Iqtisodiyot
Prezident Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish bo‘yicha qaror imzoladi
“Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2026 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kelgusi yillar uchun mo‘ljallangan dasturlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–70-son, 21.02.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
2026 yil yakuniga qadar:
yalpi hududiy mahsulot hajmini 8,1 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 8 foizga oshirish;
ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambag‘allik darajasini 3,2 foizgacha pasaytirish, Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish;
2030 yilga qadar:
yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,4 trln so‘mga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini 28,9 trln so‘mga yetkazish hamda sanoat va xizmatlar sohasida jami 7,2 mlrd AQSh dollari ekvivalentidagi loyihalarni amalga oshirish;
eksport hajmini 900 mln AQSh dollariga yetkazish.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Ekologiya va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi tugatiladi.
Vazirlar Kengashi Raisining yaylovlardan samarali foydalanishni tashkil etish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va chorvachilikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritiladi.
Urbanizatsiya jarayonlari jadallashtiriladi
Qarorga ko‘ra, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Beruniy, Bo‘zatov va Qonliko‘l tumanlarida chorva ozuqasini yetishtirish, saqlash, qadoqlash quvvatlarini ishga tushirish va aholiga yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yil yakuniga qadar Beruniy tumanida yillik quvvati 36 ming tonna bo‘lgan chorva va baliq ozuqasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zamonaviy Agromajmua loyihasi ishga tushiriladi.
2026 – 2028 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 10 ming gektar yer maydonlarida chorva ozuqasi yetishtirish choralari ko‘riladi.
Nukus shahrida tirbandliklarni kamaytirish maqsadida Nukus shahri va Taxiatosh tumanini bog‘lovchi 2,2 km avtomobil yo‘li, 1 ta ko‘prik hamda “D 234 (4R176)” Nukus – Chimboy – Taxtako‘pir avtomobil yo‘lining 4 km qismida yangidan yo‘l o‘tkazgich quriladi.
Amudaryo tumanida 6 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga 107,1 km ichimlik suv tarmog‘ini yangidan qurish, umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llarining 110,5 km qismini, 1 ta nasos stansiyasini hamda tuman markazidagi mavjud lokal oqova suv tozalash inshooti rekonstruksiya qilinadi.
Shumanay tumanida umumfoydalanishdagi “D 235 (4P177)” avtomobil yo‘lining 31 km qismi rekonstruksiya qilinadi.
Iqtisodiyot
Shvetsiya O‘zbekistondagi yirik loyihalarda ishtirok etishga qiziqish bildirdi
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari Shvetsiyaning Vious AB kompaniyasi menejeri Niklas Samuel Gunnarsson bilan onlayn muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda sanoat va infratuzilma yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
“Dunyo” AA xabar berishicha, joriy yilning 27 fevral kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shvetsiyalik hamkorlarga O‘zbekistonda “yashil energetika”, tog‘-kon sanoati va geologiya sohalarini rivojlantirish, shuningdek, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Muzokaralarda Shvetsiyaning ilg‘or tajribasi asosida sanoat obektlarini loyihalash, texnik audit va qurilish jarayonlarini samarali boshqarish masalalari asosiy mavzu bo‘ldi.
Muloqot yakunida Niklas Gunnarsson O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalarida Vious AB kompaniyasining ishtirok etish imkoniyatlarini yuqori baholadi. Tomonlar istiqbolli loyiha takliflari bo‘yicha ma’lumot almashish hamda kompaniya vakillarining 2026 yil iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirokini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Ma’lumot uchun, 2017 yilda tashkil etilgan Vious AB sanoat va infratuzilma loyihalari sohasida muhandislik-konsalting xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Kompaniya loyihalarni boshqarish, texnik qo‘llab-quvvatlash hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish yo‘nalishlarida Yevropa bozorida o‘z o‘rniga ega.
Iqtisodiyot
Qashqadaryo tadbirkorlari Polshada Savdo uyi ochishi mumkin
Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining Polshaga amaliy tashrifi doirasida Vrotslav shahrida o‘tkazilgan o‘zbek-polyak biznes-forumida voha tadbirkorlarining Polshada Savdo uyi ochishi mumkinligi ma’lum qilindi.
“Dunyo” AA xabar berishicha, forum davomida Polshaning Maxitrade Sp. z.o.o. kompaniyasi Qashqadaryo tadbirkorlari bilan hamkorlikda mamlakat hududida Savdo uyini tashkil etishga tayyorligini bildirdi. Mazkur tashabbus o‘zbek mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib chiqish va eksport hajmini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tashrif doirasida Qashqadaryo viloyati hokimligi va ishbilarmon doiralari vakillari Polshaning iqtisodiy jihatdan rivojlangan hududlaridan biri — Quyi Sileziya voyevodaligida muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda hududning energetika, kimyo sanoati, qurilish materiallari va to‘qimachilik sohalaridagi salohiyati taqdim etildi.
Shuningdek, EnHive kompaniyasi Qashqadaryo eksportchilariga Yevropa bozorlariga chiqishda amaliy ko‘mak berish istagini bildirdi.
