Jamiyat
Prezident «Toshkent-Samarqand» muqobil avtomobil yo‘li loyihasi bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Transport infratuzilmasi iqtisodiyot tarmoqlarini o‘zaro bog‘lash, hududlar salohiyatini to‘liq ishga solish, aholi va biznes uchun qulaylik yaratishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois, mamlakatimizda avtomobil yo‘llari, aviatsiya, logistika va xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Taqdimotda, avvalo, «Toshkent – Samarqand» muqobil avtomobil yo‘lini qurish loyihasi ko‘rib chiqildi. Ushbu yo‘lning uzunligi 282 kilometr bo‘lib, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarini bog‘laydi. Yo‘l I-a toifada, sement-beton qoplamali, har ikki yo‘nalishda uchtadan harakat tasmasi bilan quriladi. Loyihaviy tezlik soatiga 150 kilometrni tashkil etadi.
Loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 60 ta tunnelli o‘tish joyi, 91 ta ko‘prik, 16 ta yo‘l o‘tkazgich, 258 ta drenaj inshooti va intellektual transport tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 12 ta terminal, yo‘l bo‘yi infratuzilmasi va vazn o‘lchash tizimi tashkil qilinadi.
Salohiyatli investorlar bilan muzokaralar jarayonini jadallashtirish va qurilish ishlarini qisqa muddatlarda boshlash topshirildi.
Mamlakatimizda aviatsiya sohasida yangi ekotizimni shakllantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, hududlardagi 7 ta xalqaro aeroport zamon talablari asosida rekonstruksiya qilinyapti. Mo‘ynoq, Qo‘qon, Zomin, Shahrisabz, Sariosiyo, So‘x tumanlarida yangi aeroportlar barpo etilib, ularning soni 18 taga yetkazildi.
Xususan, Navoiy xalqaro aeroporti faoliyatini loyihaviy boshqaruv tamoyillari asosida tashkil etish, uning tijorat mustaqilligini oshirish ishlari olib borilmoqda. Unga mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan yo‘lovchi va yuk tashish, tranzit hamda texnik qo‘nishlar bo‘yicha mustaqil muzokaralar olib borish va shartnomalar tuzish huquqi berilgan.
2030-yilga borib, aeroportda parvozlar sonini 2,3 barobarga oshirib, yiliga 7 mingtaga, yo‘lovchi tashish hajmini 150 ming nafarga, yuk tashishni esa 45 ming tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, aeroport hududida havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan «porto-franko» erkin zonasi tashkil etiladi.
Taqdimotda Yangi Toshkent xalqaro aeroportini qurish loyihasi ko‘rib chiqildi.
Aeroport yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Yo‘lovchi terminali maydoni 208,4 ming kvadrat metrni tashkil etib, 169 ta havo kemasi turargohi, har biri 4 kilometrdan bo‘lgan 2 ta uchish-qo‘nish yo‘lagi barpo etiladi.
Hozirga qadar xalqaro moliya institutlari talablari asosida ekologik va ijtimoiy ta’sirni baholash ishlari o‘tkazildi. Loyiha hududida kanal, kollektor va elektr tarmoqlarini ko‘chirish ishlari boshlangan. Ayni paytda loyiha va pudrat tashkilotlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini aviayoqilg‘i bilan ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Aeroportlardagi yoqilg‘i quyish majmualarining umumiy sig‘imi 49 ming tonnani tashkil etadi. 2030-yilga qadar mahalliy aviayoqilg‘i ishlab chiqarish hajmini yiliga 600 ming tonnaga, aviayoqilg‘i saqlash quvvatlarini esa 80 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Bu maqsadda Navoiy, Andijon, Buxoro, Urganch va Yangi Toshkent xalqaro aeroportlarida yangi saqlash quvvatlari barpo etiladi.
