Jamiyat

Prezident turizm sohasi xodimlarini tabrikladi

Published

on


Prezident O‘zbekiston turizm sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi. 

27-sentyabr – Butunjahon turizm kuni nishonlanmoqda. Keyingi yillarda yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, viza tartibining soddalashtirilgani, transport va mehmonxona infratuzilmasining kengaytirilgani, tadbirkorlar uchun ko‘plab soliq hamda bojxona imtiyozlari joriy qilingani soha rivojiga yangi shiddat bermoqda.

Buning tasdig‘ini 2025-yilda O‘zbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar soni 2016-yilga nisbatan salkam 6 barobar oshib, qariyb 12 million nafarga yetgani, turizm xizmatlari eksporti 11 karra ko‘payib, 4 milliard 800 million AQSh dollarini tashkil etgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Yangi O‘zbekistonnning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Marg‘inoniy majmualari, Zamonaviy san’at markazi kabi ko‘plab maskanlar butun xalqimiz qatori xorijiy sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

«Biz bu boradagi ishlarimizni izchil davom ettirib, go‘zal diyorimizni jahondagi zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi yanada rivojlangan eng mashhur turizm markazlaridan biriga aylantirishga qaror qilganmiz. Shu maqsadda Xivada o‘zida tarix va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan xalqaro turistik shaharcha, kongress markazi va tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish, Ichanqal’ani raqamli texnologiyalar asosida “aqlli” muzey-majmuaga aylantirishni rejalashtirganmiz.

Samarqandda esa noyob eksponatlar jamlangan Ipak yo‘li muzeyi tashkil etiladi. Qoraqalpog‘istonda arxeologik yodgorliklar bo‘ylab yangi turistik yo‘nalishlar ochiladi. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida “G‘ilon”, Namangan viloyatining Pop tumanida “Arashan” kabi yangi majmualar tashkil etiladi.

Sohada zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yagona milliy turizm platformasini ishga tushirish, sayyohlik xizmatlarini bitta tizimga integratsiya qilish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, kadrlar malakasini muntazam oshirib borish ham ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Gastronomik, ekologik, ziyorat, tibbiyot, tog‘ va sarguzasht, ishbilarmonlik, etno va qishloq turizmi kabi yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yo‘nalishlarni jadal rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz.

Ana shunday dolzarb vazifalarni amalga oshirish orqali biz 2030-yilga borib, xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish, xizmatlar eksportini 8 milliard dollardan oshirish, yuqori toifadagi mehmonxonalar sonini esa ikki karra ko‘paytirishni maqsad qilganmiz», deya ta’kidladi Prezident. 

Davlat rahbari tabrikda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan turizm xodimi» faxriy unvonini ta’sis etishni taklif etdi. 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version