Jamiyat
Qashqadaryoda firibgarlikda gumonlangan mutaxassis ushlandi
Qashqadaryo viloyatida ichimlik suvidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq hujjatlarni sudga yubormaslikni va’da qilib, evaziga 1,2 million so‘m olgan mutaxassis tezkor tadbirda qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Qashqadaryo suv ta’minoti» AJning ichimlik suvi tizimi nazorat bo‘limi mutaxassisi S.M. firibgarlikda gumonlanib ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, u xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaro X.B.dan uning o‘g‘li N.B.ga nisbatan ichimlik suvidan noqonuniy foydalanganlik bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnomani sudga yubormaslik, shuningdek, qayta hisob-kitob qilib zararni bekor qilishni va’da qilgan.
Buning evaziga mutaxassis 1,2 million so‘mni o‘zining bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor tadbir davomida mazkur mablag‘ protsessual tartibda qaytarilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonlik haydovchi Amerikada oqibati o‘lim bilan tugagan YTH sodir etdi
AQShning Ohayo shtati Kolumbus shahrida o‘zbekistonlik haydovchi o‘z boshqaruvidagi yuk mashinasida YTH sodir etdi. Avariya oqibatida 21 yoshli kollej o‘quvchisi Tobi Forsayt halok bo‘ldi. AQSh mediasi haydovchi dalillarni yashirishga uringanini yozdi. Kun.uz gaplashgan manbalarga ko‘ra, vaziyat boshqacha. Ayni dam birinchi sud majlisi ham o‘tkazilgan.
Amerika telekanallari o‘zbekistonlik trak haydovchisi kollej o‘quvchisini urib o‘ldirdi, deya xabar tarqatdi. Masalan, Fox News’dagi reportajda aytilishicha, ingliz tilida uncha gaplasha olmaydigan haydovchi avariyadan so‘ng dalillarni yo‘qotishga uringan. Kun.uz vaziyat yuzasidan birlamchi ma’lumotlarni yig‘ishga urindi. Bizga aytilishicha, yo‘l-transport hodisasidan keyin o‘zbekistonlik haydovchi kamera yozuvlarini o‘zi bilan olgan, maqsadi dalillarni yo‘q qilish emas, balki saqlash bo‘lgan.
Voqea o‘tgan yakshanba kuni Ohayo shtatining Kolumbus shahrida sodir bo‘lgan. Afsuski, avariya oqibatida 21 yoshli kollej o‘quvchisi halok bo‘lgan. Amerika matbuoti uni yaxshi futbolchi, yaxshi jamoadosh deb ta’riflamoqda. Shuningdek, 42 yoshli o‘zbekistonlik Bayden ma’muriyati davrida AQShga kirgan va Nyu Yorkdan tijorat litsenziyasini olgan, politsiya uning inglizchani bilmasligini aytmoqda, deydi Amerika matbuoti.
Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston elchixonasi, konsullik hamda vatandoshlarga ulandi. Ma’lumotlarni aniqlashda Vashington shtatidagi konsullik yordamlashdi. Bosh konsul Ahror Burhonov orqali gaplashgan manbalarimizga ko‘ra, vaziyat ko‘ringanidek emas. O‘zbekistonlik haydovchi qochishga urinmagan, o‘zining telefonlari va videoyozuvlarini yo‘qolib ketmasligi uchun o‘zi bilan olgan. Buni Tsinsinatti shahridagi “Hamkor Uz” jamoatchilik tashkiloti rahbari Zafar Alimov ham tasdiqladi.
“Vatandoshimiz bilishimcha, Amerikaga qonuniy kelgan. O‘zi ham avariyadan stressda, videoyozuvlarni olishdan maqsadi yashirish emas, balki ularni saqlab qolish bo‘lgan. Chunki uning yuk mashinasi yonib ketishi mumkin edi, AQSh mediasida esa butunlay boshqacha yoritishdi”, deydi u.
Alimovning qo‘shimcha qilishicha, o‘zbekistonliklar haqidagi xabarlarni Amerika matbuoti bo‘rttirib yubormoqda.
“Oxirgi paytlar negadir biz o‘zbeklar haqidagi xabarlar juda negativ. Ular boshqacha yoritadi, bizning O‘zbekistondagi kanallar esa boricha ko‘chiradi, unday qilmasliklarini men so‘rab qolardim. Birgina shu inson misolida, u inglizchani uncha bilmagan, lekin dalillarni yashirishga urinmaganini aytmoqda”, deydi jamoat tashkiloti raisi.
