Siyosat

Prezident yirik xalqaro investitsiya va moliya kompaniyalariga minnatdorchilik bildirdi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishida mamlakat investitsiya muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan yangi takliflar ko‘rib chiqildi. Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, yig‘ilishga tayyorgarlik jarayonida xalqaro kompaniyalar va investorlardan 120 ta yangi taklif hamda tashabbus kelib tushgan.

Ushbu takliflar atroflicha tahlil qilinib, yettita ustuvor yo‘nalishga birlashtirilgan. Ular investitsiya muhitini yaxshilash, soliq tizimi, kadastr, energetika, moliya va bank sohasi, korporativ boshqaruv, shuningdek sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyot masalalarini qamrab olgan.

Prezident bugungi kunda valyuta operatsiyalarini monitoring qilish tartiblarini yengillashtirish, islomiy sug‘urta va «yashil» kreditlar kabi yangi moliyaviy mexanizmlarni joriy etish, bank aktivlari bozorini shakllantirish hamda korxonalarda ESG tamoyillarini keng qo‘llash dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Yig‘ilishda har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullar belgilanib, muammolarga aniq yechimlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Shu munosabat bilan mazkur ishlarni o‘z zimmasiga olgan ishchi guruhlar hamraislari — «Vision Invest», «BDO», «Crowe», «OTP Group», «Franklin Templeton», «Ernst & Young», «Costa Legal» va «ACWA» kompaniyalari rahbarlariga minnatdorlik bildirildi.

«Yil davomidagi tahlillaringiz asosida qanday muammolarni aniqladingiz? Investitsiya muhitini yanada yaxshilash uchun Hukumat nimalar qilishi kerak? Sizlarni diqqat bilan tinglashga, har bir muammo va tavsiyani batafsil muhokama qilishga tayyormiz», dedi Prezident.

Davlat rahbari barcha takliflar ochiq muloqot asosida ko‘rib chiqilishi va yig‘in yakunlari bo‘yicha yagona «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilishini ma’lum qildi.

Xorijiy investorlarning fikr va takliflari eshitilganidan so‘ng, Prezident muloqotni mazmunli va foydali deb baholadi.

«Ayniqsa, amaliy natijaga yo‘naltirilgan takliflaringizdan juda xursand bo‘ldim. Chin hamkorlarimizning barcha tashabbuslari xalqimiz farovonligi va investitsiya muhitini yaxshilashga xizmat qiladi», dedi davlat rahbari.

Prezident ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonda ochiq, barqaror va raqobatbardosh iqtisodiyotni barpo etishda xalqaro investorlarning hissasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Uning fikricha, bunday muloqotlar qancha ko‘p bo‘lsa, mamlakat iqtisodiyoti va investitsiya muhiti shuncha tez rivojlanadi. Yig‘ilish yakunida davlat rahbari barcha ishtirokchilarga samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version