Yoqilg‘ini saqlash va quyish jarayonlarini xalqaro standartlarga bosqichma-bosqich o‘tkazish zarurligi qayd etildi. Yoqilg‘i quyish majmualarini boshqarish jarayonlari joriy yilda to‘liq raqamlashtirilishi, aeroportlar yoqilg‘i quyish majmualari faoliyatida texnologik jarayonlar talablariga rioya etilishi ustidan tizimli davlat nazorati o‘rnatilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari transport infratuzilmasini rivojlantirishda loyihalarning iqtisodiy samaradorligi, qurilish sifati, xavfsizlik talablari va aholi uchun qulaylik asosiy mezon bo‘lishi zarurligini ta’kidladi hamda tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Jamiyat
Katta Farg‘ona kanalida timsohlar yurgani rad etildi
Namangan viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga aniqlik kiritish uchun kanalda o‘rganish ishlarini olib borgan. O‘rganishda kanalda timsohlar borligi aniqlanmagan.
Foto: Namangan viloyati FVB
Ijtimoiy tarmoqlarda katta Farg‘ona kanalida timsohlar yurgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Namangan viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi holatga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani Guliston, Paxtachi, Tegirmon va Birlik mahallalari hududidan oqib o‘tuvchi katta Farg‘ona magistral kanalida o‘rganish ishlari olib borilgan. Biroq o‘rganish jarayonida kanalda timsoh mavjudligi aniqlanmagan.
Boshqarma fuqarolardan asossiz va tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslikni hamda faqat rasmiy manbalarga tayanishni so‘radi.
Jamiyat
Qurbon hayiti arafasida tadbirkorlarga katta sovg‘a: soliq yengillashadi, tekshiruvlar qisqaradi
Qurbon hayiti arafasida tadbirkorlarga katta sovg‘a: soliq yengillashadi, tekshiruvlar qisqaradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev har doim tadbirkorlar masalasiga alohida e’tibor qaratib, ular uchun yangi imkoniyat va qulayliklar yaratishga intiladi.
Davlat rahbariyati biznes vakillarini iqtisodiyotni rivojlantiradigan asosiy harakatlantiruvchi kuch sifatida ko‘radi.
Yangi qarorlar esa «tadbirkor boy bo‘lsa — davlat ham boy bo‘ladi» degan tamoyil asosida qabul qilinadi.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tashabbusi va bevosita davlat rahbarining qo‘llab-quvvatlovi bilan tadbirkorlarga qulaylik yaratadigan yana yangi imkoniyatlar e’lon qilindi.
Eng muhim yangilik — 2026- yil 1- iyundan kichik biznesning soddalashtirilgan soliq rejimi chegarasi 1 mlrd so‘mdan 5 mlrd so‘mga oshirilishi kutilmoqda.
Bu ko‘plab tadbirkorlarga QQS va foyda solig‘i to‘lashga erta o‘tish jarayonini yengillashtirib, tadbirkorlarga faoliyatini kengaytirish imkonini beradi.
Shuningdek:
– umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat sohalari uchun 6%lik soddalashtirilgan QQS tartibi joriy etiladi;
– past xavfli tadbirkorlar uchun QQS qaytarish jarayoni avtomatlashtiriladi;
– QQS guvohnomasini vaqtincha to‘xtatish amaliyoti bekor qilinadi;
– soliq auditi va sayyor tekshiruvlariga cheklovlar kiritiladi;
– bank hisobraqamlarini ochish va ayrim jarayonlar raqamlashtiriladi.
Maqsad — kichik biznesni «soya»dan chiqarish, aylanmani yashirishga ehtiyojni kamaytirish va tadbirkor uchun adolatli, sodda muhit yaratish.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yengilliklar 600 mingdan ortiq kichik biznes subyektiga qonuniy o‘sish imkonini beradi.
Jamiyat
Buxoroda YTH sodir qilgan haydovchi 10 sutkaga qamaldi
Xorazmlik 21 yoshli haydovchi Cobalt mashinasini boshqarib ketayotib, chorrahada Tracker’ga borib urilgan. Oqibatda Tracker ikkiga bo‘linib ketgan.
Buxoro shahrida YTH sodir qilgan haydovchiga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llandi. Bu haqda Buxoro viloyati sudlari axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, YTH 30 mart kuni Buxoro shahridagi Davlatobod va Oqmasjid ko‘chalari kesishmasida sodir bo‘lgan. 2005 yilda tug‘ilgan N.R. Cobalt mashinasini boshqarib ketayotib, chorrahada Tracker’ga borib urilgan. Oqibatda Tracker ikkiga bo‘linib ketgan.
