Jamiyat
Qashqadaryoning Chimyoni – Miraki haqida siz bilmagan faktlar
Har yili yozning jaziramasi boshlangach, hammamiz ham toqqa chiqib, dam olishni istaymiz. Ammo bir manzara dilni xira qiladi – ayniqsa dam olish kunlari tog‘ yo‘llari tirbandlikka to‘ladi. Hatto soatlab yo‘l yopilgan vaqtlar ham bo‘lgan.
Mana shunday vaqtda dam olishga chiqqaningizga ham pushaymon bo‘lasiz. Ammo O‘zbekiston faqat Chorvoq yoki Chimyon degani emas, bepoyon yurtimizda bundanda ajoyib maskanlar ko‘p. Bugun mana shulardan biri bilan tanishtiramiz.
Miraki
Miraki – Qashqadaryo tog‘larida joylashgan javohir. U yerga yilning istalgan vaqtida borib, dam olishingiz mumkin. So‘lim tabiat, toza havo va eng muhimi – qulay lokatsiya tufayli Miraki allaqachon Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari aholisining sevimli maskaniga aylanib ulgurgan.
Ikki yildirki Mirakiga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda, yangi infratuzilma barpo etilyapti. Osma dor yo‘li, turli atrraksionlar va zamonaviy turizm majmuasi shular jumlasidandir. Diqqat qiling, Mirakidagi 240 gektar maydonda 400 million dollarlik 117 ta loyiha amalga oshirilyapti.
E’tiborli tomoni, yaqinda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi Mirakiga tashrif buyurdi va amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Hech shubha yo‘qki, yaqin vaqtlar ichida Miraki nafaqat o‘zbekistonlik sayyohlar, balki xorijlik turistlarning ham sevimli maskanlaridan biriga aylanadi.
Yo‘l
Aytishingiz mumkin, Shahrisabz yaqin joy emas, u yerga qanday borsa bo‘ladi, deb. Yo‘l yuraman degan odam uchun, 400 kilometr masofa, nima degan gap. U yog‘ini so‘rasangiz, yaqinda Shahrisabzga samolyot qatnovi ham yo‘lga qo‘yildi. Haftasiga 4 ta reys sayyohlar xizmatiga shay bo‘lib turibdi.
Samolyotga chipta narxlari ham hamyonbop – 273 ming so‘mga xarid qilsangiz bo‘ladi.
Shuningdek, har shanba-yakshanba kunlari “Afrosiyob” poyezdi bilan Shahrisabzga qadar yetib olish ham mumkin.
Narxlari esa quyidagicha:
Ekonom toifasi uchun: 466 ming so‘m
Biznes toifasi uchun esa: 658 ming so‘m
Avtomobil
Biz ijodiy guruhimiz bilan Miraki sari avtomobilda yo‘lga chiqdik. Bunday safarning yaxshi tomoni shundaki, yo‘l davomida yarim O‘zbekistonni ko‘rish mumkin. Manzilga yetib olgunga qadar ajabtovur yurtimizning barcha jo‘g‘rofiy hususiyatlari bilan tanishib olasiz – Sirdaryo cho‘llari, Jizzax tog‘lari, Zarafshon vodiysi. Manzilga yetguncha ko‘zingiz yashnab boradi.
Misol uchun biz yo‘lda qator joylashgan laylaklar uyasini tomosha qilish uchun aytayin to‘xtadik. Ajoyib manzara, shunday emasmi?
Oqsaroy
Qashqadaryoga kelgandan keyin albatta Shahrisabzni alohida aylanish kerak. Bu yerda buyuk sohibqiron – Amir Temur bunyod etgan mashhur Oqsaroy bor.
Yondaftarchangizga alohida yozib oling, Oqsaroy – O‘zbekistonda albatta borib ko‘rish shart bo‘lgan joylar sirasiga kiradi. Shahrisabzni obdon aylanib, undan keyin Miraki sari yursangiz bo‘ladi!
Bu ajoyib maskanda nimalarni ko‘rganimizni esa, filmni tomosha qilish asnosida bilib olasiz…
Jamiyat
O‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
Qarshi shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan taksi haydovchilarini aldash bilan shug‘ullangan firibgarlar fosh etildi. Ular o‘zlarini yo‘lovchi sifatida ko‘rsatib, turli bahonalar orqali haydovchilardan pul va bank ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, jinoyatchilar maxsus mobil ilovalar orqali taksi buyurtma qilgan. Manzilga yetib kelgan haydovchilardan esa “naqd pul yo‘qligi”ni bahona qilib, mablag‘ni karta orqali o‘tkazishni so‘ragan. Shu orqali ular haydovchilarning bank kartasi ma’lumotlari hamda SMS orqali keladigan tasdiq kodlarini qo‘lga kiritgan.
Operativ tadbirlar davomida mazkur jinoyatlarga aloqador bo‘lgan Farg‘ona shahrida yashovchi 22 yoshli shaxs aniqlanib, u qilgan jinoyatlarini tan olgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda mashhur kompaniyalar nomidan tarqatilayotgan soxta aksiyalar ham aniqlangani xabar qilingan edi. Bunday holatlarda fuqarolarga kvartira, vaucher yoki bepul internet trafigi va’da qilinib, aslida ularning shaxsiy va bank ma’lumotlarini qo‘lga kiritish maqsad qilingan.
Jamiyat
Afg‘onistondan kartoshka ko‘rinishida olib o‘tilayotgan 72 kg gashish fosh qilindi
Termiz tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi yuk mashina chegarada ko‘rikdan o‘tkazilgan. Uning yukxonasidagi kartoshkalar orasidan kartoshka ko‘rinishida yasalgan 72 kg gashish topilgan. Ushbu narkotik modda Rossiyaga olib ketilayotgan bo‘lgan.
