rossiya rubli 164,99 so‘m etib belgilandi (-0,14).
Iqtisodiyot
Joriy yilda muhim minerallar bo‘yicha 12 ta loyiha ishga tushadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev sanoat uchun muhim minerallar xomashyo bazasini rivojlantirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Dunyoda texnologik metallar va muhim minerallarga talab keskin ortib bormoqda. Elektrotexnika, mashinasozlik, aviatsiya, energetika, tibbiyot va boshqa yuqori texnologiyali tarmoqlar uchun zarur bo‘lgan bunday xomashyo va mahsulotlar iqtisodiy xavfsizlik hamda sanoat raqobatbardoshligining muhim omiliga aylanmoqda.
Mamlakatimizda bu yo‘nalishda katta salohiyat bor. Lekin hozirgi vaqtda O‘zbekiston texnologik metallar kombinatining asosiy faoliyati asosan volfram va molibden ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmoqda. Vaholanki, yangi konlarni o‘zlashtirish, boyitish fabrikalari, gidro va pirometallurgiya zavodlarini qurish orqali 28 turdagi muhim minerallarni sanoat darajasida ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
Taqdimotda ushbu salohiyatni to‘liq ishga solish bo‘yicha 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan rejalar ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, umumiy qiymati 4,2 milliard dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu orqali tarmoq hajmini 2028 yilgacha 1 milliard dollarga, 2030-yilgacha 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi.
Joriy yilning o‘zida 166 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada yuqori soflikdagi selen, tellur va reniy kabi 3 turdagi yangi metall, kukun metallurgiyasi asosida avtodetallar singari 21 turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hamda sulfat kislotasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, yangi quvvatlar hisobidan yuzlab ish o‘rinlari yaratiladi, budjet tushumlari va eksport imkoniyatlari ortadi.
Volfram va molibden bo‘yicha “xomashyo – qayta ishlash – tayyor mahsulot” zanjirini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Bu orqali faqat konsentrat yoki yarim tayyor mahsulot emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega metall kukunlari, qotishmalar, sterjenlar, simlar, sanoat uchun detallar va boshqa tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsad qilingan.
Buning uchun Chirchiq shahrida “Kelajak metallari” texnoparki va R&D markazining faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish belgilangan. U yerda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori soflikdagi metallar va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur sharoit yaratiladi.
Prezident texnopark va uning rezidentlariga yer uchastkalari hamda infratuzilmadan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar berish, startap loyihalarni moliyalashtirish dasturini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Markaziy Osiyoda muhim minerallar bo‘yicha yagona ilmiy-tadqiqot va texnologik markazni shakllantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Chirchiq shahrida tashkil etilayotgan nanotahlil laboratoriyasi geologiya, konchilik va metallurgiya loyihalari uchun zamonaviy tahlil xizmatlarini ko‘rsatadi. Laboratoriya to‘liq ishga tushgach, bir kunda 1 mingtagacha namuna tahlil qilinib, 6,5 million dollarlik import xizmatlari mahalliylashtiriladi, yana 4 million dollarlik xizmatlar eksporti yo‘lga qo‘yiladi.
Sohadagi loyihalarni tezlashtirish uchun geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, istiqbolli maydonlar va konlarni xalqaro standartlar asosida baholash, texnogen chiqindilarni qayta ishlash, xorijiy investorlar va texnologik hamkorlarni faol jalb qilish muhimligi qayd etildi.
Shu bilan birga, tarmoqda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Geologik ma’lumotlarni yagona raqamli bazaga jamlash, qidiruv ishlarini 3D modellashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish, bozor tahlili va loyihalar boshqaruvini zamonaviy platformalar orqali tashkil etish vazifalari belgilandi.
Soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Toshkent davlat texnika universiteti bilan dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, Texnologik metallar kombinatida metallurgiya va materialshunoslik bo‘yicha 2 ta kafedra ochilgan. Ayni vaqtda universitetning 64 nafar talabasi ishlab chiqarish amaliyotini korxonada o‘tamoqda. Mutasaddilarga dual ta’lim qamrovini kengaytirish, o‘quv dasturlarini yangi loyihalar ehtiyojiga moslashtirish va bitiruvchilarni yuqori texnologik ishlab chiqarishlarga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari muhim minerallar sohasi yangi sanoat tarmoqlarini shakllantirish, eksportni ko‘paytirish, texnologik mustaqillikni ta’minlash va yuqori malakali ish o‘rinlari yaratishda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Mutasaddilarga 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan loyihalar ijrosini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyot
Ushbu haftada joylarda harorat 43 darajagacha oshishi mumkin
Ob-havo bo‘yicha haftalik ma’lumot e’lon qilindi.
16-17-iyunda O‘zbekiston bo‘yicha beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Respublikaning ko‘pchilik viloyatlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi.
18-19-iyunda faqat markaziy va sharqiy viloyatlarda ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, O‘zbekistonning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Bugun va ertaga kunduzgi harorat 35-38 daraja, cho‘l hududlarda 39-41 daraja, eng chekka janubda 41-43 daraja bo‘ladi.
17-19-iyunda havo harorati 3-4 darajaga pasayadi.
Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 13-18 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang to‘zonlar bilan kuzatiladi. 15-17 iyunda shimolda va cho‘l hududlarda ba’zida 20-22 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkentda 15-16-iyun kunlari kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kunduzi 36-38 daraja bo‘ladi.
17-iyundan 19-iyungacha kunning ikkinchi yarmida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Harorat asosan 31-34 daraja bo‘ladi.
Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 12-14 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.
-
Siyosat2 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Mahalliy3 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat3 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga gilam eksport qilmoqda?
-
Jamiyat4 days ago16−18 iyun kunlari Toshkent shahriga yuk mashinalari kiritilmaydi
-
Sport2 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Sport4 days agoJCh-2026. Osiyoning ikki jamoasi Yevropa vakillariga qarshi maydonga tushadi
-
Mahalliy3 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
