Jamiyat
prezident amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi
Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni Bekobod shahriga tashrifi chog‘ida yangi infratuzilma va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi. Prezident mahalla faollari bilan muloqotda amalga oshirilayotgan barcha ishlar aholi turmush sifatini yaxshilashga xizmat qilishi va odamlar islohotlar natijasini o‘z mahallasida his qilishi lozimligini qayd etdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni Toshkent viloyatining Bekobod shahriga tashrifi davomida “Xos yoz” kanali bo‘yi va Do‘stlik mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, hududni kompleks rivojlantirish bo‘yicha master-reja doirasida 3 kilometr uzunlikda maxsus piyodalar yo‘lagi va 5,4 kilometrlik mustahkam to‘siqlar qurildi, 2 ta ko‘prik qad rostladi. Shuningdek, loyiha natijasida sohil bo‘yida 27 ta yangi savdo va zamonaviy xizmat ko‘rsatish obekti tashkil etilib, 167 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratildi.
Davlat rahbari bu yerda sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.
Do‘stlik mahallasi hududi hozir 28 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 33 ta ko‘p qavatli uy, xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti, futbol maydoni, 16 ta sport va bolalar maydonchasi hamda kutubxona mavjud.
Ta’kidlanishicha, joriy yilda tadbirkorlar tomonidan 1,1 milliard so‘m investitsiya kiritilib, 10 ta xizmat ko‘rsatish obekti va 1 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi tashkil etildi. Natijada 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, tashabbuskorlar mablag‘lari hisobidan “Vatanparvar bog‘i” ham barpo qilindi. Unda harbiy texnika namunalari o‘rnatilib, xizmat ko‘rsatish obektlari qurildi.
“Tashabbusli budjet” mablag‘lari hisobidan mahalla hududida Bekobod shahri muzeyi tashkil etildi.
Mahallada keksalar va mehnat faxriylarining dam olishi, uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun yog‘och konstruksiyali yozgi shiypon qad rostladi.
Davlat rahbari mahalladagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mahalla faollari va mehnat faxriylari bilan samimiy muloqot qildi.
– Barcha amalga oshirayotgan ishlarimiz, barpo etilayotgan obektlarimiz va loyihalarimiz, avvalo, aholiga xizmat qilishi, insonlar hayotini yaxshilashi kerak. Odamlar o‘z mahallasida, shahrida kechayotgan o‘zgarishlarni his qilishi, ularning samarasini kundalik hayotida ko‘rishi kerak.
Har safar hududlarga kelganimizda insonlar Yangi O‘zbekiston islohotlarining nafasini, uning yangilanish va taraqqiyot shabodasini his etishi zarur. Bekobod shahri ham o‘zining mehnatkash va fidoyi aholisi, iqtidorli yoshlari, hayot tajribasiga ega nuroniylari bilan yanada obod va taraqqiy etgan maskanga aylanishi kerak.
Biz yoshlarimizning orzu intilishlari, nuroniylarimizning ezgu niyat va maqsadlari ro‘yobga chiqishi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz, – dedi prezident.
Shu bilan prezidentning Bekobodga safari yakunlandi va Toshkentga qaytdi.
Jamiyat
O‘zbekistonda gazetalar soni 15 yilda uch barobar kamaydi
2010 yilda mamlakatda jami 649 ta gazeta faoliyat yuritgan edi. 2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, ularning soni 219 tani tashkil qilmoqda.
O‘zbekistonda gazetalar soni yildan yilga kamayib bormoqda. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lumotlaridan oydinlashdi.
2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublikada 219 ta gazeta faoliyat yuritmoqda. Ularning yillik tiraji 30,2 million nusxani tashkil etyapti.
2010 yilda mamlakatda jami 649 ta gazeta faoliyat yuritgan edi. Demak, o‘tgan 15 yil davomida bosma ommaviy axborot vositalari soni deyarli uch baravarga kamaygan.
Jamiyat
«Qashqadaryo suv ta’minoti» mutaxassisi pora bilan ushlandi
Qashqadaryo viloyatida suvdan noqonuniy foydalanganlik holati bo‘yicha to‘plangan hujjatlarni sudga chiqarmaslikni va’da qilgan mutaxassis ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda «Qashqadaryo suv ta’minoti» AJ ichimlik suv tizimi nazorat bo‘limi mutaxassisi S.M. xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaro X.B.dan uning o‘g‘li N.B.ga nisbatan ichimlik suvidan noqonuniy foydalanganlik holati bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnomani sudga chiqarmaslik va qayta hisob-kitob qilib zararni yo‘q qilib berish evaziga 1,2 mln so‘m pullarni bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ushbu 1,2 mln so‘m pullarning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Kafedagi janjal o‘lim bilan tugadi. Aybdor bittami yo bir nechta?
23 yoshli Abdurasul Ahmadjonov asosiy ishidan qaytgach, kechki payt Farg‘ona shahridagi kafelardan birida ofitsiantlik qilayotgan edi. 12 aprel kuni 21:10 lar chamasi u va xo‘randa(lar) o‘rtasida janjal chiqadi, oqibatda ofitsiant reanimatsiyaga yotqizilib, keyinroq vafot etadi.
Marhumning onasi faqat bir kishi javobgarlikka tortilayotganidan shikoyat qilib, Kun.uz’ga murojaat qildi. U baquvvat farzandini bir necha kishi tepkilagan deb hisoblayapti. Ammo guvohlar buni rad etdi.