Sud Cobalt haydovchisini MJtKning 128-4-moddasi (transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan to‘xtash chizig‘ini bosib kirishi va o‘tishi) 2-qismi, 133-moddasi (transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi) 1-qismi va 137-moddasi (yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolish) 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topdi.
YTH oqibatida yetkazilgan 99,5 mln so‘m zarar haydovchi tomonidan qoplangan.
JIB Buxoro shahar sudining 2026 yil 22 maydagi qaroriga ko‘ra, Cobalt haydovchisiga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Ayni paytda u jazo muddatini o‘tamoqda.
Jamiyat
dori qo‘llanilmaganmi yoki tashxis og‘ir bo‘lganmi?
Shofirkon tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limida yangi tug‘ilgan chaqaloqning vafoti atrofida jiddiy bahslar yuzaga keldi.
Videolarda shifoxonada zarur psixotrop dori vositalari litsenziya muammosi sabab qo‘llanilmagani aytilsa, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi chaqaloq tug‘ma og‘ir ahvolda bo‘lganini va o‘limga infeksiya hamda nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lganini bildirmoqda. Hozirda holat yuzasidan prokuratura tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
2026-yil 25-may kuni Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limida og‘ir ahvolda chaqaloq dunyoga kelgan. Hodisa ortidan kelib tushgan videolarda shifokorlar va tibbiyot xodimlari tomonidan shifoxonada zarur dori vositalari mavjud emasligini ochiq aytilgan. Ma’lum qilinishicha, chaqaloqda kuchli tutqanoq kuzatilgan, ammo, uni tinchlantirish va miyaga kislorod yetib borishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan psixotrop dori vositasi qo‘llanilmagan. Oqibatda chaqaloqning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.
Biz bilan suhbatda bo‘lgan bo‘lim katta hamshirasining so‘ziga ko‘ra, birlashmaning yangi binosiga narkotik va psixotrop vositalarni saqlash uchun zarur litsenziya rasmiylashtirilmagan. «Bunga sabab binoning kadastr hujjatlari to‘liq bo‘lmagani»,— demoqda u.
Unga ko‘ra, shifoxona og‘ir bemorlar uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan dorilarni qonuniy tarzda ishlata olmay qolgan.
Videotasvirdagi suhbatga ko‘ra, shifokorlardan biri agar bolani tinchlantiruvchi vosita ruxsatsiz qo‘llanilsa, ular jinoiy javobgarlikka tortilishini aytgan. Hodisa yuz bergan kuni esa shifoxonada kerakli dori mavjud bo‘lsa ham, litsenziya muammosi sabab uni ishlatishga hech kim jur’at qilmagani vaj keltirilgan.
Videolarda aytilgan yana bir jiddiy holat: tibbiyot birlashmasining moliyaviy faoliyatiga cheklov qo‘yilgani haqidagi ma’lumotlardir. Fuqarolik sudlari orqali undirilishi lozim bo‘lgan qarzlar sabab Majburiy ijro byurosi tomonidan hisob raqamlariga ta’qiq qo‘yilgani aytilmoqda.
Bundan tashqari, videotasvirda yangi shifoxona binosi obyekti uchun 66 milliard so‘m ajratilgani, ammo, hujjatlar to‘liq rasmiylashtirilmaganini iddao qilingan.
Bo‘lim katta hamshirasi Dilsora Tursunovaning aytishicha, og‘ir ahvolda tug‘ilgan chaqaloqlar 3–5 ball (tiriklik sindromi) bilan tug‘ilgan taqdirda ham o‘z vaqtida to‘g‘ri reanimatsiya va psixotrop terapiya orqali saqlab qolinishi mumkin bo‘lgan.
Videotasvirdagi ayanchli holatlar hech kimni e’tiborsiz qoldirmaydi. Shunga qaramasdan, biz masalaga oydinlik kiritish maqsadida Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limida chaqaloq o‘limi bilan bog‘liq holat yuzasidan Buxoro viloyat Sog‘likni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Sanjar Rabiyev bilan bog‘landik. Bosh mutaxassis voqeaga o‘z munosabatini bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, homilador ayol Iroda Iskandarova tug‘ruq bo‘limiga joriy yilning 24 may kuni yolg‘on tug‘ruq faoliyati bilan kelgan. Kechki soat 20:00 da tug‘ruq faoliyati faollashgan. Ayol partogramma asosida konservativ tug‘ruqqa qo‘yilgan. Tug‘ruq ona chanog‘iga homila boshi nomutanosibligi bilan asoratlangan. Operativ tug‘ruqqa olingan. Chaqaloq 4,500 grda Apgar shkalasi bo‘yicha 3-5 ballga baholangan.
