Mahalliy
Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislari tayyorlashda yangi tizim joriy etiladi
O‘zbekistonda qishloq va suv xo‘jaligi sohasi uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimi tubdan yangilanmoqda. Bu Prezidentning 2-aprelda qabul qilingan qarorida belgilab berilgan.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-maydan «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetida ta’lim yangi formatlarda tashkil etiladi. Xususan, dual ta’lim asosida talabalar 6 oy davomida nazariy ta’limdan ajralgan holda amaliy tajriba o‘taydi.
Shuningdek, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida «4+2» shaklidagi amaliyot joriy etilib, u yil davomida nazariy bilimlar bilan uyg‘unlashtiriladi.
Qarorga ko‘ra, universitet professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari hududlarga biriktiriladi. Ular viloyat hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy maslahatchisi sifatida faoliyat yuritadi.
Talabalar uchun sayyor darslar amaliyoti ham kengaytiriladi. Ular qishloq va suv xo‘jaligi tashkilotlari hamda «Suvchilar maktabi» bazasida o‘tkaziladi.
Universitetda Istiqbolli loyihalar ofisi tashkil etilishi belgilangan. Shu bilan birga, 2026–2027-o‘quv yilidan maxsus tayyorlov kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Unda STEAM, til bilimlari va akademik yozish kabi yo‘nalishlar qamrab olinadi. Mazkur kurslar bir yillik bo‘lib, xalqaro standartlarga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
2027–2028-o‘quv yilidan maxsus tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tugatgan talabalar universitetga imtihon asosida qabul qilinadi. Bu tizim kadrlar sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, universitetga «texnikum–oliygoh» tamoyili asosida Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi biriktiriladi. Uning negizida yangi fakultet tashkil etiladi.
Bundan tashqari, «Suv diplomatiyasi» magistraturasi «Xalqaro suv diplomatiyasi» yo‘nalishiga aylantirilishi belgilangan. Bitiruvchilarga tegishli malaka berilishi ko‘zda tutilgan.
Mahalliy
Fuqaro muhofazasi instituti qayta tashkil etiladi
Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, sohadagi mavjud ta’lim muassasalari qayta tashkil etilib, yagona tizimga birlashtiriladi.
Qarorda belgilanishicha, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi instituti hamda Boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi Akademiya huzuridagi yangi tuzilmalar sifatida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, Akademiya bazasida yagona ta’lim kampusi tashkil etilib, unda qutqaruvchilar tayyorlash texnikumi va xorijiy kadrlar uchun maxsus fakultet ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga ko‘ra, Akademiyada ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bakalavriat yo‘nalishlarida harbiy ta’lim davlat granti asosida, fuqaroviy yo‘nalishlarda esa to‘lov-kontrakt shaklida amalga oshiriladi.
Magistratura bosqichida esa vazirlik va idoralar ehtiyojlari uchun harbiy va fuqaroviy mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Ta’lim shakllari kunduzgi, kechki va masofaviy ko‘rinishlarda tashkil etilishi belgilangan.
Shu bilan birga, 2027/2028-o‘quv yilidan tajriba-sinov tariqasida «2+2» ta’lim modeli joriy etiladi. Ushbu tizim nazariy bilim va amaliy tayyorgarlik uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan.
Mahalliy
10 ta OTMga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilib, ilmiy klasterlar ochiladi
3-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, taqdimotda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Jumladan, «U10 – O‘zbekistonning global darajadagi ilg‘or universitetlari» dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida tanlov asosida 10 ta oliy ta’lim tashkilotiga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilib, ularda ilmiy klasterlar tashkil etiladi.
Milliy tadqiqot universiteti maqomi berilgan universitetga ilmiy klaster tashkil etish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 150 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, ushbu tanlov professor-o‘qituvchi va olimlar salohiyati, ishtirokchi tashkilotlarning milliy va xalqaro reytinglardagi o‘rni, ilmiy infratuzilmasi hamda moliyalashtirishdagi ulushi kabi ko‘rsatkichlar asosida o‘tkaziladi.
Tashkil etiladigan ilmiy klasterlar mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, ilmiy muassasalar hamda sanoat korxonalari hamkorligidagi konsorsium sifatida faoliyat yuritadi.
Oliy ta’lim tizimida natijaga yo‘naltirilgan moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
2027-yildan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarini ularning milliy reytingdagi natijalariga ko‘ra moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda universitetlar ta’lim sifati, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, raqamlashtirish va bitiruvchilar bandligi kabi mezonlar asosida baholanadi.