Ma’lum bo‘lishicha, allaqachon birinchi sud majlisi ham o‘tgan va hozir yo‘l-transport hodisasini sodir etgan yurtdoshimiz Amerikani tark etmaslik sharti bilan uyiga qo‘yib yuborildi, ammo ish davom etadi.
AQSh matbuotiga ko‘ra, magistral yo‘llarda immigrant haydovchilar sodir etib, oqibati o‘lim bilan tugagan avariyaviy holatlar soni o‘tgan bir yilda 30 dan ortiq. Haydovchilarning, ayniqsa trak haydovchilarining hujjatlarini yaxshiroq tekshirish kerak deyiladi Fox News reportajida.
AQSh dan Kun.uz uchun maxsus tayyorlandi.
Jamiyat
Janubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Toshkent shahri va Namangan viloyatida xorijga noqonuniy migratsiyani tashkil etishga uringan shaxslar DXX hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi. Ular Janubiy Koreya va AQShga yuborishni va’da qilib, fuqarolardan o‘n minglab AQSh dollari talab qilgan.
Foto: DXX / Videodan kadrlar
Toshkent shahrida yashovchi 1994 va 1999 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, fuqarolarni tanishlari orqali G-1 vizasini olib berish yo‘li bilan Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishni, keyinchalik esa ushbu mamlakatda doimiy yashash huquqini beruvchi guvohnomani rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Ular ushbu xizmatlari uchun 55 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 25 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan shaxs ham fuqaroni noqonuniy yo‘llar bilan AQShga yuborishni taklif qilgan.
U tanishlari orqali O‘zbekiston – Turkiya – Ispaniya – Meksika – AQSh yo‘nalishi bo‘yicha jo‘natish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilgan. Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u talab qilingan mablag‘ning 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
DXX fuqarolarni xorijga ishga jo‘natish bilan bog‘liq shubhali takliflarga aldanmaslikka chaqirib, bu borada faqat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, uning hududiy boshqarmalari hamda maxsus litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari xizmatlaridan foydalanishni tavsiya qildi.
Jamiyat
Toshkentda avtobus qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlandi
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 115-yo‘nalishda harakatlanuvchi King Long rusumli avtobus qisqa masofada qarama-qarshi yo‘nalish bo‘ylab harakatlandi. «Toshshahartransxizmat» AJ ma’lum qilishicha, bu chorrahada sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida avtobus harakatini davom ettirish uchun majburiy chora sifatida amalga oshirilgan.
Foto: Toshshahartransxizmat
«Toshshahartransxizmat» AJ axborot xizmatiga ko‘ra, voqea 2026 yil 9 iyul kuni sodir bo‘lgan. «8-Avtobus saroyi» filiali haydovchisi boshqaruvidagi King Long rusumli avtobus 115-yo‘nalish bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtda Yunusobod tumanidagi THAY va Bog‘ishamol ko‘chalari chorrahasiga yetib kelgan.
Ma’lum qilinishicha, Bog‘ishamol ko‘chasi boshlanishida yengil avtomobillar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan. Avtobus chorrahaga kirib bo‘lgani va uning uzunligi 18 metr bo‘lgani sababli transport vositasining orqa qismi boshqa ishtirokchilar harakatlanadigan yo‘lni to‘sib qo‘ygan.
Shu bois haydovchi chorrahani bo‘shatish maqsadida avtobusni majburiy ravishda qarama-qarshi yo‘nalish bo‘ylab taxminan 100 metr boshqarib, shundan so‘ng o‘z harakat yo‘nalishiga qaytgan.
«Toshshahartransxizmat»ning bildirishicha, ushbu holat 10 iyul kuni «8-Avtobus saroyi» filiali rahbariyati hamda Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ullari ishtirokida muhokama qilingan. Yo‘nalishga chiqishdan oldin barcha avtobus haydovchilari uchun yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha qo‘shimcha yo‘riqnoma o‘tkazilib, profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.
Jamiyat
Toshkent markazida ot choptirgan uch nafar shaxs IIBga chaqirildi
Toshkent shahri markazida tunda avtomobil yo‘lida ot choptirgan uch nafar shaxs ichki ishlar organlari tomonidan aniqlanib, profilaktik suhbat uchun IIBga chaqirildi. Ular qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirib, bunday holatni boshqa takrorlamaslikka va’da bergan.
