Jamiyat
Qashqadaryoda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish holatlari fosh etildi
Mazkur harakatlar natijasida yetkazilgan zarar miqdori 1,3 mlrd so‘m deb baholanmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro N.N. va boshqalar Qamashi tumanidagi “Qashqadaryo” daryosining “Qo‘shkapa” MFY hududidan oqib o‘tuvchi qismida 26 614,4 metr kub noruda hisoblangan qum xomashyosini o‘zboshimchalik bilan qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 665,5 mln so‘mlik zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Departamentning Chiroqchi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “S.O.” xususiy korxonasi mas’ul shaxslari “Chiyalinskoe (1973)” konining belgilangan chegarasidan tashqarida 15 338,8 metr kub noruda hisoblangan qum-shag‘al aralashmasini qazib olgani aniqlangan. Yetkazilgan zarar miqdori 400,2 mln so‘m deb baholangan.
Departamentning Mirishkor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.M. va boshqalar “H.F.” MChJning “Chandir” MFY hududidagi yer maydonida 9 755,7 metr kub qumni qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 253,5 mln so‘mlik zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.