Tashrifning amaliy natijasi sifatida, Qashqadaryoning Jaxs metal master MChJ va Polshaning Soda Pluss kompaniyalari o‘rtasida O‘zbekistonda gastronomiya jihozlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi. Polshalik mutaxassislar aprel–may oylarida loyihani yakuniy bosqichga olib chiqish maqsadida Qashqadaryoga tashrif buyuradi.
Tomonlar hududlararo hamkorlikni izchil davom ettirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Iqtisodiyot
2025 yilda “parkovka” xizmatlari narxi 15,5 foizga oshdi
2025 yilda O‘zbekistonda avtomobil to‘xtash joylari (“parkovka”) xizmatlari narxlari o‘rtacha 15,5 foizga qimmatlashdi. Shu bilan birga, avtoyuvish va texnik xizmat ko‘rsatish xizmatlarida ham barqaror o‘sish kuzatildi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil davomida transportga xizmat ko‘rsatish sohasida narxlar o‘sishi qayd etilgan. Xususan, avtomobil to‘xtash joylari xizmatlari narxlari o‘rtacha 15,5 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkich mazkur segmentda xarajatlar o‘sishi va xizmatlarga bo‘lgan talab yuqori saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, shaxsiy transport vositalarini yuvish bo‘yicha xizmatlar narxlari o‘rtacha 8 foizga qimmatlashgan. Texnik xizmat ko‘rsatish xizmatlari narxlari esa 7 foizga oshgani kuzatilgan.
Mutaxassislar fikricha, transport vositalari sonining ortishi, ehtiyot qismlar va materiallar narxining qimmatlashishi hamda xizmat ko‘rsatish xarajatlarining o‘sishi ushbu tendensiyaga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib, 2025 yilda transport sohasidagi xizmatlar segmentida barqaror narx o‘sishi saqlanib qolgan.
Iqtisodiyot
Andijon viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi hamda turizm sohasi vakillari ishtirokida Andijon viloyatiga amaliy tashrif amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbarining topshirig‘iga asosan amalga oshirilgan tashrif davomida hududning turizm salohiyatini yanada oshirish, yangi turizm yo‘nalishlari va zamonaviy lokatsiyalarni tashkil etish, shuningdek, mavjud infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Tashrif davomida Andijon viloyati hokimligi, tegishli vazirlik va idoralar hamda 80 dan ortiq tadbirkorlar, jumladan turoperatorlar, mehmonxona va restoran biznesi vakillari, transport xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalar, dam olish maskanlari rahbarlari hamda madaniy muassasalar vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Ochiq muloqot jarayonida Andijon viloyatida 2025 yilda amalga oshirilgan loyihalar va erishilgan natijalar taqdim etildi, shuningdek, 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar, jumladan, hududda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi turizm yo‘nalishlari va mahsulotlarini yaratish, xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini oshirish, shuningdek, sohadagi tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida Andijon viloyati bo‘yicha turizmni rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalarning manzilli rejalari shakllantirildi.
Iqtisodiyot
“Biz avariyani to‘xtatamiz” – Prezident Boysundagi gaz koni haqida
Boysundagi gaz koni avariyasiga yechim topilgan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Termiz – Istanbul, Termiz – Dubay yo‘nalishlarida yangi reyslar qo‘yilishi belgilandi.
Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo, Sherobod va Boysundan kuniga 100 ming odam viloyat markaziga yengil mashinada kelib-ketyapti. Surxondaryoga olib kelinayotgan 125 ta avtobusni birinchi navbatda ushbu yo‘nalishlarga qo‘yish topshirildi.
Yil oxirigacha Muzrabotdagi 56 ming aholiga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berish loyihasi yakuniga yetkaziladi.
Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Qiziriq va Boysun markazlariga kanalizatsiya olib borish loyihasi boshlanadi.
“Mustaqillikning 25 yilligi” yirik gazni qayta ishlash majmuasidagi texnologik murakkab masalaga hamkorlar bilan ilmiy yechim topilgani qayd etildi.
“Biz avariyani ham to‘xtatamiz, Surxondaryo iqtisodiyotiga katta turtki beradigan loyihani ham boshlaymiz”, – dedi Prezidentimiz.
-
Mahalliy5 days agoO‘zbekiston Jahon banki indeksida o‘z o‘rnini 43 pog‘onaga yaxshiladi
-
Siyosat3 days agoSaida Mirziyoyeva Toshkent transport tizimini modernizatsiya qilish boshlanganini maʼlum qildi
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekiston Afg‘onistonda temir va mis konlarini qidirishni boshladi
-
Siyosat4 days agoShavkat Mirziyoyev Surkandaryo harbiy qismining havo hujumidan mudofaa tizimini ko‘zdan kechirdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Wolt servisi O‘zbekistonda faoliyatini to‘xtatmoqda
-
Siyosat5 days agoToshkent viloyatida soliqdan ozod qilish uchun 110 ming dollar talab qilgan bank xodimi hibsga olindi
-
Siyosat5 days agoO‘zbekiston Afg‘onistondagi uchta neft va gaz konida geologik qidiruv ishlarini boshladi
-
Dunyodan4 days ago
Yun Seok-Yol umrbod qamoq jazosi ustidan shikoyat qiladi
