Jamiyat
Prezident Toshkentdagi ekologik vaziyat bo‘yicha hisobotni tingladi: tafsilotlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ekologik barqarorlik, shu jumladan chiqindilarni qayta ishlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi, shuningdek, mutasaddilarning qishga tayyorlik yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Avvalo, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiyaning hisoboti tinglandi. Havo ifloslanishiga qarshi ko‘rilayotgan, ifloslanish manbalarini aniqlash va ularni bartaraf etish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, oxirgi kunlarda mamlakatimiz hududi bo‘ylab sovuq antitsiklon ta’siri kuchayib bormoqda. Natijada havo bosimi oshib, harorat pasaymoqda, inversiya hodisalari kuchaymoqda. Bunday sharoitda havodagi mayda zarrachalar yuqoriga ko‘tarilmay, pastki qatlamlarda to‘planib qolmoqda. Meteorologik sharoitlar tufayli havoning tabiiy tozalanish sur’ati sekinlashmoqda.
So‘nggi kunlarda havoni ifloslantirayotgan manbalarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi. Issiqxonalar, qurilish maydonlari, avtotransport vositalari va noqonuniy faoliyat yurituvchi ob’yektlar yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar, shahar bo‘ylab ko‘chalarni namlash, ariqlarni tozalash, favvoralarni ishga tushirish kabi barqarorlashtirish tadbirlari shular jumlasidan. Kuchaytirilgan tartibda reydlar va profilaktika ishlari olib borilmoqda.
Prezidentimiz mazkur choralarni nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham tizimli davom ettirish, aniqlangan qonunbuzarliklarni tezkor bartaraf etish, havoga ta’sir ko‘rsatuvchi barcha omillarni qat’iy nazorat ostiga olishni topshirdi.
Maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha 933 million dollarlik loyihalar 6 ta hududda – Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida boshlangan, ammo boshqa viloyatlarda bu borada jiddiy harakat kuzatilmayapti. Boshlangan loyihalarda ham investorlarni infratuzilma – yo‘l, elektr, suv bilan ta’minlash ishlari talab darajasida emas.
Viloyatlar hokimliklari va Ekologiya milliy qo‘mitasiga kamchiliklarni bartaraf etib, kelgusi yilda qolgan hududlarda ham shunday loyihalarni boshlash topshirildi.
2030 yilgacha maishiy chiqindi poligonlarini 50 foizga qisqartirish belgilangan. So‘nggi yillarda 47 ta poligon faoliyati tugatilib, rekultivatsiya qilindi, natijada 243 gektar yer tabiatga qaytarildi.
Lekin hozirda ishlayotgan 132 ta poligonning aksariyatida haligacha himoya devorlari, “yashil belbog‘”, suv ta’minoti va ekologik xavfsizlik inshootlari tashkil etilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
– Bu atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti va aholi e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Shu bois, maishiy chiqindi poligonlarini ekologik xavfsiz hududga aylantirish zarur. Birinchi navbatda, odamlarning sohadan roziligiga erishishimiz kerak. Bu masalaga faqat chiqindini boshqarish emas, balki sanoat, energetika, ekologik madaniyat bilan uzviy bog‘liq yo‘nalish sifatida yondashish lozim, – dedi davlatimiz rahbari.
Mutasaddilarga rekultivatsiya qilingan 47 ta poligon yerini qayta foydalanishga kiritib, ularda “yashil maydon”lar barpo qilish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Mavjud poligonlarning barchasi atrofida “yashil belbog‘” yaratish, daraxt va ko‘chat ekish ishlarini poligonlarning yarmida bahor mavsumida, qolgan yarmida kuz mavsumida yakunlash vazifasi qo‘yildi.
2026 yildan bu ishlarga respublika budjetidan har yili kamida 150 milliard so‘m ajratib borilishi belgilandi.
Oxirgi ikki yilda avvallari qayta ishlanmagan sanoat va xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasi 4,5 foizga olib chiqildi. Mazkur ko‘rsatkich kamligi qayd etilib, sanoat va xavfli chiqindilar hosil bo‘layotgan va saqlanayotgan joylarni xatlovdan o‘tkazib, ularni qayta ishlash hamda utilizatsiya qilish bo‘yicha kamida 1 tadan loyihani boshlash zarurligi ta’kidlandi. Xavfli chiqindilarni nazorat qilish bo‘yicha yagona axborot-monitoring platformasini ishga tushirish topshirildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, imtiyozli shartlarda suyultirilgan gaz yetkazib berishda kamchiliklar saqlanib qolmoqda, talon-toroj holatlari uchramoqda. “Hududgazta’minot” tizimiga bu holatlarga chek qo‘yish, hududma-hudud yurib, aholining muammolarini hal etish topshirildi. Eskirgan elektr tarmoqlari va ortiqcha yuklamada ishlayotgan transformatorlarni xatlovdan o‘tkazib, ularning barqaror ishlashini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, 1800 kilometr elektr tarmoqlarida ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgani aniqlangan. Bosh prokuraturaga mazkur holatlarni o‘rganish va qonun ustuvorligini ta’minlash, “Energoinspeksiya”ga esa nazorat ishlarini yangicha yondashuv asosida tashkil qilib, favqulodda tartibda ishlashga o‘tish topshirildi.
Qish mavsumida energiya resurslari aholiga uzluksiz yetkazib berilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda yong‘in xavfsizligi masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Mamlakatimizda 44 mingdan ziyod ko‘p qavatli binolarda yong‘in xavfsizligi holatini to‘liq o‘rganish, favqulodda vaziyatlar tizimi bunday xavf-xatarlarga qarshi harakat qilishga shay turishi zarurligi ta’kidlandi.
Binolarning tashqi devorlarida kuchli yonuvchan materiallarni qo‘llashni taqiqlovchi qat’iy talablarni qonun hujjatlariga kiritish vaqti kelgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan ko‘p qavatli uylarda qurilish normalari va yong‘in xavfsizligi qoidalarini xalqaro tajribaga moslash hamda mas’ul rahbarlar javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Kommunal xizmatlar ishini muvofiqlashtirish va favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. O‘tgan mavsumda poytaxtda to‘plangan tajriba asosida respublikaning boshqa hududlari kesimida ishchi guruhlar tashkil etish, barcha kommunal xizmatlar va boshqaruv servis kompaniyalarini FVV dispetcherlik tizimiga bog‘lash va xonadonbay profilaktika ishlarini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
