Mahalliy
Qatiq iching — qarimaysiz!
Qatiq — oddiy ichimlik emas, balki zamonaviy nutritsiologiyada “funksional ozuqa” sifatida e’tirof etilgan mahsulotdir. Uning tarkibidagi tirik bakteriyalar, oqsillar va minerallar inson organizmiga kompleks ta’sir ko‘rsatadi. Xalqaro ilmiy tadqiqotlarda ham qatiqning bir qator sog‘lomlashtiruvchi xususiyatlarini tasdiqlangan.
Keling yaxshisi, qatiqning 10 ta ilmiy asoslangan foydali xususiyatlari haqida gaplashamiz:
1. Ichak mikroflorasini muvozanatga keltiradi
Qatiqdagi probiotiklar (Lactobacillus va Bifidobacterium) ichakdagi foydali bakteriyalarni ko‘paytirib, patogen mikroorganizmlarning o‘sishini cheklaydi. Bu hazm tizimining barqaror ishlashini ta’minlaydi.
2. Immun tizimini kuchaytiradi
Probiotiklar orqali qatiq organizmning infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatini oshiradi.
3. Oqsil va aminokislotalar manbai
Qatiq yuqori biologik qiymatga ega oqsillarni o‘z ichiga oladi. U inson organizmi uchun zarur bo‘lgan almashtirib bo‘lmaydigan aminokislotalarni ta’minlaydi.
4. Organizmingizni foydali vitaminlar bilan boyitadi
Unda V guruhi vitaminlari (V2, V5, V12), A vitamini va biotin mavjud bo‘lib, ular asab tizimi, teri salomatligi va energiya almashinuvi uchun juda muhim.
5. Minerallar balansiga yordam beradi
Qatiq kalsiy, fosfor, magniy, kaliy va rux kabi minerallarga boy. Bu suyak va tishlarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.
6. Suyak to‘qimasini mustahkamlaydi
Kalsiy va fosforning yaxshi o‘zlashtirilishi osteoporozning oldini olishga yordam beradi, ayniqsa katta yoshdagilar uchun bu juda muhim.
7. Yurak-qon tomir tizimini qo‘llab-quvvatlaydi
Ayrim klinik tadqiqotlar qatiqni muntazam iste’mol qilish qondagi LDL (“yomon xolesterin”) miqdorini pasaytirishga yordam berishini ko‘rsatgan.
8. Hazm tizimini yaxshilaydi
Qatiq fermentlari ovqatning parchalanishini yengillashtiradi, qorin dam bo‘lishi va gaz yig‘ilishini kamaytiradi.
9. Tabiiy tinchlantiruvchi ta’sirga ega
Qatiq tarkibidagi ba’zi biofaol moddalar asab tizimiga yengil tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatishi haqida hali ko‘pchilik bilmaydi. U uyqu sifatiga ham ijobiy ta’sir qiladi.
10. Ayrim onkologik kasalliklar xavfini kamaytirishga yordam beradi
Ichak mikroflorasining barqarorligi va antioksidant ta’siri orqali qatiq ichakdagi yallig‘lanish jarayonlarini kamaytirishga yordam berishi mumkin. Bu esa uzoq muddatli profilaktik ta’sir sifatida qaraladi.
Katta yoshli kishilar kuniga 200–400 ml (1 stakandan 2 stakangacha) qatiq iste’mol qilib yurishsa hamisha yosh va navqiron ko‘rinadilar.
Ammo yodingizda tuting, asalning ham ozi shirin, qatiq foydali mahsulot bo‘lsada, laktozaga sezgirlik, oshqozon kasalliklari yoki maxsus parhezlarda uni iste’mol qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.