— Chaqaloq akusher genekolog vrach Gavhar Abdug‘afforova hamda neonatolog Xadicha To‘xtayeva tomonidan dunyoga keltirilgan. U og‘ir ahvolda bo‘lgan. Chaqaloqqa tug‘ilgan zahoti birlamchi reanimatsion choralar ko‘rsatilgan. Dinamikada qonda leykotsitoz oshib borgan (infeksiya belgisi), nafas yetishmovchiligi kuchayib borgan. Ikki bor sanaviatsiya xizmati bo‘yicha viloyatdan bosh mutaxassislar neonatolog va reanematologlar tomonidan ko‘rilgan. Shunga qaramasdan, chaqaloqning umumiy ahvoli og‘irlashib, kislorodga bo‘lgan ehtiyoji oshib borib, biologik o‘lim yuzaga kelgan. Chaqaloqda qondagi letskotsitlar soni normada 5-6 ming bo‘lishi kerak, unda esa soat sayin 32 mingdan 64 minggacha ko‘tarilgani tibbiy kartasida qayd qilingan,—deydi Sanjar Rabiyev.
Biz bilan suhbatda bo‘lgan Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ul xodimi Feruz To‘layev esa chaqaloqning kasallik tarixi o‘rganilganda, unda psixotrop va narkotik vositalar qo‘llashga ehtiyoj bo‘lmaganini vaj keltirmoqda. Uning aytishicha, homila o‘limiga sabab bo‘lgan holat, taxminan, onadagi gestatsion qandli diabet, homila ichi infeksiyasi. Yanada aniqrog‘i, diagnozni patologo-anatomik tekshiruv xulosasiga ko‘ra, ma’lum bo‘ladi.
—To‘g‘ri, videotasvirdagi holat kuzatuvchida birlamchi xulosani keltirib chiqaradi: ya’ni, go‘yoki, chaqaloqni saqlab qolish uchun ayrim sabablarga ko‘ra, zarur dori vositasidan foydalanilmagan. Yo‘q, aslida, bunday emas. Bo‘lim katta hamshirasi bolaning umumiy ahvolini, og‘irlik darajasini davolovchi shifokor darajasida baholay olmaydi. Vaholanki, chaqaloqning biologik o‘lim holatini tahlil qilish tajribali shifokorlar hamda tibbiy ekspertlar tomonidan amalga oshiriladi. Bo‘lim bosh hamshirasi esa kasallik holatini tahlillar orqali bilmay turib, uni keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqda,—dedi bosh shifokor Aziz Nosirov.
Jurnalist: E’tibor qilgan bo‘lsangiz, videodagi tasvirlardan birida agar bolani tinchlantiruvchi vosita ruxsatsiz qo‘llanilsa, ular jinoiy javobgarlikka tortilishini ham aytib o‘tgan. Siz bevosita ularning ham munosabatlarini inkor etayapsiz…
— Aslida, bu holatni hamshiraning xulosasiga tayanib o‘rganishni to‘g‘ri, deb o‘ylamayman. To‘g‘ri, tibbiyot birlashmasining qaysidir taraf moliyaviy faoliyatiga cheklov qo‘yilgani, bor gap. Ammo, ta’qiq dori-darmonga qo‘yilmagan: shuningdek, oylik ish haqlari ham tenglashtirilgan darajada. Ya’ni, oylik va dori-darmonga ta’qiq qo‘yilmagan. Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, videotasvirdagi siz aytayotgan bu holatda ham chaqaloq ahvoli noto‘g‘ri baholangan. Va aynan, shifokor Homid Soliyev tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingan. Bundan tashqari, bevosita bemorning kasallik tarixida tutqanoq sindromlarining qayd etilmagani shifokorning munosabati noto‘g‘ri ekanini isbotlaydi. Litsenziyaning esa o‘ziga yarasha kech qolishi sabablari bor,—dedi Feruz To‘layev.
