Jamiyat
Prezident O‘zbekistondagi yangi elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qildi
28-iyul kuni Ko‘ksaroy qarorgohida xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchilarining ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Italiya, Falastin, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Jazoir, Malayziya, Pokiston, Ozarbayjon va Qozog‘istonning favqulodda va muxtor elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi.
Davlat rahbari diplomatlarni Yangi O‘zbekistondagi faoliyati boshlangani bilan tabriklar ekan, bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda diplomatiyaning o‘rni va ahamiyati har qachongidan ham ortib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, har bir mamlakat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga alohida to‘xtaldi.
Jumladan, Italiya bilan «yashil» energetika, metallurgiya, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, ta’lim va turizm sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar yuqori baholandi. Shuningdek, Lombardiya va Toskana hududlari bilan hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Falastin elchisi bilan muloqotda O‘zbekiston Isroil–Falastin mojarosini «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyili asosida hal etish tarafdori ekani yana bir bor tasdiqlandi. Shuningdek, mamlakatimiz Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida G‘azoni qayta tiklashga ko‘maklashishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.
Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik namunaviy darajaga chiqqanligi, ikki davlat o‘rtasida umumiy qiymati 25 milliard dollarlik investitsiya loyihalari portfeli shakllangani qayd etildi. Tibbiyot, farmatsevtika va «yashil» energetika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Haj va Umra ziyoratlari uchun yaratilayotgan sharoitlar yuksak baholandi.
Kuvayt bilan investitsiya, infratuzilma, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, neft-kimyo tarmog‘i hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Jazoir bilan neft-gaz, energetika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida hamkorlikni kuchaytirish, Hukumatlararo qo‘shma komissiya tashkil etish hamda Imtiyozli savdo bitimini imzolash muhim vazifalar sifatida belgilandi.
Malayziya bilan yarim o‘tkazgichlar sanoati, neft-kimyo, islom moliyasi va ziyorat turizmi kabi istiqbolli sohalarda sheriklikni kengaytirish bo‘yicha katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Pokiston bilan strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, Toshkent–Karachi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarini rivojlantirish, Transafg‘on transport yo‘lagini amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasi, energetika, to‘qimachilik, farmatsevtika va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.
Ozarbayjon bilan munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga chiqqanligi, savdo aylanmasi 40 foizga oshgani, qo‘shma korxonalar soni qariyb 450 taga yetgani ma’lum qilindi. Tomonlar investitsiya portfelini yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Qozog‘iston bilan ham savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish, qiymati 8 milliard dollarlik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda «Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini to‘liq ishga tushirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Marosim yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan elchilarga diplomatik faoliyatida muvaffaqiyat tilab, ularni O‘zbekiston hududlari va xususiy sektor bilan faol ishlashga, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda bunyodkorlik jarayonlari bilan yaqindan tanishishga chaqirdi. Elchilar esa O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun bor imkoniyatlarini safarbar qilishlarini bildirdilar.