Iqtisodiyot

Qirg‘iziston ilk bor o‘z milliy valutasini mustaqil chop etishni boshladi

Published

on


Qirg‘iziston ilk bor milliy valutasini mamlakat ichida chop etishni boshladi. Bungacha som Buyuk Britaniya va Fransiya kompaniyalari tomonidan tayyorlab kelingan. «Avval biz milliy valutamizni chop etish uchun xorijiy davlatlarga buyurtma berishga majbur edik va buning uchun mablag‘ to‘lardik. Endi hammasi o‘zgardi», deya yozdi mamlakat rahbari Sadir Japarov. Ma’lumot uchun, qariyb 30 yildan beri o‘zbek milliy valutasidagi barcha qog‘oz pullar va tangalar Toshkentda tayyorlanadi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Qirg‘iziston o‘z tarixida ilk bor milliy valutasi – somni mustaqil ravishda chop eta boshladi. Bu haqda mamlakat rahbari Sadir Japarov Facebook’dagi sahifasida e’lon qildi.

«Avval biz milliy valutamizni chop etish uchun xorijiy davlatlarga buyurtma berishga majbur edik va buning uchun mablag‘ to‘lardik. Endi hammasi o‘zgardi: biz shunday darajaga yetdikki, endi o‘zimiz boshqa davlatlar uchun ham buyurtma asosida valuta chop eta olamiz», – deya yozdi Qirg‘iziston prezidenti.

Japarovning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston pul ishlab chiqarishda barcha zarur standart va talablarga muvofiqlikni tasdiqlovchi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritgan. Respublikada allaqachon ID-kartalar, haydovchilik guvohnomalari va boshqa hujjatlar ham chop etilyapti.

Ma’lumot uchun, shu paytgacha Qirg‘izistonning milliy valutasi asosan Buyuk Britaniyaning «De La Rue» hamda Fransiyaning «Oberthur Fiduciaire» kompaniyalarida chop etilgan. Qirg‘izistonning 1993 yilda muomalaga kiritilgan eng birinchi qog‘oz pullari ham aynan Britaniyaning «De La Rue» bosmaxonasida tayyorlangan.

So‘m qayerda chop etiladi?

Mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekistonning o‘zida maxsus pul chop etish va zarb qilish quvvatlari hali to‘laqonli shakllanmagandi. Shu sababli dastlabki milliy valuta chet elda tayyorlangan: 1993 yilning noyabrida muomalaga kiritilgan o‘tish valutasi — so‘m-kuponlar Buyuk Britaniyaning «Harrison & Sons» kompaniyasida bosib chiqarilgan.

1994 yil 1 iyulda joriy etilgan milliy valuta – so‘mning ilk qog‘oz banknotalari (1 so‘mdan 100 so‘mgacha bo‘lgan nominaldagi pullar) Germaniyaning «Giesecke & Devrient» kompaniyasi tomonidan tayyorlangan. Hozir bu yerda YeI valutasi — yevro ham chop etiladi. 1994 yildagi dastlabki metall tangalar esa Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida zarb etilgan.

Toshkentdagi «Davlat belgisi» korxonasi 1993 yilda ishga tushirilgan. 1994 yildan boshlab aynan shu fabrikada Britaniyaning «Harrison & Sons» kompaniyasidan keltirilgan uskunalar yordamida qisman mahalliy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Qog‘oz pullarni to‘liq hajmda, mustaqil ravishda faqat O‘zbekistonda chop etish amaliyoti 1997 yilda muomalaga kiritilgan 200 so‘mlik banknotadan boshlanadi. O‘sha davrdan e’tiboran barcha qog‘oz pullar va tangalar faqat Toshkentda tayyorlanadi. Ayni paytda bu yerda boshqa mamlakatlar milliy valutasi ham bosib chiqariladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version