Foto: IIB/Videodan kadrlar
Hodisa Shayxontohur tumani hududida sodir bo‘lgan bo‘lib, uning videosi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Tarqalgan videoda uch nafar otliq tunda yo‘lning o‘ng qatori bo‘ylab harakatlanayotgani, avtomobillarga yo‘l bermagani aks etgan. Videotasvirga olayotgan avtomashina taxminan soatiga 60 kilometr tezlikda harakatlangani ham ko‘rinib turadi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan holat ishtirokchilari aniqlanib, ular ichki ishlar organlariga chaqirilgan.
Ma’lum qilinishicha, ular o‘z qilmishini tan olib, xatosidan pushaymon ekanini bildirgan va kelgusida bunday harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bergan.
Ichki ishlar organlari esa umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida bunday harakatlar nafaqat ishtirokchilarning o‘zi, balki boshqa yo‘l harakati qatnashchilari hayoti va sog‘lig‘i uchun ham jiddiy xavf tug‘dirishini eslatdi. Shu munosabat bilan fuqarolardan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish so‘raldi.
Jamiyat
Samarqand va Buxoro viloyatlarida xalq qabulxonasiga murojaatlar kamaygani qayd etildi
Buxoro viloyatida Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha 2026-yilning birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, viloyat aholisidan Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga 2026-yil yanvar-iyun oylarida jami 21,6 mingta murojaat kelib tushgan (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 foizga kam).
Yig‘ilishda yarim yillik yakunlari muhokama qilindi, tuman-shaharlarda murojaatlar bilan ishlash holati keng tahlil qilindi.
Tumanlarda sayyor va shaxsiy qabullar tizimli tashkil qilingani e’tirof etildi.
Majlisda barcha hokimlar, hududiy davlat idoralari va tashkilotlari rahbarlariga ushbu masalalardagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rildi. Prezident Xalq qabulxonasi boshlig‘i Buxoro Xalq qabulxonasi mudiri o‘rinbosari etib tayinlangan Firuza Ibragimovani yig‘ilish ishtirokchilariga tanishtirdi.
Prezident Xalq qabulxonasining hududlardagi o‘rganish ishlari davom etadi. Navbatdagi manzil – Samarqand viloyati.
Viloyat aholisidan Prezident Xalq qabulxonasiga 39,9 mingta murojaat tushgan (o‘tgan yil mos davriga nisbatan 8 foizga kam).
Murojaatlar bilan ishlash holatini muhokama qilish maqsadida yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda muammolar bilan tizimli ishlash natijasida 16 tumandan 14 tasida murojaatlar soni sezilarli kamaygani e’tirof etildi.
Shuningdek, murojaatlarni qabul qilish va ularni tahlil etish jarayonlarida zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish, elektron murojaatlar platformasi orqali shaffoflik va tezkorlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, ayrim kamchiliklar ham sanab o‘tildi. Masalan, Oqdaryo, Pastdarg‘om va Nurobod tumanlarida avval rejalashtirilgan shaxsiy qabullar o‘tkazilmay qolib ketgani ta’kidlandi.
Hududiy davlat idoralari va tashkilotlari rahbarlari hamda hokimlarga aholi murojaatlariga, ayniqsa, sayyor va shaxsiy qabullarga jiddiy yondashish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rildi. Prezident Xalq qabulxonasi boshlig‘i Samarqand Xalq qabulxonasi mudiri o‘rinbosari etib tayinlangan Xurshid Ochilovni yig‘ilish ishtirokchilariga tanishtirdi.
-
Iqtisodiyot4 days agoNeft mahsulotlari zaxiramiz 2−3 oy uchun yetarli – Energetika vazirligi
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp Anqarada NATO sammiti boshlanishi munosabati bilan Turkiyaga F-35 samolyotlariga ega boʻlishiga ruxsat berishni koʻrib chiqmoqda
-
Jamiyat5 days agoHaydovchi YPX xodimiga pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini ko‘rsatishi shart
-
Dunyodan3 days ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
-
Jamiyat4 days ago«Tashabbusli budjet»ning 11-mavsumi 15 iyuldan start oladi
-
Turk dunyosi5 days agoPrezident Tramp, Anqaradagi NATO sammitiga Prezident Erdog’an tufayli qatnashayotganini aytdi
-
Sport5 days ago
UYeFA FIFAni «qizil chiziq»dan o‘tganlikda aybladi
-
Turk dunyosi3 days agoPrezident Tramp NATO aʼzolarini Grenlandiya va mudofaa xarajatlari yuzasidan tanqid qilmoqda