Shunisi ma’lumki, og‘zaki janjal asnosida Temur ismli yigit Abdurasulning jag‘iga musht tushirgan, u esa zarbdan yiqilgan (kafelga boshi bilan tushgani aytilyapti) va shifoxonaga olib borilib, uch marta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan. Ammo jarohat jiddiyligi sabab, 10 kun hushsiz yotgan bemor vafot etgan.
Marhum Abdurasul Ahmadjonov
Onasi Gulnoza Isomiddinovaning aytishicha, farzandi hushiga kelgan paytda imo-ishora bilan uni 5-6 kishi kaltaklaganini aytgan. Ona videokamera yozuvlaridan kelib chiqib, farzandi yiqilganidan keyin bir necha kishi uning boshiga, qorniga tepgan deb hisoblayapti va nafaqat asosiy ayblanuvchi (u hozirda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan), balki uning sheriklari ham javobgarlikka tortilishi kerakligini aytmoqda.
“O‘g‘lim unga musht tushirishganida betonga orqa miyasi bilan tushgan. Shunda ham yotgan joyida borib kaltaklashgan. Haqiqat qaror topishini xohlayman.
O‘g‘limni “gruppavoy” bo‘lib vahshiylarcha o‘ldirishdi. Eng alam qilgani, faqat bittasini aybdor qilishyapti. Qolganlar ham javob berishi kerak”, – deydi Gulnoza Isomiddinova.
Gulnoza Isomiddinova, marhumning onasi
Voqea guvohlaridan biri, kafeda ofitsiant bo‘lib ishovchi Samir Saidov biz bilan suhbatda marhum Abdurasul Ahmadjonov yuziga tushgan musht zarbidan yerga yiqilgani, shundan keyin uni hech kim qaytib kaltaklamaganini bildirdi.
“Abdurasul aka kafeda ofitsiant bo‘lib ishlardi. O‘sha kuni u kafega mijoz bo‘lib kelgan sinfdoshim bilan urishib ketdi. Keyin bir-birlarini chetga tortishayotganiga ko‘zim tushdi.
Temur degan bola Abdurasulning jag‘iga musht tushirdi. Abdurasul aka boshining orqasi bilan kafelga yiqildi. U yiqilganidan keyin boshqa hech kim qaytib urmadi. Keyin uni tez yordam mashinasi olib ketdi”, – deydi u.
Holat bo‘yicha Farg‘ona shahar IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bemor vafot etgandan keyin jinoyat ishi 104-moddaning 3-qismi “d” bandi bilan qayta malakalanib, Farg‘ona viloyati IIB tergov bo‘limiga o‘tkazilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlarni qo‘rqitib pul olgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida tadbirkorlarni Soliq ilovasi orqali shikoyat qilish bilan qo‘rqitib, ulardan pul talab qilib kelgan shaxslar fosh etildi. Ularga nisbatan tovlamachilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Beruniy tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarolar D.A. va A.Yu. ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, gumonlanuvchilar fuqaro M.X.ga tegishli U.Z. oilaviy korxonasi savdo do‘konida chek berilmaganligi yuzasidan Soliq mobil ilovasi orqali murojaat qilmaslik evaziga 3 million so‘m talab qilib, ushbu mablag‘ni olgan vaqtda qo‘lga olingan.
Tezkor tadbirlar davomida D.A.ning tumanda faoliyat yuritayotgan yana uch nafar tadbirkordan ham chek bermaganlik holatlari bo‘yicha Soliq ilovasiga murojaat qilmaslikni va’da qilib, turli miqdorda pullarni tovlamachilik yo‘li bilan olib kelgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Bo‘stonliqda Chirchiq daryosi o‘rtasida qolgan fuqaro qutqarildi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Chirchiq daryosi o‘rtasidagi orolchada qolib ketgan fuqaro Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmadi.
12 iyul kuni soat 17:09 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga Bo‘stonliq tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining o‘rtasidagi orolchada bir nafar fuqaro qolib ketgani va unga yordam zarurligi haqida xabar kelib tushdi. Murojaatni fuqaroning sheriklari 112 qisqa raqami orqali yo‘llagan.
Xabardan so‘ng FVV qutqaruvchilari maxsus texnika bilan zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, fuqaroni orolchadan xavfsiz tarzda evakuatsiya qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro Chirchiq daryosining o‘rtasida joylashgan orolchaga suzib o‘tgan. Biroq daryodagi kuchli oqim tufayli u sohilga mustaqil ravishda qayta olmagan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolarni dam olish vaqtida xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga, kuchli oqimli suv havzalariga tushmaslikka va xavfli vaziyat yuzaga kelganda zudlik bilan 112 yagona qutqaruv xizmatiga murojaat qilishga chaqirdi.
-
Dunyodan5 days ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
-
Jamiyat4 days agoSaida Mirziyoyeva yetakchi fransuz kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda pensiya oluvchilar 4,4 mln nafardan oshdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollarning bir necha kunlik ko‘tarilishi to‘xtadi
-
Iqtisodiyot4 days agoBYD O‘zbekistonda tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini quradi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston Quvaytga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qayta tikladi
-
Sport5 days agoAfsonalarning ko‘z yoshlari va Trampni troll qilgan Belgiya. JChda 1/8 finalning asosiy voqealari
-
Dunyodan4 days ago
Fransiya jangovar robot qo‘shinlarini sinovdan o‘tkazishni boshladi