Shu bilan birga, davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun oliygohlarga ajratiladigan mablag‘lar miqdorini shakllantirishda ham yangi yondashuvlar taklif etildi. Endilikda ta’lim yo‘nalishining murakkabligi, mehnat bozori ehtiyojlari, universitet reytingi, hududiy omillar va professor-o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish kabi ko‘rsatkichlar inobatga olinadi.
Ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Xususan, davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi ustuvor yo‘nalishlarga sarflanadi. Loyihalarni saralash xalqaro ekspertiza, ilmiy-texnik kengashlar va tarmoq korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Shuningdek, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar faoliyatida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni kengaytirishga qaratilgan yangi tizim taklif etildi. Jumladan, oliygohlarning «spin-off» korxonalarini tashkil etish orqali «tarmoq – korxona – oliy ta’lim tashkiloti – ilmiy tashkilot» zanjiri asosida innovatsion mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.
O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim xabiga aylantirish maqsadida xorijiy talabalarni jalb etish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi. Jumladan, har yili respublika davlat oliy ta’lim tashkilotlarida 500 nafargacha iqtidorli chet el fuqarolariga oliy ta’lim olish uchun grant ajratishni nazarda tutuvchi «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» dasturini amalga oshirish belgilanmoqda.
Davlat rahbari mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Mahalliy
O‘zbekistonda ta’lim xizmatlari eng tez o‘sishni qayd etdi
2026-yilning yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 168,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Hisobotga ko‘ra, xizmatlar tarmoqlari orasida eng yuqori o‘sish ta’lim sohasida kuzatilgan. Ushbu yo‘nalishda o‘sish sur’ati 121,2 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, moliyaviy xizmatlar 120,8 foiz, savdo xizmatlari 119,8 foizga o‘sgan. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatda xizmatlar sektori faolligi saqlanib qolayotganini anglatadi.
Aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 117,7 foizga o‘sgani raqamli iqtisodiyot ulushi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Me’morchilik va muhandislik xizmatlari 115,9 foiz, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar esa 115,5 foizga o‘sgan. Bu qurilish va infratuzilma sohalarida faollik yuqori ekanini anglatadi.
Yashash va ovqatlanish xizmatlari 114,9 foiz, ijara xizmatlari 112,8 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, kompyuter va maishiy texnika ta’miri xizmatlari 111,6 foizga o‘sgan.
Sog‘liqni saqlash xizmatlari 109,7 foiz, shaxsiy xizmatlar 109,1 foiz va transport xizmatlari 108,3 foizga o‘sgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim bo‘yicha statistik ma’lumotlar e’lon qilingandi.
Mahalliy
Profi Deutsch xalqaro sertifikatsiya bosqichiga chiqdi
Profi Deutsch nemis tilini o‘qitish va TELC imtihon markazi — nemis tilini zamonaviy metodika asosida o‘qitishga ixtisoslashgan yetakchi ta’lim maskanidir. Markazda mashg‘ulotlar haftasiga 3 kun davomida, xalqaro miqyosda tan olingan TELC metodologiyasi hamda zamonaviy darsliklar asosida tashkil etiladi. Darslar Germaniyada malaka oshirib kelgan, tajribali va yuqori malakali ustozlar tomonidan olib boriladi.
Ayni paytgacha markazda respublikaning barcha hududlaridan kelgan 18-30 yosh oralig‘idagi o‘quvchilar nemis tilini muvaffaqiyatli o‘rganib, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishdi. Germaniyadagi hamkor tashkilotlar bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik natijasida ularning 20 nafardan ortig‘i Germaniyada kasbiy ta’lim (Ausbildung) dasturlariga yo‘naltirildi.
Bugungi kunda markaz o‘z faoliyatini yanada kengaytirib, nafaqat til o‘qitish, balki xalqaro sertifikatsiya yo‘nalishini ham qamrab olgan.
Markaz Germaniyaning nufuzli TELC ta’lim tashkilotining rasmiy hamkori hisoblanadi. Shu bois o‘quvchilar nemis tilini mukammal o‘rganish bilan birga, xalqaro sertifikat olish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rish va imtihon topshirish imkoniyatiga ega.
Samarqand shahrida Markaziy Osiyodagi ilk rasmiy TELC imtihon markazi tashkil etildi. Ushbu loyiha davlat rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bo‘lib, kelgusida markaz faoliyatini yanada kengaytirish ko‘zlangan.
Yaqin istiqbolda quyidagi hududlarda Profi Deutsch o‘quv markazlari hamda TELC imtihon markazlarini ochish rejalashtirilgan:
• Farg‘ona;
• Qashqadaryo;
• Urganch;
• Buxoro;
• Toshkent.
