Jamiyat
Qashqadaryoda o‘nlab fuqaroning kreditga olingan mashinalari g‘oyib bo‘ldi
Qashqadaryoda kredit botqog‘idan chiqishni istab avtomobilini sotmoqchi bo‘lgan fuqarolar aldanib qoldi. Ularga mashina uchun shu paytgacha to‘lagan mablag‘larini qaytarib berish va qolgan kreditni o‘z zimmasiga olishni va’da qilishgan. Kelishuvdan keyin esa na mashina topilgan, na kredit to‘langan.
Qashqadaryo viloyatida kreditga mashina olgan o‘nlab odamlar firibgarlar tuzog‘iga tushib qoldi. Jabrlanganlar Kun.uz’ga murojaat qilib, vaziyat qanday bo‘lganini aytib berishdi.
Sxema qanday ishlagan?
Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, firibgarlik sxemasi asosan avtokredit bo‘yicha to‘lov qilayotgan, ammo moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan fuqarolarga qaratilgan. Ularga mashina uchun shu vaqtgacha to‘langan mablag‘ni qaytarib berish, kredit to‘lovlarining qolgan qismini har oy o‘zlari so‘ndirib borish, kredit muddati yakunlanganidan keyin esa avtomobilni yangi egasi nomiga rasmiylashtirish va’da qilingan.
Ishonch uyg‘otish maqsadida mashinani qabul qilib olish jarayoni videoga olingan. Tasvirga olish vaqtida ma’lum miqdorda pul berilgan. Biroq videotasvir tugashi bilan berilgan mablag‘ qaytarib olingan hamda to‘lov ertasi kuni notariusda rasmiylashtirish vaqtida amalga oshirilishi aytilgan. So‘ngra mashina olib ketilgan.
Shu tariqa, mashina g‘oyib bo‘lgan, berilgan va’da bajarilmagan: aldanganlar esa kreditdan qutulmagani yetmaganday mashinadan ham ayrilib qolavergan.
“Bankka bir so‘m ham to‘lanmagan”
Aldanganlardan biri Nurbek Shodmonov. Uning ta’kidlashicha, firibgarlar aynan kreditga mashina olib, to‘lovlarni to‘lay olmay qolganlarni “ovlagan”.
“Qarshi shahriga kelishyapti va avtokreditga olingan mashinalarni izlashyapti.
2024 yil iyul oyida kreditga yangi Gentra olganman. 54 mln so‘m boshlang‘ich to‘lov qilganman. Mashinaning tannarxi 191 mln 600 ming so‘m edi. Oyiga 4 mln so‘mdan to‘lov chiqqan. Men buni to‘lashga qiynalyapman desam “1000 dollar boshlang‘ich to‘lov sizga beramiz, qolgan to‘lovlarni o‘zimiz davom ettiramiz. Mashinani Toshkentga olib borib, Rent-car’ga ishlatamiz. 1-2 yildan keyin xohlasangiz mashinani o‘zingizga qaytarib beramiz. Sizga bankdan, hech joydan so‘rab kelmaydi, oyma-oy kreditlaringizni yopamiz o‘z vaqtida”, degan.
Uch oydan keyin men ularni izlashga tushdim. Erta deyapti, indin deyapti, xullas bir yil bo‘ldi, bir so‘m pul to‘lamagan bankka”, deydi jabrlanuvchi.
“Pul berib, keyin qaytarib olishdi”
Yana bir jabrlanuvchi Charos Oripovaning ta’kidlashicha, uning oldiga 8 kishi borgan.
“Zokir ismli shaxs bilan 5 yildan keyin mashinani uning nomiga o‘tkazib berishim uchun o‘rtada shunchaki kelishuv bo‘ldi. Men mashinani olib ketishlariga ruxsat ham, ishonchnoma ham bermadim. Bizga 800 dollar pul berishdi, ammo videos’yomka o‘char-o‘chmas uni qaytarib olishdi. Nega unday qilishganini so‘rasam, notariusda hamma xarajatlarni hal qilishini aytdi. Shu bilan mashinani haydab ko‘rishlarini aytib chiqib ketishdi. O‘shandan beri mashinani ham, ularning o‘zini ham ko‘rmadim”, deydi u.
Biri qamaldi…
Murojaatchilarga ko‘ra, holat yuzasidan 4 kishiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Muzaffar Shodmonovga oid jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilgan.
JIB Qarshi shahar sudining 2026 yil 18 maydagi hukmi bilan Muzaffar Shodmonov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “”a, b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, Muzaffar Shodmonov va boshqalardan 13 nafar jabrlanuvchi foydasiga yetkazilgan zarar summalarini undirish belgilangan.
Murojaatchilarning ma’lum qilishicha, qolgan gumondorlar bo‘yicha hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.