Iqtisodiyot
Qarzini uzolmasdan bankrot bo‘layotgan firmalarga oyoqqa turib olishida yordam beriladi
Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha agentlik tashkil etilmoqda. Agentlik ish o‘rinlari yo‘qotilmasligi uchun to‘lovga qobiliyatsizlik taomillari amalda ishlashini ta’minlaydi; bankrotlik omillarini bartaraf etib, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirishga ko‘maklashadi. Moliyaviy ahvoli og‘ir bizneslarga yangi yordam choralari anons qilindi.
Akbar Toshqulov, adliya vaziri / Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev to‘lovga qobiliyatsizlik institutini takomillashtirish va moliyaviy ahvoli og‘ir tadbirkorlik sub’yektlarini sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, yaratilayotgan korxonalar va ish o‘rinlarini saqlab qolish, moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan tadbirkorlik sub’yektlarini erta bosqichda qo‘llab-quvvatlash borasida yechimini kutayotgan ko‘plab masalalar bor.
Xususan, faoliyat ko‘rsatmayotgan va faoliyati tugatilgan kichik korxonalar soni o‘sib boryapti. Chunki amaldagi tizim korxonani saqlab qolish va qayta tiklashga emas, ko‘proq uning faoliyatini rasmiy tugatishga qaratilgan.
Avvalo, to‘lovga qobiliyatsizlik taomillari yetarli darajada qo‘llanilmayapti. Moliyaviy ahvoli og‘irlashgan 93 mingta tadbirkorning atigi 10 mingtasi bo‘yicha to‘lovga qobiliyatsizlik ishi qo‘zg‘atilgan. Sudgacha va sud sanatsiyasi tizimi amalda samarali ishlamayapti, so‘nggi besh yilda atigi 68 ta korxonaga sanatsiya taomili qo‘llanilgan, shundan ham faqatgina 7 tasining faoliyati tiklangan.
Sud boshqaruvchilari faoliyati ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Qator holatlarda ish yuritish muddatlari buzilgani, asossiz xulosalar berilgani, soxta bankrotlik alomatlarini o‘z vaqtida o‘rganish mexanizmi yetarli emasligi qayd etildi. Sud boshqaruvchilariga haq to‘lash tizimidagi bo‘shliqlar malakali mutaxassislarni jalb qilishga to‘sqinlik qilayotgani, ayrim holatlarda esa ishlarni sun’iy cho‘zishga sabab bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, soha raqamlashtirilmagani, onlayn monitoring va nazorat yo‘qligi, bankrot yoki to‘lovga qobiliyatsizlik holatidagi korxonalarning ochiq reyestri mavjud emasligi, davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan sohada davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi institutsional yondashuvlar taklif qilindi.
Xususan, Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha agentlik tashkil etish taklif qilindi. Bu tuzilma sohada yagona davlat siyosatini yuritish, davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, bankrotlik omillarini tahlil qilish va bartaraf etish choralarini ko‘rish, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi.
Sud boshqaruvchilari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Sud boshqaruvchilari palatasini tuzish taklif etildi. Palata sud boshqaruvchilari faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularning kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirishni tashkil etadi, ular tomonidan qonunchilik va kasb etikasiga rioya etilishini monitoring qiladi, huquq va manfaatlarini himoya qiladi.
Moliyaviy ahvoli og‘ir biznes sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi moliyaviy mexanizmlar ham taqdimot qilindi.
Jumladan, kichik va o‘rta tadbirkorlar uchun Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi orqali kafillik berish, Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi orqali tijorat banklarida past foizli kredit liniyalari ochish orqali korxonalarni moliyaviy tiklashga ko‘maklashish rejalashtirilmoqda.
Bunda tijorat banklari ajratgan kreditlar bo‘yicha asosiy qarz va foizlar sanatsiya yakunlangunga qadar kechiktiriladi, kredit sanatsiya yakunlanganidan so‘ng 3 yil ichida qaytariladi, kredit qarzdorligini restrukturizatsiya qilish asoslari yaratiladi.
Soliq va kredit qarzdorligini kechiktirib to‘lash hamda restrukturizatsiya qilish tartiblarini soddalashtirishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari ayrim soliqlar bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berishi, shuningdek, bunday mexanizmlar garov, bank kafolati yoki sug‘urta polisi asosida soliq organlari tomonidan ham qo‘llanishi mumkin bo‘ladi.
Nodira Hakimova, Prezident administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari
Davlat ko‘magidagi sudgacha sanatsiya choralari ham kengaytiriladi. Bunda kreditorlar bilan kelishuv, moliyaviy yordam jalb qilish, soliq va kredit to‘lovlarini kechiktirish, qarzlarni sotib olish, ishlab chiqarishni qayta ixtisoslashtirish, korxonani qayta tashkil etish, malakali mutaxassislarni jalb etish va xodimlarni qayta tayyorlash kabi vositalardan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Taqdimotda to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini raqamlashtirish masalasiga ham katta e’tibor berildi.
Shu maqsadda to‘lovga qobiliyatsizlik ishlarini yuritishning yagona elektron platformasini ishga tushirish taklif qilindi. Ushbu platformada to‘lovga qobiliyatsizlik ishi yuritilayotgan shaxslar, sanatsiya qo‘llanilayotgan korxonalar va sud boshqaruvchilari reyestrlari yuritiladi. Barcha jarayonlar – ariza berishdan tortib, korxonani tugatishgacha – elektron shaklda olib boriladi. Shuningdek, mazkur tizim jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq bo‘ladi.
Bu orqali sohada ochiqlikni ta’minlash, ma’lumot almashinuvini tezlashtirish, nazorat va monitoringni kuchaytirish, arizalarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish imkoni paydo bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda yangi korxonalar tashkil etish bilan cheklanib qolmasdan, ishlab turgan biznesni saqlab qolish, vaqtincha qiyinchilikka uchragan korxonalarga o‘z vaqtida ko‘mak berish, ularni iqtisodiy faollikka qayta olib chiqish lozimligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga to‘lovga qobiliyatsizlik institutini xalqaro tajriba asosida tubdan takomillashtirish, sohaga zamonaviy boshqaruv, samarali sanatsiya mexanizmlari va raqamli yechimlarni joriy etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.