Surxondaryoda Afg‘onistondan Rossiyaga olib ketilayotgan katta miqdordagi narkotik modda fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Termiz tumanida yashovchi 25 yoshli haydovchi boshqaruvidagi MAN yuk mashinasi Afg‘onistondan “Termiz-avtomobil yo‘li” xalqaro o‘tkazish punktiga kirib kelgan vaqtda DXX Chegara qo‘shinlari va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida ko‘rikdan o‘tkazilgan. Jarayonda mashina yukxonasida kartoshka mahsulotlari borligi ma’lum bo‘lgan.
Qishloq xo‘jaligi mahsuloti sinchkovlik bilan tekshirilganda ularning orasiga kartoshka ko‘rinishida yasalgan 222 dona bo‘lakdan iborat 72 kg 300 gr gashish yashirilganligi aniqlangan. Narkotik modda protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, katta miqdordagi ushbu narkotik modda Rossiyaga olib ketilayotgan bo‘lgan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqandda 38 kilogrammga yaqin narkotik modda aniqlangandi.
Jamiyat
Ayrim ko‘chalarda avtoulovlar harakatiga vaqtincha o‘zgarish kiritiladi
Elektr ta’minotini yaxshilash hamda iste’molchilarga sifatli elektr xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida 2026 yil 24 martdan 31 martga qadar Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mingbuloq va Shukur Burhonov ko‘chalarida yerosti kabel tarmoqlarini tortish ishlari olib boriladi.
Shu munosabat bilan mazkur hududda avtoulovlar harakatiga vaqtincha o‘zgarishlar kiritiladi. Xususan, Mingbuloq ko‘chasining Hamroyeva ko‘chasidan kirish qismida harakat vaqtincha cheklanadi. Avtoulovlar yo‘lning ikkinchi bo‘lagidan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanadi. Shuningdek, Do‘rmon yo‘li ko‘chasidan Mingbuloq ko‘chasiga harakatlanish imkoniyati saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, Mingbuloq ko‘chasidan Shukur Burhonov ko‘chasiga harakatlanish ham vaqtincha cheklanadi.
Mas’ullar haydovchilardan belgilangan tartib va tezlik me’yorlariga qat’iy amal qilgan holda harakatlanishni so‘ramoqda. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘raldi.
Jamiyat
Shahrisabz tumanida qor ko‘chkisi kuzatildi
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani hududida joylashgan Hisor tog‘ tizmasida yirik qor ko‘chkisi qayd etildi. Hodisa 2026 yil 23 mart kuni taxminan soat 16:25 larda sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, qor ko‘chkisi dengiz sathidan 3000 metr balandlikda boshlanib, umumiy hajmi taxminan 700 ming kub metrni tashkil etgan. Ko‘chki aholi yashash hududidan taxminan 5 kilometr uzoqlikda yuz bergan.
Hodisa oqibatida hech qanday qurbonlar yoki jarohatlanganlar qayd etilmagan. Shuningdek, infratuzilma va aholi turar joylariga zarar yetmagan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bahor mavsumida tog‘li hududlarda qor ko‘chkilari xavfi saqlanib qoladi. Shu munosabat bilan fuqarolarga ehtiyotkorlik choralariga rioya qilish tavsiya etilmoqda.
Jamiyat
Qamchiqda ikki kun ichida ikkita yo‘l hodisasi kuzatildi
Kuni kecha Qamchiq dovonida yuk avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Oradan bir kun o‘tib esa shu hududda «Spark» rusumli avtomobil yo‘ldan chiqib ketdi. Har ikki holatda ham qutqaruvchilar haydovchilarga tezkor yordam ko‘rsatdi.
Ma’lum qilinishicha, kuni kecha taxminan soat 11:30 lar atrofida yuk avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida transport vositasi yon tomonga ag‘darilib ketgan. Hodisa natijasida qurbonlar va jarohatlanganlar qayd etilmagan. Biroq avtomashinaga ortilgan yuklar yo‘lning qatnov qismiga sochilib ketgan.
Hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligining «Qamchiq» maxsus qidiruv boshqarmasi qutqaruvchilari yetib kelib, haydovchiga yordam ko‘rsatgan va yo‘l-transport hodisasi oqibatlarini bartaraf etgan.
Bundan bir kun avval esa taxminan shu hududning o‘zida «Spark» rusumli avtomobil yo‘ldan chiqib, xandaqqa tushib ketgan. Ushbu holatda ham qutqaruv bo‘linmalari xodimlari tomonidan haydovchiga amaliy yordam ko‘rsatilgan.
-
Dunyodan4 days ago
Isroil Livan janubida quruqlikdan operatsiya boshladi
-
Jamiyat4 days agoChilonzorda Al-Xorazmiy ko‘chasining bir qismi yopiladi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari bir-birlarini tabrikladilar
-
Jamiyat4 days agoCoca-Cola O‘zbekistonda Ramazon oyida bir qator xayriya tashabbuslarini amalga oshirdi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda bayram kunlari jamoat transporti uchun maxsus jadval joriy etildi
-
Mahalliy5 days agoRo‘zadan keyin 90 foiz odamlar yo‘l qo‘yadigan xato
-
Turk dunyosi5 days agoTurkiya sharqida ko’chmanchi qushlar bahor kelishidan xabar beradi
-
Jamiyat3 days agoImom Buxoriy masjid-majmuasida ilk hayit namozi o‘qildi (foto)