Bu mazkur hududlardagi yoshlar uchun o‘z yashash joyida sifatli ta’lim olish va xalqaro darajadagi sertifikatga ega bo‘lish imkoniyatini yaratadi.
Bundan tashqari, Profi Deutsch nemis tilini o‘qitish va TELC imtihon markazi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Kasbiy ta’lim agentligi tizimidagi nemis tili o‘qituvchilari uchun ham TELC ta’lim tashkiloti bilan hamkorlikda malaka oshirish va sertifikatsiya tizimini yo‘lga qo‘ygan. Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi respublikamizda nemis tili o‘qitish sifatini oshirish hamda nemis tilini o‘rganuvchilar sonini ko‘paytirishdan iborat.
Profi Deutsch o‘quvchilarga quyidagi yo‘nalishlarda ham amaliy yordam ko‘rsatadi:
Germaniyada kasbiy ta’lim (Ausbildung) dasturlariga tayyorgarlik;
hujjatlarni tayyorlash, tarjima qilish va topshirish jarayonlarida ko‘mak;
ish beruvchilar bilan suhbat(intervyu)ga tayyorgarlik;
Germaniyada oliy ta’lim yo‘nalishlarini tanlash va hujjat topshirish bo‘yicha professional maslahatlar.
Profi Deutsch — sifatli ta’lim va xalqaro imkoniyatlar sari ishonchli qadam.
Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar:
Telegram
YouTube
Mahalliy
Bola kitob orqali o‘z savoliga nom topadi
Bugun Xalqaro bolalar kitoblari kuni. Bir qarashda oddiy sana, ammo aslida u juda katta va chuqur ma’noni o‘z ichiga oladi. Chunki bola uchun kitob shunchaki harflar yoki rang-barang suratlar to‘plami emas, u birinchi do‘st, birinchi ustoz va eng birinchi orzudir.
Aynan mana shu orzular olami bolaning ichki dunyosi bilan tashqi olam o‘rtasida ko‘prik bo‘ladi. Bola har doim ham o‘z kechinmalarini so‘z bilan ifodalay olmaydi: u «men xafaman» yoki «menga e’tibor yetishmayapti» deb aytolmaydi. U ba’zan jim qoladi, ba’zan injiqlashadi, ba’zan esa hech qanday sababsiz yig‘laydi, xafa bo‘ladi, xayol surib yuradi. Kattalar buni shunchaki injiqlik yoki o‘tkinchi kayfiyat deb qabul qilishi mumkin. Ammo aslida bola javob topolmayotganidan emas, u hatto o‘z savolini ham nomlay olmayotganidan qiynaladi.
Shu yerda kitob yordamga keladi. U bolaga nafaqat yangi dunyolarni ochadi, balki o‘z tuyg‘ularini tanish va tushunish uchun imkon beradi. Bola kitobdagi hikoya orqali ichidagi tushunarsiz hissiyotga birinchi marta nom beradi. Qahramon qo‘rqsa u ham qo‘rqqanini anglaydi, yolg‘iz qolsa u o‘z yolg‘izligini tan oladi. Va eng muhimi bir haqiqatni sezadi: bu holatda u yolg‘iz emas, u kabi qo‘rqayotgan yoki xafa bo‘layotgan yana boshqa bolalar ham bor.
Bolalar psixologiyasini o‘rganadigan tadqiqotchilar bu jarayonni tasodif deb hisoblamaydi. Masalan, «Bibliotherapy and Possibilities of Intervention in Problems of Child Psychopathology» maqolasida ta’kidlanishicha, bolalar qiyin hissiyotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki badiiy qahramonlar orqali xavfsizroq qabul qiladi. Ya’ni ular o‘z dardini aytishdan oldin, uni hikoya ichida «ko‘rishni» afzal biladi.
Amerikalik tadqiqotchi Rudin Sims Bishop o‘zining mashhur «Oyna, deraza va suriladigan shisha eshiklar» («Mirrors, Windows, and Sliding Glass Doors») konsepsiyasida kitobning bola hayotidagi o‘rnini juda aniq ta’riflab beradi: «Kitoblar bolalar uchun ba’zan deraza, ba’zan esa oynadir».
Mutaxassis ta’kidlaganidek, deraza orqali bola boshqalarning hayotini ko‘radi, ularning dardi, qo‘rquvi, tanlovlari bilan tanishadi. Ammo kitob oynaga aylangan payt — eng hal qiluvchi on. Chunki aynan shu paytda bola hikoyada o‘zini ko‘radi, aynan shu «o‘zini tanish» lahzasi bolaning ichki dunyosini tartibga solishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki bola o‘zini boshqalarda ko‘rgandagina, o‘z holatini qabul qila boshlaydi. U endi shunchaki qo‘rquv yoki xafalik ichida emas, u buni ko‘rgan, tanishgan, demak, tushunishga yaqinlashgan.
