Sport
«PSJ» Messi va jamoasini ayamadi. O‘yin taqdiri birinchi bo‘limdayoq hal bo‘ldi
Endi «PSJ» chorakfinalda «Bavariya» bilan o‘ynaydi.
KJCh. 1/8 final
«PSJ» — «Inter Mayam«» 4:0
29 iyun. Atlanta. «Mersedes-Bens Arena»
Gollar: Nevesh (6, 39), Aviles (44, avtogol), Hakimi (45+3).
«PSJ» — Donnarumma, Hakimi (Li Kan In, 69), Markinos (Beraldo, 46), Pacho, Mendesh (Ernandes, 69), Vitinya, Nevesh (Dembele, 61), Ruis (Zair-Emeri, 46), Kvaratsxeliya, Due, Barkolya.
«Inter Mayami» — Ustari, Veygandt, Falkon, Allen (Aviles, 19), Alba, Allende, Redondo, Buskets, Segoviya (Kremaski, 75), Messi, Suares.
Ogohlantirishlar: Aviles (20), Veygandt (42), Suares (74).
Bu o‘yin katta qiziqish bilan kutilgandi. Lionel Messi sobiq jamoadoshlariga qarshi — klublar o‘rtasidagi jahon chempionati 1/8 final bahsi uchun jozibador afisha. Ammo o‘yindan intriga kutganlarning hafsalasi pir bo‘ldi.
Amerika klubi safida barcha nomdor legionerlar — Jordi Alba, Serxio Buskets, Messi va Luis Suares boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. Alba uchun bu turnirda ilk bor ilk daqiqalardan o‘ynashi edi.
Messi o‘yin oldidan Parijdan o‘tkazilgan davri haqida yana bir bor hasrat qildi. U fransuz klubidagi biror kundan qoniqish hosil qilmagani haqida gapirdi. Jurnalistlar o‘yin oldidan «PSJ» ustozi Luis Enrikedan Leoni qanday qilib to‘xtatmoqchiligi haqida so‘rashdi. Murabbiy kamtarlik bilan bu ishni bir futbolchi bilan amalga oshirib bo‘lmasligini aytdi.
O‘yin Yevropa chempionlarining katta ustunligi bilan boshlandi. Xvicha Kvaratsxeliya ikki raqibni ortda qoldirib, Bredli Barkolyani qulay vaziyatga chiqardi — darvozabon Oskar Ustari zarbani qaytardi. Ammo bir necha daqiqa o‘tib argentinalik posbon ham ojiz qoldi. Bu safar Joau Nevesh Vitinya jarima zarbasidan keyin olis ustun oldiga yetkazib bergan to‘pni boshi bilan darvoza to‘riga joylab qo‘ydi. «Inter Mayami» atigi yetti daqiqa bardosh berdi. Messi bunday startni kutmagani tayin edi.
Ammo Florida klubining muammosi bu bilan cheklanmadi. 21 yoshli himoyachi Noa Allen belidan jarohat olib maydonni erta tark etdi, uning o‘rniga tushgan Tomas Aviles esa darhol qo‘pollik ishlatib, sariq kartochka oldi.
Keyin esa hech kim kutmagan futbolchi jamoani uyaltirdi. Tajribali Serxio Buskets jarima maydoni yaqinida to‘pni oldirib qo‘ydi — «PSJ» kechirmadi.
Barkolya ishtirokida davom etgan hujum yakunida Fabian Ruis to‘pni Neveshga uzatdi, u esa osonlik bilan dublni rasmiylashtirdi. Shu tariqa, 39-daqiqadayoq amalda o‘yindagi intrigaga barham berildi. Bu vaqtga kelib Messi 10 marta ham to‘pga tegina olmagandi.
Ko‘p o‘tmay o‘sha Aviles Due qanotdan oshirgan to‘pga oyoq qo‘yish orqali avtogol muallifiga aylandi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa «Inter Mayami» himoyachilari Ashraf Hakimi ikkinchi urinishda to‘pni darvozaga mixlashini xotirjam tomosha qilishdi. Marokashlik futbolchining dastlabki zarbasi ustundan qaytgandi, ammo qaytgan to‘pga birinchi bo‘lim «PSJ» himoyachisining o‘zi yetib keldi.
«Inter Mayami» birinchi bo‘limdayoq 0:4 hisobida ortda qoldi. Raqib darvozasi tomon birorta zarba berilmadi, birorta burchak zarbasi ijro etilmadi, to‘pga egalik qilish bo‘yicha kamtarona 31 foizlik ko‘rsatkich qayd etildi — Amerika jamoasining birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra ayanchli statistikasi. Jamoa ikkinchi bo‘limga chiqmay qo‘ysa ham bo‘laverardi. «Inter Mayami» ustozi Xaver Maskerano tanaffusda birorta o‘zgartirish qilmadi. Enrike esa Ruis va Markinosga dam berishga qaror qildi — ularning o‘rnini ancha yosh Lukas Beraldo va Uorren Zair-Emeri egallashdi.
«Inter Mayami» tanaffusdan keyin biroz faollashdi. Ammo klubning o‘yindagi darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan ilk zarbasi faqat 63-daqiqaga borib berildi. Buni ham Messi qildi, lekin zarba Janluidji Donnarummani hayron qoldirgulik bo‘lmadi. Bungacha «PSJ»da Usmon Dembele maydonga tushgandi. Fransuz hujumchisi uchun bu klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida birinchisi bo‘ldi. U milliy jamoa yig‘inida jarohat olgandi va «PSJ»ning turnirdagi faqat to‘rtinchi o‘riniga kelib safga qo‘shildi.
Messining darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan birinchi zarbasi nisbatan xavfliroq chiqdi. Bo‘yi baland bo‘lmagan argentinalik bosh bilan zarba berdi, to‘p gazonga sapchib burchak tomon borgan bo‘lsa-da, Donnarumma bu safar ham unga gol urishga imkon bermadi. 87-daqiqada esa «Inter Mayami» jarima maydoni tashqarisida standart vaziyat ishladi. Stadionga yig‘ilganlar xursandchilik bilan shovqin ko‘tarishdi, fanatlar telefonlarining kameralarini yoqishdi. Ammo Messi «Portu» bilan o‘yindagi tryukni takrorlay olmadi — to‘p «jonli devor»dan o‘tmadi.
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati boshlanishidan oldin to‘purarlar o‘nligiga kirish uchun favoritlar qatorida sanalgan Messi to‘rt o‘yindagi birgina gol bilan ishtirokini yakunladi. «PSJ» — turnir chorakfinalida. Fransuzlarning keyingi bosqichdagi raqibi «Flamengo» bilan gollarga boy kechgan o‘yinda ustun kelgan (4:2) «Bavariya» bo‘ladi.