Feruz To‘layevning ta’kidlashicha, bemorga sog‘likni saqlash vazirligining tegishli buyruq va standartlari asosida tibbiy xizmat ko‘rsatilgan.
Suhbatdoshlarga ko‘ra, holatni o‘rganish uchun Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga aloqador bo‘lmagan mustaqil mutaxassislar (neoreanematologlar tomonidan ko‘rsatilgan sanaviatsiya xizmati) jalb qilingan. Ekspertlar keltirilib, chaqaloqning ahvoli va ko‘rsatilgan tibbiy yordam qayta tahlil qilingan.
Mas’ul xodim videoda bayon etilgan «psixotrop dori bo‘lmagani uchun chaqaloq vafot etdi» degan iddaolari to‘liq tasdig‘ini topmaganini bildirdi.
— Bolaga, umuman, psixotrop kerak bo‘lmagan, og‘riqsizlantirish ham talab etilmagan, — dedi u.
Bosh shifokor Aziz Nosirovning ta’kidlashicha, bu xulosalar ekspertlar fikri va tibbiy hujjatlar bilan asoslangan.
Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va ekspertlar fikricha, chaqaloqqa psixotrop dori qo‘llashga ehtiyoj bo‘lmagan. Ular o‘lim sababini ehtimoliy gestatsion qandli diabet va homila ichi infeksiyasi bilan izohlamoqda.
***
Shu tariqa, Shofirkondagi chaqaloq o‘limi bo‘yicha ikki xil qarash yuzaga kelmoqda: biri – litsenziya va dori muammosi hal qiluvchi omil bo‘lganini aytsa, ikkinchisi – bolaning tug‘ma og‘ir ahvolda tug‘ilganini sabab sifatida ko‘rsatmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Shofirkon tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda. Bu haqda «Xabar.uz»ga prokuratura axborot xizmati Dilshod Safarov ma’lum qildi.
Mavzuga qaytamiz.
Jamiyat
Ichki ishlar vazirligi mahkumlarni ko‘chirish tartibini o‘zgartirmoqchi
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mahkumlarni jazoni ijro etish muassasalariga jo‘natish va ularni bir muassasadan boshqasiga ko‘chirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartishlar loyihasini ishlab chiqdi. Loyihada mahkumlarni ko‘chirish bo‘yicha qaror qabul qilish mexanizmini aniqlashtirish hamda mahkumlar bilan muloqot qilishning zamonaviy shakllarini joriy etish nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, mahkumlarni ko‘chirish uchun asos bo‘lgan materiallar Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti (JIED) tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha tegishli xulosa tayyorlanib, u JIED boshlig‘i yoki uning birinchi o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
Shuningdek, mahkumni bir muassasadan boshqa shu turdagi muassasaga ko‘chirish JIED Maxsus hisob boshqarmasi tayyorlagan taqsimot asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bunda asos sifatida JIED rahbariyati tasdiqlagan xulosa yoki sud qarori xizmat qiladi.
Loyihada mahkumlar bilan aloqa qilish tartibiga ham o‘zgartish kiritilmoqda. Xususan, amaldagi “telefon orqali” muloqot qilish tartibi “masofaviy video-uchrashuv yoki telefon orqali” shakliga o‘zgartirilishi taklif etilgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgartishlar jazoni ijro etish tizimidagi jarayonlarni yanada shaffoflashtirish, qaror qabul qilish tartibini aniqlashtirish va mahkumlarning yaqinlari bilan muloqot imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
-
Mahalliy3 days agoSizni maktabda aldashgan! So‘nggi qo‘ng‘iroq haqida siz bilmagan haqiqat
-
Jamiyat4 days agoToshkentda Tesla’ni yuqori tezlikda boshqargan haydovchiga chora ko‘rildi
-
Sport3 days agoO‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatida ishtirok etuvchi tarkibi e’lon qilindi
-
Dunyodan4 days agoPrezident Trampning Gʻazo boʻyicha 15 banddan iborat rejasi eʼlon qilindi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda har 100 ta uyga nechta kompyuter to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi
-
Mahalliy5 days ago
Prezident davlat boshqaruvidagi eng yaxshi kadrlarni e’tirof etdi
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp Si Szinpin va Putinning uchrashuviga munosabat bildirdi
-
Dunyodan3 days agoFarzandingizga to’g’ri javobni aytmang…