Bola kitobni yopib «bu men haqimda» demaydi, u shunchaki to‘xtab qoladi, qahramonning holati unga tanish tuyuladi. Nega tanishligini u bilmasa-da, ichida bir tuyg‘u «qimirlaydi». Shu qimirlash — nomsiz hissiyotning ilk shaklga kirishidir.
Shu ma’noda kitob bolaga muhim narsani beradi: «sendagi bu tuyg‘u bor va u tushunarli» degan ichki tasdiqni. Va ba’zan insonga aynan shu tasdiq izlagan javobdan ham kerakliroq bo‘ladi. Bishop shu nuqtaga alohida to‘xtaladi: «Agar bola kitoblarda o‘zini topa olmasa, u o‘zini jamiyatda ham ko‘rinmas, deb his qila boshlaydi. Aksincha, agar u o‘zini qahramonlar orqali ko‘ra olsa, bu unga ichki tasdiq beradi — «men bor, mening hislarim muhim».
Masalan, Antuan de Sent-Ekzyuperining «Kichik shahzoda» asarini olaylik. Bu kitobni ko‘pchilik ertak deb o‘qiydi, lekin bolalar uni boshqacha his qiladi. Kichik shahzodaning yolg‘izligi, uning atrofdagilarni tushunmasligi, kattalar dunyosidan hayratlanishi — bular bolaga juda tanish holatlar. Bola bu asarni o‘qib, «men ham shundayman», deb aytmaydi, u Kichik shahzoda orqali o‘zining tushuntirib bo‘lmaydigan hissini ko‘radi. U yolg‘izlikka nom topadi, u tushunmaslik og‘rig‘ini anglay boshlaydi va eng muhimi, u bu holatdan uyalib yashirish shart emasligini his qiladi.
Joan Roulingning «Garri Potter» asari esa boshqacha tuyg‘uni ochadi — qo‘rquv va qabul qilinmaslik hissini. Garrining o‘zini ortiqcha, keraksizdek his qilishi, keyin esa o‘z o‘rnini topishi bolaga muhim bir signal beradi: sen hozir tushunilmayotgan bo‘lsang ham, bu abadiy emas.
Roald Dalning «Matilda»sida esa bola adolatsizlikka qarshi ichki qarshilikni ko‘radi. Kattalar tomonidan tushunilmaslik, hatto haqsizlikka uchrash, bola uchun og‘ir holat. Lekin Matilda orqali u shuni anglaydi: bu holatni his qilish tabiiy va unga qarshi turish ham mumkin.
Shuning uchun bolaga kitob berish uni shunchaki band qilish emas, balki uning ichida javobsiz yurgan, hatto nomsiz qolgan tuyg‘ulariga ism qo‘yib berish demakdir.
Xulosa qilib aytganda, bolalar adabiyoti shunchaki ertaklar to‘plami emas, balki bolaning dunyoqarashi shakllanadigan ilk ijtimoiy maydondir. Agar kitob sahifalarida bola o‘zini, o‘z tashvishlari va quvonchlarini uchratsa, unda nafaqat mutolaaga mehr, balki o‘ziga bo‘lgan ishonch uyg‘onadi. Bishop ta’kidlaganidek, bola kitobda o‘z aksini ko‘rishi — bu uning jamiyatdagi o‘rni borligiga berilgan ilk va eng muhim ishonchdir. Demak, biz bolalarga taqdim etayotgan har bir kitob ular uchun ham olamga ochilgan deraza, ham o‘zligini anglatadigan tiniq ko‘zgu bo‘lishi shart.
Barno Sultonova
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda qaysi xorijiy davlat IT kompaniyalari ko‘p?
-
Siyosat2 days agoOʻzbekiston yangi qonunchilik tashabbusi bilan yashil hududlarni 30% qamrab olishni maqsad qilgan
-
Dunyodan3 days ago
Isroil Fransiya bilan harbiy hamkorlikni tugatdi
-
Siyosat3 days agoO‘zbekiston Namanganga 5 milliard dollarlik xorijiy sarmoya kiritishni maqsad qilgan, bunda asosiy e’tibor IT va sanoatga qaratilgan
-
Iqtisodiyot5 days ago
Surxondaryoda 940 gektar maydonda issiqxonalar tashkil etiladi
-
Dunyodan5 days ago
AQShning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari urushni davom ettirishga chaqirmoqda
-
Jamiyat3 days agoJurnalist Karim Bahriyev vafot etdi
-
Jamiyat3 days agoChust tumanida korrupsion zanjir fosh etildi
